Bugun Toshkentda yoshlar bilan uchrashuvda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbaeva o'tgan hafta Rossiyada siyosatchi va harbiy Zaxar Prilepin O‘zbekistonni "qo‘shib olish kerak" degan chaqirig'iga nisbatan javob qildi.
“Mana ko‘ryapsizlar, internetda “O‘zbekistonni u qilamiz, bu qilamiz”, degan qandaydir chiqishlar bo‘lib ketdi, to‘g‘rimi? O‘zbekiston hech qachon hech kimga mustamlaka bo‘lmaydi bundan keyin ... Sizlar buni bilasizlar, bu narsani sizlarga targ‘ibot qilishim kerak emas. Hammangizning yuragingizda shu bor”, – dedi Narbaeva.
Arbob jadidlardan ilhomlanish zarurligi, bilib olib, hunarli bo'lish bilan yangi avlod O'zbekiston mustaqilligini mustahkamlaydi, degan mazmunda so'zlagan.
Prilepinning so'zlaridan chuqur xavotirlanganini bayon qilgan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Toshkentdagi elchisi Oleg Malginovni huzuriga chaqirib, bunday chiqishlar o'zaro aloqalarga darz tushirishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga ko'ra, Prilepinning gaplari - uning shaxsiy fikri, davlat siyosatini aks ettirmaydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bu hafta Toshkentda majlis o'tkazib, ma'rifat va madaniyat masalalarini muhokama qilar ekan, jumladan shunday dedi:
“Ilgari o'z maqsad va manfaatlarini asosan diplomatiya va siyosat bilan himoya qilib kelgan dunyodagi qudratli markazlar endi ochiqchasiga bosim o'tkazish, qarama-qarshilik va to'qnashuvlar yo'liga o'tganiga hammamiz guvohmiz.
Afsuski, bunday keng ko'lamli va o'ta ziddiyatli jarayonlarning ta'siri Markaziy Osiyo mintaqasi va uning tarkibiy qismi bo‘lgan mamlakatimizni ham chetlab o‘tmayapti.
Ana shunday g‘oyat murakkab va tahlikali vaziyatda O‘zbekistonning milliy manfaatlariga javob beradigan to‘g‘ri yo‘lni topish albatta oson bo'lmayapti.
Biz dunyodagi uzoq-yaqin barcha davlatlar bilan o'zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishga harakat qilayapmiz”.