Yaponiyaga sotilayotgan po'lat zavodining taqdiri hanuz mavhum

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh prezidentlik saylovlari oldidan Prezident Jo Bayden hamda sobiq prezident Donald Tramp “U.S. Steel” kompaniyasining 14 milliard dollarga yapon kompaniyasi tomonidan sotib olinishiga qarshi chiqdi. Endi saylov tugagach, bitim amalga oshishi mumkinligiga ishoralar paydo bo’lmoqda.

So‘nggi bir yil ichida “U.S. Steel” kompaniyasi Yaponiyaning “Nippon Steel” kompaniyasi tomonidan sotib olinishiga ruxsat olish uchun harakat qilmoqda.

"Bu investitsiya butun hududga ijobiy ta’sir qiladi – taxminan 5000 yangi ish o‘rni yaratadi va janubi-g‘arbiy Pensilvaniya uchun qo‘shimcha bir milliard dollarlik iqtisodiy foyda keltiradi", deyiladi shu haqda tayyorlangan video lavhada.

“U.S. Steel” gullab-yashnagan davrida 340 000 odamni ish bilan ta’minlagan bo‘lsa, hozir bu raqam 5000 kishiga tushib ketgan. Bu Braddok uchun tashvishli holat, chunki bu shaharda po‘lat ishlab chiqarish 1875-yildan beri davom etib kelmoqda.

"U.S. Steel shunchaki paydo bo‘lib, to‘satdan yuzaga kelgan narsa emas", - deydi shahar hokimi Delia Lennon-Uinsted.

Bu yerdagi pechlar bir vaqtlar kuniga 9000 tonnadan ortiq temir ishlab chiqaruvchi ulkan zavodning bir qismi edi. Ko‘p yillar davomida dunyodagi eng yirik po‘lat zavodi va Amerikadagi sanoat qudratining ramzi bo‘lgan. 1986-yilda ishlab chiqarish chet elga ko‘chirilganida “U.S. Steel” bu zavodni yopib qo‘ydi.

"Bu kompaniyaning o‘zini chet el el kompaniyasiga sotishi g‘ayriqonuniy harakat ekanligini aytmasdan o‘tolmayman".

Bu gaplar Pensilvaniya shtatidan AQSh senatori Jon Fettermanga tegishli bo‘lib, u taklif etilayotgan sotuvga qarshi chiqmoqda.

Fetterman ilgari Braddok shahrida hokimlik ham qilgan. Hozirgi hokim Lennon-Uinsted xaridni qo‘llab-quvvatlamoqda. Unga ko’ra, Braddok va “U.S. Steel” taqdirlari bir-biriga chambarchas bog‘liq.

"Bu Braddokda tashkil etilgan. U Braddokda bo‘lgan. Bu Braddok uchun asosiy manba. Bu Braddok va atrofdagi jamiyatlar uchun daromad manbasi", - deydi u.

Agar bitim amalga oshmasa, “U.S. Steel” ba’zi zavodlarini yopishi va ishchilarni qisqartirishi haqida ogohlantirgan.

Biroq mehnat huquqi bo‘yicha advokat va Allegani okrugi kengashi sobiq a’zosi Amanda Grin-Hokins Pensilvaniyadagi po‘lat sanoatining xorijiy nazorat ostida qolishidan xavotirda.

"Bu masalada jamiyatda xavotirlar mavjud. Bu milliy xavfsizlik uchun nimani anglatadi? Bu savollarni bizning saylangan rasmiylarimiz jiddiy qabul qilishi kerak", - deydi u.

“U.S. Steel” kompaniyasining mahalliy ishchisi Gay Vallarga ko’ra, savdoga qarshi chiqayotganlar shunchaki siyosiy o‘yinlar bilan shug‘ullanmoqda.

"Kompaniya nomi saqlab qolinadi. Bosh ofis shu yerda bo’ladi. Sog‘liqni saqlash bo‘yicha sug’urtamiz ham saqlanib qolishidan umidvormiz", - deydi u.

Braddokdagi mahalliy Dante klubida ushbu kelishuv haqida suhbatlashayotganlardan biri “Braddok Films” kinokompaniyasi rejissyori Toni Buba. Uning otasi mahalliy “U.S. Steel” zavodida o‘nlab yillar davomida payvandchi bo‘lib ishlagan.

"Agar Nippon uni sotib olsa, ehtimol yana 20 yil ishlaydi. Ammo oxir-oqibat baribir yo‘q bo‘ladi", - deydi u.

Yaponiya 20-asr oxiriga kelib, po’lat ishlab chiqarishda Amerikaga raqobatchi bo’ldi. 21-asrda esa Xitoy har ikkisidan o’zib ketmoqda. Bunga qarshi ular o’zaro hamkorlikni kuchaytirishga harakat qilmoqda.