O'zbekiston mintaqada tibbiy turizm markaziga aylanmoqchi

O'zbekiston hukumatining “bizga davolanishga kelayotgan xorijliklar ko‘paydi” degan bayonotini ba’zi qo‘shnilar savol ostiga olishadi. Chegaralarning ochilishi tibbiy turizmning jonlanishiga sabab bo‘lgan, ammo tibbiyot tizimidagi muammolar, jumladan korrupsiya saqlanib qolmoqda.

Ko‘plab o‘zbekistonliklar hanuz murakkab jarrohlik amaliyotlari uchun xorijga safar qilishadi.

Yaqinda e’lon qilingan raqamlar mamlakat aholisi tibbiy xarajatlarning 60 foizini o‘z hisobidan qoplayotganini ko‘rsatgan, bu esa bepul tibbiy xizmat qanchalik bepulligini savol ostiga oladi.

Statistika bo‘rttirilganmi?

O‘zbekiston davlat Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning yanvar-avgust oylarida Tojikistondan O‘zbekistonga bir milliondan ortiq odam tashrif buyurgan. Ularning 57 380 nafari davolanishga kelganlar.

O‘zbekiston hukumatining hisobicha, bu son o‘tgan yilgidan deyarli 15 mingga ko‘p. Lekin rasmiy Dushanbe o‘zbek tarafi statistikani bo‘rttirib tashlaganini aytgan.

Tojikiston fuqarosi, so‘g‘dlik Ra’noxon Burxonova kataraktadan xalos bo‘lish maqsadida Toshkentda davolangan.

Tojikistonda ham bunday operatsiyalarni amalga oshiruvchi shifoxonalar ko‘p. Ammo 59 yoshli sobiq hamshira jarrohlik amaliyotini o‘tash uchun qo‘shni O‘zbekistonga borishni to‘g‘ri ko‘rgan.

Qayoqqa qaramang, xususiy klinika to‘lib ketdi. Demak xalq kasal. Mana masala nimada. Yechim bor - sug‘urta.

“Sentabr oxirida Toshkentda operatsiyaga 800 dollar to‘ladim. Tojikistonda ham yaxshi shifokorlar bor. Lekin ko‘zim uchun tavakkal qilishni xohlamadim”, - deydi u.

Burxonova olti haftadan so‘ng yana Toshkentdagi shifoxonaga borib, bir tekshiruvdan o‘tadi.

So‘g‘d viloyatining yana bir turg‘uni, 34 yashar Fotima Ashurova O‘zbekistonga o‘pkasini davolashga kelib, kutilgan natija bo‘lmagan. Bu haqda uning onasi Xolida Ashurova “Ozodlik"ning tojik xizmatiga so‘zlab bergan.

“Bizga Toshkentda davolanish yaxshiroq ekanini aytishgandi. Ikki yildan beri vaqti-vaqti bilan kelib davolanib turamiz. Rostini aytsam, toshkentlik shifokorlar Tojikistondagi hamkasblaridan unchalik farq qilmas ekan”, - deydi Ashurova.

2018-yilda Toshkent qo‘shni davlat uchun uch oylik vizasiz rejim joriy qilganidan so‘ng tojikistonliklar xususiy shifoxonalarga ko‘p kela boshlagan.

Lekin mutaxassislarga ko‘ra, O‘zbekistonda tibbiyot rivojlanib ketdi deb aytishga hozircha erta. Chunki yuqori darajadagi tibbiy ko‘rik yoki operatsiyalar uchun bemorlar O‘zbekistonni tanlamaydi.

Tibbiyot fanlari doktori Zarifboy Ibodullayevga ko’ra, o‘zbek tibbiyoti hozircha maqtanarli darajada emas.

