Amerikaliklar: Iqtisodiy ravnaq - xalq yutug'i, Oq uyning emas

  • Amerika Ovozi

Ekspertlarga ko'ra, Prezident Jo Bayden va undan oldingi rahbar Donald Tramp pandemiyadan charchagan Amerika iqtisodini tiklash uchun qattiq ishladi

2023-yil AQShda iqtisodiy jihatdan mustahkamlanish davri bo'ldi. O'sish yuqori, ishsizlik ko'lami oz, inflyatsiya pasaya boshlagan.

“Tizim, umuman olganda, yaxshi ishlayapti. Yalpi ichki mahsulot oshgan. Inqirozda emasmiz, - deydi ekspert Seljuk Eren. - Ishsizlik 4 foizdan pastda. Ikki yildirki, oshmadi. Bu ham rekord".

Biroq yil oxirida olib borilgan ommaviy so'rovlarda 68 foiz amerikaliklar iqtisod yanayam kuchayishi zarur, deb aytgan. 19 foizi esa vaziyatni a'lo deb ta'riflagan.

“Odamlar iqtisodga o'z tirikchiligidan kelib chiqib, baho beradi. Cho'ntagida qancha puli bor, osh-ovqatga yetayaptimi, turar joyidan rozimi? Inflyatsiya pasaysa-da, hamon yuqori ekani ko'plar uchun og'ir masala", - deydi Eren.

"Whole Foods" do'koni, Nyu-York

Shu oydagi ommaviy so'rovlarda aksariyat respublikachilar iqtisodiy ahvolni qoniqarsiz deb hisoblashini aytgan.

Demokratlarning 49 foizi, biror partiyaga kirmaydiganlarning 74 foizi ham shunday fikrda.

Umuman olganda esa respondentlarning 31 foizi Prezident Jo Bayden iqtisodni yaxshi eplayapti, degan. 56 foizi nazarida esa yo'q.

Michigan universitetidan Jastin Volfers deydiki, so'rovlar har doim ham haqiqatni aks ettirmaydi. Odamlar bir tomondan vaziyat yaxshilangan desa, ikkinchi tomondan bu yetmaydi, deb turibdi.

“Haqiqatni bilish uchun odamlar qancha pul sarflayotganini tahlil qilish kerak. Amerikaliklar sezilarli darajada ko'p xarajat qilmoqda. Demak, puli bor va ertangi unga ishonadi. Ertaga inqiroz bo'ladi deb xavotirlanganida mablag'ini ayar edi, saqlar edi", - deydi Volfers.

Kim Oq uyda o'tirgani muhim omil, deydi mutaxassis. Partiyalarning sodiq a'zolari qarshi tarafning odami prezident sifatida qanchalik qattiq ishlamasin, baribir e'tirof etmaydi, deydi u.

“Prezidentga nisbatan hissiyotini odamlar iqtisodiy vaziyatga nisbatan munosabati bilan adashtiradi", - deydi Greg Ip, "The Wall Street Journal" gazetasi sharhlovchisi.

"Best Buy" do'koni, Shimoliy Karolina shtati

“Yirik sarmoyadorlar, bizneslarning rahbarlari bugungi iqtisodiy yutuqlarni Baydenning muvaffaqiyati deb bilmaydi", - deydi Sara Ayzen, CNBC telekanali jurnalisti.

“Xususiy sektor yetakchilari nazarida Bayden soliqni oshirish payida, yonilg'i ishlab chiqaruvchilarga qarshi va prezident qilayotgan ishlar iqtisod uchun zarar".

Seljuk Erenga ko'ra esa Bayden ham, undan oldingi rahbar Donald Tramp ham pandemiyadan keyin iqtisodni oyoqqa turg'azish uchun katta qadamlar tashlagan.

2022-yilda Bayden ko'rgan choralar byudjetdagi kamomadni ozaytirgan. Pandemiya davridagi misli ko'rilmagan xarajatlarga qaramay tizim o'zini tikladi va o'sdi.

“Ishsizlik ko'lami kengaymadi, aksincha toraydi. Boy berilgan o'rinlar qayta paydo bo'ldi. Oxirgi ikki prezident bu sohada ancha ijobiy ishlar qildi", - deydi ekspert.

"Mobil" yonilg'i shoxobchasi, Nyu-York

Xalq kayfiyati ko'tarilmayotganining yana bir sababi, deya mulohaza yuritadi Eren, millionlab amerikaliklar pandemiya paytida ham yomon yashamagani, ularga katta imtiyozlar taklif qilingani, ishlamasa ham davlatdan mo'may yordam olgani.

“Deyarli to'rt yil hech kim ta'lim uchun olgan qarzini to'lamadi. Hozir ularni to'lay boshlashdi. Bu odamlarga yoqmaydi. Hukumat e'lon qilgan tanaffus tugadi. Yordam hammaga yoqadi. To'xtashi esa odamlar zimmasiga ko'proq mas'uliyat yuklaydi", - deydi Eren.

Inflyatsiya ayni damda 3 foiz va bu - oxirgi uch yildagi eng past ko'rsatkich. Yanvar oyidagi tadqiqotlar natijasiga ko'ra, xaridorning o'ziga ishonchi baland. Pandemiyadan keyingi eng yuqori darajada.