Eron davlat televideniyesi Prezident Ibrohim Raisiy vertolyot qulashi oqibatida halok bo’lganini tasdiqlamoqda.
Qidiruv-qutqaruv guruhlari tog’li hududda o’nlab soat davom etgan amaliyotdan so’ng halokat joyiga yetib borgan, hayot belgilari topilmagan.
63 yoshli Prezident Raisiy qatorida Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullahiyon va Sharqiy Ozarbayjon viloyati hokimi Malik Rahmatiy ham halok bo’lgan.
19-may kuni bortida jami to’qqiz kishi bo’lgan vertolyot Sharqiy Ozarbayjon viloyatidagi o’rmon hududda “qattiq qo’nish”ni amalga oshirgani, qidiruv-qutqaruv brigadalari noqulay ob-havo va quyuq tuman sharoitida voqea joyiga yetib borishga urinayotgani xabar qilingan edi.
Eron televideniyesi xabariga ko’ra, vertolyot tog’dagi qoyaga urilgan va butunlay yonib ketgan.
Eronning Sharqiy Ozarbayjon viloyatiga safar qilgan Prezident Raisiyning kortejida uchta vertolyot bo’lgan, ikkitasi manziliga yetib borgan.
19-may kuni Raisiy chegara hududda Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev bilan uchrashgan, Araz daryosida yangi to’g’onni ishga tushirish marosimida ishtirok etgan edi.
Eron turli rusumdagi vertolyotlardan foydalanadi, biroq xalqaro sanksiyalar ularni ta’mirlash va ehtiyot qismlar topishni qiyinlashtiradi.