“Tibbiyot har qanday davlatda uch toifaga bo‘linadi - past, o‘rta va yuqori darajada yordam ko‘rsatish. Bemorlar bizga o‘rta tibbiyot uchun kelishyapti. Yuqori darajagi operatsiyalarga ham kelganlar bor. Lekin qo‘shni Qozog‘iston yuqori texnologik operatsiyalarni ko‘proq qilishga 10 yil oldin harakat boshlagan. Bu borada agar biz bo‘shashsak, Qozog‘istondan ortda qolamiz. Davlat klinikalarimizda ahvol yaxshimas”, - deydi u.

Ayrim fikrlarga ko‘ra, xorijlik bemorlarni O‘zbekistonda ijara haqi, oziq-ovqatning nisbatan arzonligi o‘ziga tortmoqda.

Masalan, tojikistonlik jurnalistlarning kuzatishlaricha, O‘zbekistonga murojaat qilayotganlarning aksariyati topish-tutishiga ko‘ra o‘rta qatlam vakillaridir. Puli borlar esa Xitoy, Eron va Rossiyadagi shifoxonalarni tanlashadi.

“Qo‘shni davlatlardan bemorlar asosan xususiy klinikalarga kelishyapti. Xususiy klinikalarda sharoitlar yaxshi. Lekin shifokorlarimiz o‘z ustida ishlab, xorijdan malaka oshirib kelishsa, tibbiyot turizmi yanada rivojlanardi”, - deydi tarmoq faoli Dima Qayum.

O‘zbekiston poytaxtida davolanib ketganlarning hisob-kitobiga ko‘ra, kvartira ijarasi, yeb-ichishni qo‘shganda bir sutkada bitta odam o‘rtacha 40-50 AQSh dollari atrofida chiqim qiladi.

Kasalxonaga yotib davolanganlarning bir kunlik o‘rtacha xarajati esa 20-25 dollar. Viloyatlardagi narx-navo Toshkentdan arzonroq.

O‘zbekistonda diagnoz qo‘ydirish arzon, yotib davolanish qimmat. Qirg‘izistondan ko‘pchilik O‘zbekistonga borib diagnoz qo‘ydirib kelishadi va o‘zimizda davolanishadi

O‘zbekiston statistika agentligi hisobicha, 2024-yil davomida kelgan besh milliondan ko‘proq turistning eng ko‘pi tojikistonliklar. Milliondan ko‘proq kishining 60 mingga yaqini dardiga shifo izlaganlar.

Bir yil avval esa sog‘lig‘i sababli 43 mingdan ko‘proq tojikistonlik tashrif buyurgani aytilgandi. Ammo qo‘shni davlat bu raqamlarni “haqiqatdan yiroq” deya rad etgan.

Tojikiston Sog‘liqni saqlash vaziri Jamoliddin Abdullozoda fevralda jurnalistlarga izoh berganda “bu ko‘rsatkich haqiqatni aks ettirmasligini” bildirgan.

Vazirning ta’kidlashicha, chegaradan o‘tayotganlar chegarachilarning turli savollaridan qochish uchun O‘zbekistonga safarining maqsadini “davolanish” deb tushuntiradilar.

Kasallik - chegaradagi imtiyoz...

O‘zbekiston hukumatiga ko‘ra, shu yil yanvar-avgust oylarida Qozog‘istondan 8542, Qirg‘izistondan 6704, Rossiyadan 1299, Turkmanistondan 672 odam davolanish uchun kelgan.

Ushbu statistik ma’lumotlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘lkaga kelgan bemorlar sonining sezilarli darajada oshganini ko‘rsatadi.

Ayni damda O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash tizimida moliyaviy yetishmovchilik dolzarb mavzu bo‘lib turibdi.

Hilola Ashurova - O‘zbekistondagi shifokorlorga murojaat qilgan o‘nlab qirg‘izistonliklarning biri. U o‘g‘lining sog‘ligidagi muammo tufayli 2023-yili O‘sh shahridan qo‘shni Andijon viloyatiga shifo izlab borgan.

