Ukrainada o’tgan bir yil davomida na Rossiya va na Ukraina tomoni g'alaba qozondi; front chizig'ida deyarli siljish kuzatilmagan. Kiyev va uning G‘arbdagi tarafdorlari orasida urushdan toliqish kuzatilayotgan bir paytda tahlilchilar kelgusi yilda ham vayronagarchiliklar davom etishini bashorat qilmoqda.
Ukrainalik askarlarning o’tgan yili yozda g‘alaba qozonishdan umidlari katta edi. Ular Moskva ixtiyorida bo’lgan barcha Ukraina hududlarini qaytarib olishni ko’zlayotgan edi.
Ukrainaning qarshi hujum kuchlari g'alaba uchun astoydil kurash olib bordi, ammo tez orada charchoq ko’zga tashlanib, g'alabaga bo'lgan umid pasaydi.
“Hududlarimizni qaytarib, ruslarni haydab, yerlarimizni olsak, bayram qilamiz. Afsuski, hamma ham bayram qilish uchun tirik emas. Lekin biz g'alaba qozonamiz. Biz shu g’oya bilan yashaymiz”, - deydi ukrainalik askar Mikola.
Buni ham ko'ring Zelenskiy: Ukraina 2024-yilda qurol ishlab chiqarishni oshiradiShuningdek, xalqaro hamjamiyatning Ukrainaga yordami ham sustlashayotgandek. Qo'shma Shtatlar ham, Yevropa Ittifoqi ham urush charchoqlari va boshqa siyosiy kelishmovchiliklar tufayli Ukrainaga o'nlab milliard dollarlik harbiy yordamni to’xtatib turibdi.
Ukrainaning front chizig'idan uzoqda joylashgan shaharlarida har kuni havo hujumi sirenalari eshitiladi; tinch aholi yashovchi hududlarga bombalar tez-tez kelib tushmoqda.
Urush boshlanganda millionlab odamlar, asosan ayollar va bolalar mamlakatni tark etdi. Erkaklarda esa urushga otlanishdan boshqa chora qolmadi. Deyarli ikki yildan beri ko’rishmagan oilalar bor.
“Men xotinim yoki qizimni boshqa ko'rmasligimni angladim. Yo bu yerga ruslar keladi, yoki meni istalgan vaqtda frontga chaqirishlari mumkin”, - deydi Oleg ismli kiyevlik.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga harbiy yordamning kechikishidan ruhlangandek tuyuldi, lekin uning kuchlari 2023-yilda ham sezilarli yutuqlarga erisha olmadi. Rossiya, Ukraina kabi, katta miqdorda askarlar va qurollarini boy bermoqda.
Buni ham ko'ring Ukrainada biznesmenlar urush talabiga mos mahsulotlar ishlab chiqarmoqdaAyrim tahlilchilarga ko‘ra, yirik davlat sifatida Rossiya uzoq muddatli mojaroga tayyor. Hozirgi sharoitda hech bir tomon tinchlik muzokaralariga rozi emas.
Ayni paytda har ikki tomondan oilalar halok bo‘lganlar uchun qayg‘urib, bedarak yo‘qolganlarning qaytishini so‘rab iltijo qilmoqda.
“Erimga yozish yoki qo'ng'iroq qilishga ruxsat berishmadi. Faqat bir marta xat yozishga muvaffaq bo'ldi. Xat undan ekanini tushundim, chunki biz harbiylarning ayollari sifatida o’zaro shifrlangan so’z ishlatamiz”, - deydi u.
Ukrainaliklar uchun 2024-yil mavhumlik bilan boshlanmoqda, chunki ularning kelajagi muhim harbiy yordam yetkazilishiga bog’liq. Ayrim tahlilchilarning aytishicha, urush tez orada tugamasa-da, kelasi yil uning taqdirini hal qiluvchi ahamiyatga ega bo'lishi mumkin.