Penn davlat universiteti O'zbekiston bilan rishtalarni mahkamlamoqda

Your browser doesn’t support HTML5

AQShda huquq: O'zbekistonlik bitiruvchilar #PennStateLaw

Pensilvaniya davlat universiteti 1855-yilda ochilgan va 90 mingga yaqin talabaga ega. Universitetining huquqshunoslik fakultetini bu yil qariyb 50 nafar o'zbekistonlik bitirmoqda. Bitirish marosimida so'zlaganlardan biri ham O'zbekistondan bo'ldi, xorazmlik Temur Po'latov. U yurtdoshlari nomidan universitetga moliyaviy va ruhiy madadi hamda bergan bebaho ilmi uchun rahmat aytdi. Marosimdan keyin, yomg'ir ostida bo'lsa-da, bitiruvchilar, ularning yaqinlari va professorlar piknikka yig'ildi.

"Amerika Ovozi" u yerda domlalar va universitet ma'muriyati bilan gaplashib aniqladiki, bu dargoh O'zbekiston bilan o'ziga xos rishtalar o'rnatgan.

Stiven Barns - huquqshunoslik fakultetining xalqaro aloqalar va magistratura bo'yicha dekani. Uning tushuntirishicha, O'zbekiston bilan aloqalar bir necha yil oldin respublikaning Vashingtondagi elchixonasi va universitetni biladigan mutaxassislar tashabbusi bilan boshlangan.

Your browser doesn’t support HTML5

AQShda eng ko'p o'zbekistonlik o'qiyotgan universitet

Barns Toshkentga borib, tanishib, Amerikada o'qish, xususan uning universitetida qanday imkoniyatlar borligi haqida muloqotlar va muzokaralar olib borgan.

"Tomonlar irodasi shu qadar kuchli ekanki, byurokratiya va boshqa masalalar ham tezgina bitib, biz O'zbekistondan yiliga 10-20 talabani qabul qila boshladik, albatta ular talabga javob bera olgani uchun", - deydi Barns.

Toshkent davlat yuridik universiteti va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetidan bakalavrlik darajasini olganlarni Penn davlat universitetiga magistratura uchun harakat qilishga undashadi.

Buni ham ko'ring Mustaqil, mustahkam O'zbekiston uchun: AQShdagi talabalar

Biroq Amerikada huquqdan olingan bilim vatanda qanchalik yaraydi? Yuridik jihatdan davlatlar orasida farqlar katta ekan, AQSh tajribasi O'zbekistonda qo'l kelishi qiyin emasmi?

Biz buni yoshlar bilan ham muhokama qildik, alohida dasturda.

Biznes va siyosiy shartnomalardan dars beradigan professor Stiv Ross deydiki, aslida mana shu xalqaro tajriba yoshlarni o'tkirlashtiradi va olingan ta'lim sifatini oshiradi.

Ular mamlakatiga serqirra kadrlar sifatida qaytishi kerak. AQShda o'qigani va amaliyotda ko'rgani, nima yarab, nima yaramasligini anglagani ularni har qanday muhitda ishlashga moslashtiradi.

"Amerikada huquq o'qish sizni har yerda faoliyat yurita oladigan yuristga aylantirishi kerak. Har bir davlatning o'ziga xos jihatlarini talaba o'z yurtida o'rganadi. Bizga magistratura uchun kelganida u global ko'nikmalar va tushunchalarni egallashga tayyor bo'lishi kerak", - deydi Ross.

Professor o'zbekistonlik talabalardan kamida 30 nafarini o'qitdi. Deyarli 40 yildan beri shu sohada ishlab kelayotgan mutaxassis fikricha, chet ellik yoshlar ingliz tilida o'qib, yoza olsa-da, xorijga chiqqanida darslarda qiynalishi tabiiy.

O'zbekistonliklarda ham shu seziladi, deydi professor. Lekin atrofda ularga o'xshagan xorijliklar ko'p bo'lsa, hamma bir kemada ekani oydinlashsa, ularning o'ziga ishonchi va faolligi oshadi.