“Men ko‘p joylarga ko‘rsatdim... O‘shda ko‘rsatdim, Jalolobodga, Bishkekkacha bordik. Turkiyaga ham harakat qildik, lekin bora olmadik. Ko‘pchilik menga Toshkentga borishni maslahat berishdi. Bir kuni Andijonga qarindoshimiznikiga borgandim, menga bir nevropatologni maslahat berdi”, - deydi u.

Andijonning Qo‘rg‘ontepa tumanidagi shaxsiy kasalxonaning shifokori Hilolaning yurishi kechikayotgan farzandini to‘rt oyda oyoqqa turg‘izishga va’da bergan.

“Men 40 kunda bir borardim. Har borganimda kamida 7-8 ming som, yoki 100 dollargacha pulni doriga va shifokorga sarfladim. Yo‘lkiradan tashqari yana bir plyus tomoni, O‘zbekistonda xorijdan kelgan bemorlar navbatdan tashqari qabul qilinadi”, - deydi Hilola.

O‘zbekistonda u farzandini davolash uchun ikki yilda 2500 dollarga yaqin xarajat qilgan. U o‘g‘li butunlay sog‘ayib ketmagani bilan, chindan ham to‘rt oyda yura boshlaganini aytadi.

Qirg‘izistonliklar asosan Andijon, Farg‘ona, Namangan viloyatlaridagi va Toshkentdagi shifoxonalarga borishadi. Aksariyati, bel, oyoq og‘riqlari va ko‘z hastaliklari bilan qiynalgan bemorlar.

“Tibbiyot turizmi ularga muhim deb o‘ylayman. Muhim bo‘lgani uchun ham sharoitlar yaratilyapti, farmoyishlar chiqyapti. Alohida yo‘laklar tashkil etilyapti. Chegaradan o‘tayotganingizda “davolanishga ketyapman” desangiz, sizga “lgota"lar bor. Navbatsiz o‘tishingiz mumkin, sumkangiz tekshirilmasligi mumkin. Kichik, lekin muhim narsalarga ahamiyat qilishyapti. Masalan, men kichik sumka bilan boraman, qayoqqa deb so‘rasa, vrachga deyman, o‘tkazishvoradi”, - deydi Ashurova.

Mana shu joyda tojikistonlik vazirning aytganlari yodga tushadi. Balki chindan ham ko‘pchilik chegaradan osonroq o‘tish uchun O‘zbekistonga safarining maqsadini “davolanish” deb tushuntirar?

Lekin bitta narsa aniqki, O‘zbekistonda tibbiy turizmni Markaziy Osiyoning "chorlovchi nuqtasi" sifatida targ‘ib qilish boshlangan.

Buni ham ko'ring Sil kasalligiga qarshi kurashayotgan olima

“Tibbiy va sog‘lomlashtirish turizmini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori ham qabul qilingan. Shu yil 19-sentabrda prezident Shavkat Mirziyoyev atrof-muhitni muhofaza qilish va turizm sohalaridagi takliflar taqdimoti bilan tanishgan.

Rasmiy xabarga ko‘ra, O‘zbekistonda “Tibbiy xizmatlar mehmondo‘stligi” dasturi amalga oshiriladi. Lekin so‘nggi yillarda O‘zbekiston tibbiyot ilmiga sezilarli hissa qo‘shgani yo‘q, aksincha dori-darmon bilan bog‘liq muammolar ko‘paydi. Bunday sharoitda davolash sifatiga ishonch qay darajada, degan savol tug‘iladi.

Professor Zarifboy Ibodullayev masalaning boshqa jihatiga e’tibor qaratadi:

“Tibbiy turizmni rivojlandirishda lokomotiv bo‘ladigan markazlar - Ilmiy tibbiy markazlardir. Ular 20 tadan oshib qoldi. U yerda fan nomzodlari bor, u yerda ilmiy ish qilinyapti. Qani natija? Isroildagidek, Germaniyadagidek... Nega yangi dorilarni yaratib, texnologiyalarni o‘ylab, tibbiy turizmni rivojlantirmayapsan? Mana masala qayerda”.

Sog‘liqni saqlashga ajratilgan xarajat nega qisqaryapti?

