4-aprel kuni NATOning 75 yilligi nishonlandi. Bryusselda o’tgan yubiley sammiti jiddiy masala muhokamasi bilan qorishib ketdi.
NATOning Ukrainaga yordamiga qaramay, Rossiya jang maydonida ustunlikka erishgan, shaharlarga raketa va dronlar yog’dirmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Kuni kecha Xarkovga uyushtirilgan hujumda to’rt kishi halok bo’ldi, o’nlab odam yaralandi. Alyans uchrashuvini yakunlar ekan, NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg tomonlarni faol bo’lishga undadi.
“Jang maydonlarida vaziyat jiddiy. Ukrainaga havo mudofassi tizimlari, o’q-dori va ko’proq yordam kerak. Ittifoqchilar o’z zaxirasini ko’zdan kechirib, Ukrainaga havo mudofaasi tizimlari, xususan, “Patriot”larni yetkazish ehtimolini baholaydi”, - dedi u.
Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba NATO mamlakatlaridan AQShda ishlab chiqarilgan “Patriot” tizimlarini yetkazishni so’radi.
“Ukrainaliklar hayoti, mamlakat iqtisodi, shaharlari himoyasi “Patriot” va boshqa mudofaa tizimlariga bog’liq. “Patriot”lar diqat markazida, chunki faqat ular ballistik raketalarni urib tushirishga qodir. Mart oyining o’zida Ukrainaga 94 ta ballistik raketa uloqtirildi”, - dedi diplomat.
AQSh Kongressi Ukrainaga 60 milliard dollarlik harbiy yordam paketini hanuz ma’qullamagan. Bryusseldan so’zlar ekan, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Kongressni qonun loyihasini qabul qilishga chaqirdi.
“Ehtiyojlar havo mudofaasi tizimlari, artilleriya va o’q-dorilar. Umid qilamanki, barcha, xususan, AQSh ham faollikni ikki karra oshiradi, Ukrainaga zarur resurslarni topish harakatini ikki karra jadallashtiradi”, - dedi AQSh bosh diplomati.
Ukraina havo mudofaasi tizimlari yetarli emas, deydi ekspert Liana Fiks.
“Mudofaa tizimlari Ukrainaning ayrim strategik infrastrukturalari va poytaxt Kiyevni himoyalamoqda. Rossiya so’nggi haftalarda Ukrainaning energetika inshootlariga zarba berishni jadallashtirgan. Shuning uchun ham, Ukrainaga qo’shimcha himoya va “Patriot”lar kerak”, - deydi u.
NATO bosh kotibi Ukrainaga harbiy yordam uchun besh yilga mo’ljallangan 107 milliard dollarlik fond tuzish tashabbusi bilan chiqqan. Alyansning iyul oyida o’tajak Vashington sammitida kelishuvga erishilishi mumkin. Biroq Bryusselda bu borada bir to’xtamga kelinmadi.
“Yevropaliklar yakka AQSh yo’llaydigan yirik moliyaviy va harbiy yordam o’rnini qoplay olmayapti”, - deydi Fiks
4-oktyabr kuni Kreml NATO va Rossiya munosabatlari to’g’ridan-to’g’ri ixtilofga aylanganiga doir bayonotini e’lon qildi.