Tramp va Harris: Saylov oldidan so'nggi urinishlar

  • Amerika Ovozi

AQSh prezidentligi uchun raqib nomzodlar - Donald Tramp va Kamala Harris

Saylov kuniga bir oydan kam vaqt qolar ekan, Donald Tramp va Kamala Harris kamroq e’tibor berilgan sohalarni qamrab, yakuniy harakatni kuchaytirgan.

So’rovnomalarga ko’ra, ayol saylovchilar Harrisni Trampdan ustun baholamoqda. Tramp esa prezidentligi davrida ayollar hozirgidan boy, sog’lom va xavfsiz bo’lganini aytmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 7-oktabr, 2024 - G'azo urushiga bir yil to'ldi

“Ayollar to’rt yil avvalgiga nisbatan oziq-ovqat xaridiga ancha ko’p pul sarflaydi. Ular to’rt yil avvalgidan ancha baxtsiz va tushkun. Buni men tuzataman”, - deydi u.

Abortni nazorat qilishga doir siyosati uchun ayollar Trampni xush ko’rmaydi. U Oliy sudga tayinlagan sudyalar 50 yildan ziyod amal qilgan abort himoyasini tugatishga erishgan.

Oliy sudning 2022-yilgi qarori ortidan 20dan ziyod shtatda abortni cheklash tartibi o’rnatilgan.

Harris tarafdorlariga saylov ayollar haq-huquqi uchun kurash ekanini aytdi.

“Hukumat buyrug’iga itoat qilish uchun ayollar o’z e’tiqodi va qadriyatlaridan kechmasligi kerak. Ayol istasa, o’z ruhoniysi, ravvini yoki imomidan maslahat oladi. Lekin ayol tanasiga doir qarorni hukumat yoki Donald Tramp bermasligi kerak”, - deydi u.

Biroq erkak saylovchilar orasidagi so’rovnomalarda Tramp oldinda.

Harris kampaniyasining Trampga qarshi targ’ibot reklamasida Harris o’rta sinf qatlami uchun ideal lider ekani aytiladi. Erkaklar, nimani kutayapsiz, deyiladi unda.

Iqtisod aksariyat saylovchilar uchun eng muhim muammo. Tramp xorijdan ish o’rinlarini qaytarishini aytmoqda.

“Dunyoning yirik kompaniyalari va sanoatlariga taklifim: Eng past foizli soliq, energetika uchun eng past narx, eng kam majburiyat, dunyoning eng yaxshi va katta bozoriga bepul kirish imkoni – faqat mahsulotni AQShda ishlab chiqarsangiz”, - deydi u.

Harris ilk bor ko’chmas mulk olayotganlarga 25 ming dollar va’da qilmoqda.

“Og’ir mehnat qilib, pul jamg’arib, orzu qilib, o’zining va oilasining kelajagi uchun sarmoya kiritish nima ekani menga yaxshi ayon. Ular og’ir mehnati bilan shunday faxrli sarmoyaga munosib”, - deydi Harris.

23 shtatda allaqachon muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari boshlanib ketgan.

“Yangilik kerak, Kapitoliy va Oq uy uyg’onishi kerak”, - deydi Harris tarafdori Maksin Maksim.

Minnesotalik fuqaro Tramp tarafida.

“Menga biznes yuritishni biladigan nomzod ma’qul. U mamlakatni boshqara olishini isbotlagan. Kamala esa biz uchun mavhum odam”, - deydi saylovchi Yujin Otteson.

Ko’plab shtatlar Tramp yo Harrisdan biriga moyil. Saylov taqdirini yetti beqaror shtat hal qiladi. Ular – Michigan, Viskonsin, Pensilvaniya, Jorjiya, Shimoliy Karolina, Arizona va Nevada.