Mutaxassislar fikricha, O‘zbekistonda tibbiy turizmga katta e’tibor qaratilgan bo‘lsa-da, ba’zi bir yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatish sifati yetarli darajada emas. Masalan, ayrim kasalxonalarda malakali kadrlar yetishmasligi muammosi mavjud. Ayniqsa, psixiatr, reanimatolog, nevrolog, klinik psixologlar kabi tor doiradagi mutaxassislar yetishmayapti. Ko‘plab o‘zbekistonliklar murakkab jarrohlik amaliyotlari uchun xorijga safar qilishadi.

“Bizda 10 yillar oldin, 20 yillar oldin umumiy amaliyot shifokorini tayyorlashga katta urg‘u berib yuborildi. Hatto ilmiy kengashda “esingizda tuting, biz tor doiradagi mutaxassislarni emas, umumiy amaliyot vrachini tayyorlovchi institutmiz" degandi rektor. Xo‘p, mayli dedik. Ozgina kulgi ham ko‘tarildi. Men bir professorga "10 yil o‘tib reanimatolog izlab yurmasak bo‘ldi" degandim. Hozir mutaxassislar yetmayapti. Bizning o‘lkada mingtacha psixiatr bor. Nevrologlor bir yarim mingta. Kam. Ularning sonini ikki barobarga oshirish kerak. Klinik psixologlar bizga kamida 3000 ta kerak, bizda o‘n barobar kam - 300 ta”, - deydi Ibodullayev.

2030-yilga kelib sog‘liqni saqlash tizimini moliyalashtirishni ikki baravar oshirish rejalariga qaramay, bu soha bir qator muammolarga duch kelishda davom etyapti.

YUNISЕF tashkilotining shu yil oktabr oyida e’lon qilgan bayonotida O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash tizimida moliyaviy yetishmovchilik hali ham dolzarb muammo ekani ta’kidlangan:

“Sog‘liqni saqlash uchun byudjet xarajatlari 2020-yildagi umumiy udget xarajatlarining 13,5 foizidan 2024-yilda 10,7 foizgacha qisqardi”.

“Gazeta.uz” nashri esa O‘zbekistonda tibbiy xizmatlar uchun xarajatlarning 60 foizdan ortig‘i aholining o‘z mablag‘lari hisobidan qoplanishiga e’tibor qaratgan.

Qo‘shni respublikalarda O‘zbekistondagi turli shifoxonalarning reklamasi ko‘p ko‘rsatiladi. Bu ham shifo izlab kelayotganlarning ko‘payishiga bir sabab.

Maqola boshida “xorijlik bemorlarni O‘zbekistonda ijara haqi, oziq-ovqatning nisbatan arzonligi o‘ziga tortyapti” degan fikrlar borligini yozgandik. Lekin qirg‘izistonlik yana bir qahramonimizning so‘zlari O‘zbekistonda davolanish u qadar ham arzon emasligini ko‘rsatmoqda.

Jalolobod viloyati turg‘uni Lutsiya Akashbekova belidagi churrani davolash uchun o‘tgan yili Namangandagi xususiy shifoxonalarning biriga borgan.

Buni ham ko'ring AQShda birlamchi tibbiy yordam shifokorlari yetishmayapti

“U yerda mening diagnozim chiqqanida menda churra borligini tushuntirishdi. Ular menga “boshqa davlatdan kelganingiz uchun qimmatga tushib qolasiz, Qirg‘izistonga borib ko‘ring, agar biznikidaqa apparatlar bo‘lsa, o‘z yurtingizda davolaning. Kuchingiz yetsa, bizga kelib davolanavering, lekin siz oddiy ayol ekansiz, pulingiz yetmasligi mumkin” deyishdi. Agar O‘zbekistonda davolanadigan bo‘lsam, bir kuniga 250 ming so‘m to‘lashim kerak edi", - deydi u.

