Afg’onistonlik jurnalistlar oilasi - Ramin va Nahid Askariylar Pokistondan panoh izlab kelgan edi. Pokiston hukumati hujjatsiz afg’onistonliklarni deport qilishni boshlaganidan buyon oilaning har kuni qo’rquv ichida kechmoqda.
Juftlik Islomobodga 2022-yilning fevralida kelgan, vizalarining muddati yetti oy avval tugagan, Pokiston viza uzaytirish so’rovini uch marta inkor qilgan.
Your browser doesn’t support HTML5
“Oilaviy vizamiz yo’q, qo’rquv ichida yashayapmiz. Farzandlarim ko’chada politsiyani ko’rsa, qo’rqib qochib keladi”, - deydi Ramin.
Jurnalist oilasi uy ichida ham xavfdan xoli emasligini aytadi.
“Politsiya reyd o’tkazadi. Ba’zan mahallaga politsiya kelsa, uch farzandim va erim bilan xiyobonga ketib, tun yarmida qaytib kelamiz”, - deydi Nahid Askariy.
Pokiston oktabr oyidan beri mamlakatda hujjatsiz yashayotgan 1,7 million afg’onistonliklardan 400 mingdan ziyodini deport qildi.
Hukumatning tushuntirishicha, bunday chora xavfsizlikni oshiradi, terakt sodir etayotgan afg’onistonliklar sonini qisqartiradi.
Huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar Tolibon zulmidan qochib kelganlar hayoti xavf ostida qolishidan xavotirda.
Askariylar oilasi ham vataniga qaytishni o’ta xavfli deb biladi.
“Deport qilinsak, o’lim bilan yuzlashamiz. Xalqaro hamjamiyatdan jurnalistlar, ayniqsa, ayollar faryodiga quloq tutishini so’rayman”, - deydi Nahid.
Afg’oniston jurnalistlarining uchdan ikki qismi ishidan ketgan.
Pokistondan panoh topgan 200 jurnalist xavfsiz mamlakatlarga ko’chish umidida.
Tolibon hokimiyatga kelganidan buyon yuzlab nashr va kanallar yopilgan. Minglab jurnalist xorijga chiqib ketgan.
“Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti hisobiga ko’ra, Pokistonda 200 afg’onistonlik jurnalist uchinchi mamlakatlardan panoh izlamoqda.
Askariy jurnalistlarga e’tibor yo’qligini aytadi.
“Pokistonda afg’on jurnalistlari bir necha bor namoyishlar uyushtirib xalqaro hamjamiyatga o’z farydoni yetkazdi. Afsuski, hech bir mamlakatdan sado chiqmadi”, - deydi u.
Nahid Askariy kelajagi kafolatlanmagan holatda yashash og’irligini aytadi. Oila boshpana berajak uchinchi mamlakatda farzandlari tinch yashab, maktab ta’limini olishini istaydi.