"Muhimi maqsad, tirishqolik va mehnat", - deydi professor Ross.

Uning o'zi O'zbekistonni yoshlar orqali kashf etmoqda. Kelishuvlar va bitimlar yuzasidan mashg'ulotlarda milliy mentalitet va yondashuvlar keng muhokamaga chiqadi. Talabalar o'z yurtlaridan misollar keltirib, mamlakatlariga xos muammolar xususida izlanib, bir-birlarini o'qitadi, deydi professor Ross.

Bir paytlar Pensilvaniya shtatidagi Nittani tog'larida yashagan, keyinchalik yo'qolib ketgan yo'lbars - Penn davlat universiteti timsoli

Buni ham ko'ring O'zbekistonning AQShda o'qishni bitirgan yoshlari, huquqshunoslar

Suv, energetika va tabiiy resurslar bo'yicha qonunlar va ularning amaliyotidan dars beradigan Lara Fauler - universitetning taraqqiyoti va raqobatbardosh dargoh bo'lib qolishi ustida ishlayotgan rahbarlaridan biri.

Professor Fauler ham har bir talaba, xususan o'zbekistonliklar kampusni har jihatdan boyitishi, tengdoshlarining dunyoqarashini kengaytirishi, har bir darsda boshqalarga nimadandir saboq berib, o'zlari ham boshqalardan o'rganishini kuzatadi.

"Masalan, o'zbekistonlik talabalarim Toshkentda havo qanchalik buzilgani haqida ilmiy maqolalar yozib, natijalarini kursdoshlari bilan baham ko'rishdi. Xuddi shunday muammolar bilan yuzlashayotgan boshqa poytaxtlar haqida ham eshitishdi. Turli davlatlardan kelgan talabalar o'zaro axborot almashadi", - deydi professor Fauler.

U ham professor Ross singari bir narsaga urg'u beradi: Amerika universiteti yoshlarni chuqur tahliliy yondashuvlarga, masalalarga yechim izlash, huquq va qonunlarni to'g'ri qo'llash sirlarini o'rgatadi. Bilim va ko'nikmalarni qo'llay olish bitiruvchining zimmasida.

Stiv Barns deydiki, har bir talaba - yurtining elchisi, o'z xalqi va madaniyatining namoyondasi. Universitet shu bois ularni bag'oyat qadrlaydi, ular - bu dargohning bir umrlik farzandlari.

Buni ham ko'ring O'zbekistonga qaytishga tayyormisiz? AQShda o'qishni bitirgan yoshlar

Talablar yuqori: avvalo hujjat topshirayotgan odamning ingliz tili sinab ko'riladi. Shu paytgacha nimani qanchalik o'rganganini uning maqsadlari aks etgan bayonga qarab baholashadi.

"Biz xalqaro maydon uchun chidamli va zamon talablarini qondira oladigan mutaxassislar chiqaramiz. Yuridik ko'nikmalar - juda global, ya'ni har yerda bir va konkret", - deydi Barns.

Qonun ustuvorligini ta'minlash, hujjatlar yozishdan tortib asosga tayangan holda ishlash va har qanday masalani kim bilan qayerda hal qilishni bilish. O'zbekiston yoki Amerika yoki boshqa bir davlatda, yuristman degan odam buni eplashi kerak, deydi professorlar.

Penn davlat universitetida bir yillik magistratura va yashash uchun xarajatlar 80-90 ming dollarga tushishi mumkin.

O'zbekistonlik bitiruvchilarning aksariyati universitetdan grant olgan, yetmaganini ota-onalar va ayrim hollarda O'zbekiston hukumati qoplamoqda.

Barns yoshlarga har doim stipendiya uchun harakat qilishni tavsiya qiladi. Imkoniyatlar talay, deydi u. Kelayotgan o'quv yilida O'zbekistondan o'nlab talabalar kutilmoqda.