Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy, Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullahiyon va boshqa rasmiylarni olib ketayotgan vertolyot mamlakat shimoli-g’arbidagi o’rmon hududda “qattiq qo’nish”ni amalga oshirgan.
Ichki ishlar vaziri Ahmad Vohidiy so’zlariga ko’ra, mamlakatning turli qismlaridan qidiruv-qutqaruv brigadalari yomon ob-havo va quyuq tuman sharoitida voqea ro’y bergan joyga yetib borishga urinmoqda.
Ismi oshkor etilmagan Eron rasmiysining “Reuters” axborot agentligi bilan suhbatda aytishicha, prezident va tashqi ishlar vazirini olib ketayotgan vertolyot quyuq tumanda tog’li hududdan uchib o’tayotganda halokatga uchragan.
“Umidni boy bermaymiz, ammo halokat joyidan olingan ma’lumotlar juda tashvishlanarli”, - deydi rasmiy.
Prezident va uning hamrohlari jabrlanganmi, yo’qmi, bu haqda ma’lumot yo’q.
Eronning Sharqiy Ozarbayjon viloyatiga safar qilgan Raisiyning kortejida uchta vertolyot bo’lgan, ikkitasi manziliga yetib borgan.
19-may kuni Prezident Raisiy chegara hududda Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev bilan uchrashgan, Araz daryosida yangi to’g’onni ishga tushirish marosimida qatnashgan edi.
Eron turli rusumdagi vertolyotlardan foydalanadi, biroq xalqaro sansksiyalar ularni ta’mirlash va ehtiyot qismlar topishni qiyinlashtiradi.