Zelenskiy: Ukraina 2024-yilda qurol ishlab chiqarishni oshiradi

  • Amerika Ovozi

Avdiivka - ayni damda Ukraina-Rossiya urushi fronti, 29-dekabr, 2023

Ukraina rahbari yangi yil oldidan xalqiga murojaat qilar ekan, qurol ishlab chiqarishni oshirishini bayon etdi.

"Hamkorlarimiz bilan Ukrainaning har bir askariga va davlatimizga nima zarurligiga qarab, ish ko'rayapmiz", - deydi Volodimir Zelenskiy.

31-dekabr kuni Ukraina kuchlari Rossiya otgan 49 dronning 21 tasini urib tushirgan. Xarkovda dron hujumlaridan 30-dekabr kuni kamida 21 kishi jarohatlangan.

Ukraina esa o'sha kuni Belgorodga dron otgan. Belgorod - Ukraina-Rossiya chegarasidagi shahar.

"Xarkovda harbiy inshootlar yo'q. Kafelar, uy-joy va idoralarga to'lamiz", - deydi shahar meri Ihor Terexov.

"Yangi yil oldidan Rossiya bizni vayron qilmoqchi bo'ldi, ammo biz undan qo'rqmaymiz".

Rossiya dronlaridan zarar ko'rgan mehmonxona, Xarkov, 31-dekabr, 2023

Rossiya Murdofaa vazirligiga ko'ra, Belgorodda 21 kishi o'ldirilgan, jumladan uch bola. Moskva BMT Inson huquqlari kengashida favqulodda majlis o'tkazishni talab qilib, Ukrainani tinch aholiga xurujlarda ayblamoqda.

Kengash yangi yil oldidan uchrashganida aksariyat a'zolari Ukraina tarafini olgan. Rossiya g'arbida o'tgan may oyidan beri dron hujumlari tez-tez ro'y beradi, lekin Ukraina bu uning ishi ekanini tan olmaydi.

Kremlga ko'ra, bu harakatlarning har biri terrorizmdir. Kiyev lom-mim demaydi. Belgorodda harbiy inshootlar borligi ma'lum va ayrim manbalar qayd etishicha, Ukraina ularni nishonga olayotgan bo'lishi mumkin, Rossiya hamlalariga javob sifatida.

30-dekabr kungi bayonotda Rossiya Ukrainaning 32 dronini urib tushirganini ma'lum qilgan - Moskva, Bryansk, Oryol va Kursk regionlarida.

29-dekabr kuni Rossiya keng miqyosli havo amaliyotlarini boshlagan. Kamida 41 ukrainalik o'lgan, 160 nafari jarohatlangan. Hozirgacha 158 raketa va dron otilgan.

Ukraina hukumati urush kengayganini bildirmoqda. Uning qayd etishicha, Rossiya Xerson, Xmelnitskiy va boshqa qator regionlarda Eronning "Shahid" rusumidagi dronlarni qo'llamoqda.

Rossiyaning Ukraina bilan chegaradosh Belgorod shahri, 30-dekabr, 2023

Zelenskiy deydiki, Ukraina hayot-mamot uchun kurashmoqda.

"Rossiya terroristlariga qarshi munosib javob beramiz. Xalqimiz hech kimga bosh egmaydi", - deydi u.

Ukrainaga yordam berayotgan Britaniya Mudofaa vazirligi hisobicha, Rossiya tomondan o'lganlar va yaralanganlar o'tgan bir yil ichida deyarli 300 foizga oshgan.

Bu ketishda, deya taxmin qiladi vazirlik, 2025-yilgacha, ya'ni kelasi bir yil ichida askarlar orasidagi talafotlar sonining o'zi yarim milliondan oshishi mumkin.

Qiyos uchun - Sovet ittifoqining Afg'onistondagi urushida 70 ming harbiy halok bo'lgan.