Kaliforniya universiteti tadqiqotchisi silni aniqlashning arzon usulini topdi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ma'lumotiga ko'ra, 2022-yilda sil kasalligidan 1,3 million kishi vafot etgan. Agar o'z vaqtida tashxis qo'yilsa, bu kasallikdan to’liq tuzalish mumkin. Los-Anjelesdagi Kaliforniya universitetidan molekulyar biomuhandis Mireil Kamariza bakteriyalarni tez, aniq va arzon aniqlay oladigan test ishlab chiqdi.

Burundida tug’ilib oʻsgan Mireil Kamariza to’liq tuzalish mumkin bo’lgan oʻpka kasalligidan halok bo’lgan insonlarni ko’rgan. Bolalikdan qolgan bu tajriba uni olim bo‘lishga undadi.

"Bu mening yuqumli kasalliklarni o'rganish, diagnostika qilish, vatanim Burundi kabi joylarda amalga oshirish mumkin bo'lgan ishim uchun asosiy turtki bo'ldi. Umid qilamanki, bu kasallikni rivojlangan davlatlarda bo’lgani kabi yo’q qila olamiz”, - deydi u.

Kamariza hozir Los-Anjelesdagi Kaliforniya universitetida molekulyar biomuhandis.

U dunyo bo'ylab yiliga milliondan ortiq odamni o'ldiradigan sil kasalligini aniqlash uchun oddiy, ammo samarali testni o'ylab topdi. Suv va bemorning balg'ami yoki qoni bilan aralashtirilgan shakarli kukun bir necha soat ichida sil bakteriyalarini aniqlaydi.

Buni ham ko'ring COVID-19 pandemiyasi silga qarshi kurashga pand berdi

"Loyiha asosida bakteriyalar yaxshi ko'radigan narsa turadi; bu shakar. Keyin unga biosensor qo’yib tekshiramiz. Bu bakteriyani aniqlashda juda yaxshi samara berdi”, - deydi olima.

Mavjud testlarning kamchiliklari bor. Ularni o’tkazish haftalab vaqt olishi mumkin; ba’zan noto’g’ri ko’rsatadi yoki qimmat, deydi professor Treysi Jonson.

"Kamariza bo'yoqni yanada aniqroq va tiniqroq qilishga e'tibor qaratgan; toki Uganda kabi davlatlardagi dala klinikalarida mavjud oddiy mikroskoplar ham sil kasalligini aniqlay olsin. Bu haqiqatan ham jiddiy yangilik bo’ladi", - deydi tadqiqotchi.

Kamarizaning aytishicha, uning testi bakteriyalarning tirik yoki o'likligini ko'rsatadi; bu esa uning yuqumli yoki yo'qligini, davo qanchalik samara berayotganini aniqlashga yordam beradi.

U, shuningdek, arzon.

“Kukunni tayyorlash juda kamxarj. Ayniqsa, katta miqdorda tayyorlasangiz. Bitta test bir dollardan kamga tushadi", - deydi Kamariza.

Buni ham ko'ring AQSh O'zbekistonda silga qarshi kurashni quvvatlamoqda

Ammo birinchi navbatda u amalda qanchalik samarali ishlashini tekshirish uchun Ugandada klinik sinovdan o'tishi kerak.

Sinov muvaffaqiyatli kechsa, deydi Kamariza, uni nafaqat dunyoning qashshoq mamlakatlarda, balki o'tgan yili sil kasalligi qayta bo’y ko’rsatgan Kaliforniyada ham ishlatish mumkin.