Shundan so‘ng Lutsiyaxon o‘z yurtida davolanishni to‘g‘ri ko‘rgan. U Qirg‘izistonning o‘zidagi shaxsiy kasalxonada yotib davolanish bir kuniga o‘zbek valyutasi bilan 200 ming so‘mga aylanganini ta’kidladi:

“O‘zbekistonda diagnoz qo‘ydirish arzon, yotib davolanish qimmat. Qirg‘izistondan ko‘pchilik O‘zbekistonga borib diagnoz qo‘ydirib kelishadi va o‘zimizda davolanishadi”.

Hal etilmagan muammolar

Davlat shifoxonalari yoki ilmiy tibbiy markazlar o‘zbekistonliklarga qanday g‘amxo‘rlik qilyapti? Professor Zarifboy Ibodullayevning fikri quyidagicha:

“Bizdagi ilmiy-tibbiy markazlar davlat yelkasida o‘tirgan xususiy klinikalarga aylanib bo‘ldi. Endokrinologiya institutiga borasizmi, xirurgiyagami, gematologiyagami, pul to‘laydigan joylari juda ko‘p. Pullik meditsina yo‘lga qo‘yilgan. Xususiy klinikadan nima farqi bor? Ilmiy tibbiy markazlarda professorlar ishlaydi. Nizom bo‘yicha, ilm orqali ilmiy darajali xodimlarni ko‘paytirish birinchi vazifa, ikkinchisi, tibbiy turizmni rivojlantirish. Sog‘liqni saqlash vazirligi svetni pulini to‘lashimiz kerak, deydi. Atrofdagi qardosh respublikalardan keladigan, uzoq xorijdan keladigan bemorlarni davolash hisobiga o‘zlarining moliyaviy muammolarini yechishi kerak, o‘zbek xalqining puli hisobiga emas. Xohlagan ilmiy tibbiy markaziga boring, bepul xizmat ko‘rsatish uchun order so‘raydi. Orderni olishning o‘zi azob”.

Tibbiy turizm markaziga aylanishga urinayotgan O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi so‘nggi yillarda qator inqirozlarni boshdan kechirdi. Jumladan, 2022-yil oxirida Hindistonning “Marion Biotech” shirkati ishlab chiqargan dori vositalaridan bolalar zaharlangan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 68 nafar bola vafot etgan, kamida 18 ta bola nogiron bo‘lib qolgan. Uchta vazir almashgani bilan hanuz siyosiy javobgar yo‘q.

Joriy yil 1-iyuldan dori savdosi ustidan nazorat amaliyoti kuchga kirgan. Oktabrda esa Adliya vazirligi dori vositalarini noqonuniy ravishda davlat ro‘yxatiga olgani sababli Sog‘liqni saqlash vazirligini ogohlantirgan.

Intellektual mulk departamenti ma’lumotiga ko‘ra, 2023-yilda 21 ta holatda, 2024-yilning o‘tgan davrida 16 ta holatda dori vositalari noqonuniy davlat ro‘yxatiga olingan.

“Ana, ko‘rib turibmiz, yasama dorilar qo‘lga tushib yotibdi. Agar sug‘urtali tibbiyot bo‘lsa, davlat nazorat qilardi. Sug‘urta tibbiyot ochganlarning o‘zi dorini sifatini nazorat qilardi. Qayoqqa qaramang, xususiy klinika to‘lib ketdi. Demak xalq kasal. Mana masala nimada. Yechim bor - sug‘urta. Milliard-milliard pul tejaladi, xalq salomatligi ham, tibbiy turizm ham rivojlanadi”, - deydi Ibodullayev.

Xullas, qo‘shni davlatlardan kelayotgan bemorlar O‘zbekistonni arzon tibbiy xizmatlar uchun manzil sifatida tanlayotgan bir paytda sifatni oshirish ham muhim bo‘lib turibdi.

Qolaversa, mamlakat sog‘liqni saqlash tizimida katta muammolar mavjud. Shu bilan birga, kadr tanqisligini hal qilish ham kun tartibidagi masala.