Belarusda jurnalistlarga tazyiq davom etmoqda

  • Amerika Ovozi

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, arxiv.

Minsk yaqinda yana ikki jurnalistni qamoq jazosiga hukm qildi. OAV vakillariga ko’ra, 2020-yilgi saylovlar va norozilik harakatlaridan to’rt yil o’tgan bo’lsa ham, ommaviy axborot vositalariga qarshi tazyiqlar hali davom etmoqda.

Mogilyov shahri sudi mustaqil muxbir Ales Sabalevskiyni ekstremizmga aloqadorlikda ayblab, to'rt yilga, operator Yevgeniy Glushkovni esa uch yilga ozodlikdan mahrum qildi. OAV kuzatuvchilariga ko'ra, ikkalasi ham 2450 dollar miqdorda jarimaga tortilgan.

Nyu-Yorkda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasiga ko'ra, jurnalistlar “6TV Belarus” mustaqil axborot agentligi bilan ishlagani uchun tazyiqqa uchragan. Minsk avvalroq “6TV Belarus” telekanalini ekstremistik guruhlar ro’yxatiga qo’shgan edi.

Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasining Yevropa va Markaziy Osiyo bo’yicha koordinatori Gulnoza Said yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tgan sudni qoralab, Belarus sud tizimini “soxta” deb atadi.

“Sud hukmi Belarus hukumati matbuot xodimlarini tinimsiz ta’qib qilishiga yana bir misol”, - dedi Gulnoza Said.

Belarusda joylashgan inson huquqlari tashkilotlari, jumladan, “Vyasna” ham rasmiylarni jurnalistlarni ozod qilishga, huquq va erkinliklarni cheklashni, ta'qib qilishni to'xtatishga chaqirmoqda.

Ommaviy axborot vositalari va fuqarolik erkinliklarini himoya qiluvchi tashkilotlarning aytishicha, Belarus hukumati 2020-yilgi prezidentlik saylovlaridan beri tanqidchilar va muxolifat ovozini o’chirish uchun “qama-qama”larni avjiga chiqargan.

O'sha yili prezident Aleksandr Lukashenko oltinchi muddatga saylanganidan keyin Belarusda keng ommaviy norozilik namoyishlari bo’lib o’tgan edi. Ko'pchilik saylovlarni soxta deb baholagan. Muxolifat yetakchilari tazyiqqa uchrab, qamoqqa tashlangan edi.

O‘shandan beri Minsk o‘nlab jurnalistlarni hibsga oldi. Bir necha ommaviy axborot vositalarini ekstremistik tashkilot deb topdi.

“Vyasna” to'plagan ma'lumotlarga ko'ra, so'nggi to'rt yil ichida minglab odam siyosiy sabablarga ko'ra hibsga olingan. Kamida 1385 kishi hali ham qamoqda. Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi 2023-yilda jurnalistik faoliyati uchun qamoqqa olingan yana 28 OAV vakilini aniqladi. Bu Belarus jurnalistlarni ta’qib qilish darajasi, qamoqqa olish soniga ko’ra Xitoy va Myanmadan keyin dunyoda uchinchi oʻrinda turadi degani, deydi tashkilot.

Hibsga olinganlar orasida “Ozodlik” radiosida ishlagan Igor Losik va Andrey Kuznechiklar (link: https://about.rferl.org/advocacy/advocacy-imprisoned-journalists/) ham bor.

Yaqinda Belarus Jurnalistlar uyushmasi hukumatni qamoqdagi barcha ommaviy axborot vositalari xodimlarini ozod qilishga chaqirdi.

"Lukashenko rejimi anchadan beri so'z erkinligini ezib kelmoqda va jurnalistlarni erkinlikdan mahrum qilmoqda", - deyiladi uyushma bayonotida.

“Biz nohaq qamoqqa olingan hamkasblarimizni zudlik bilan va so‘zsiz ozod etishni talab qilamiz. O‘z vatanini tashlab ketishga majbur bo‘lgan va hali ham xorijda qo‘rquv ichida yashayotganlar bilan birdamligimizni bildiramiz. Belarus hukumati jurnalistlarni ta’qib qilish va qo‘rqitishni bas qilishi kerak”, - deydi tashkilot.

Belarus Jahon matbuot erkinligi indeksida 180 mamlakat ichida 167-o‘rinda turadi. Yevropa mamlakatlari ichida Belarusda jurnalist kasbi eng xavfli faoliyat bo’lib qolmoqda.