Janubiy Koreyaning hukmron “Xalq qudrati” partiyasining raisi Xan Don Xun mamlakatda harbiy holat e’lon qilgan partiyadoshi, Prezident Yun Suk Yolni hokimiyatdan olishga chaqirmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Shanba kuni parlamentda prezidentga impichment e’lon qilishga qaratilgan qonun loyihasi ovozga qo’yiladi. Biroq Xan Yun Suk Yol o’zi ketishi kerak degan fikrda.
"Xalqqa va tarafdorlariga zarar yetmasligi uchun impichment qaror qabul qilinishini xohlamayman, ammo Koreya Respublikasi va uning xalqini himoya qilish maqsadida Prezident Yun Suk Yol lavozimini darhol bo’shatib qo’yishi kerak degan fikrdaman”, - dedi partiya raisi.
Unga ko’ra, prezident taniqli siyosatchilarni davlatga qarshi harakatda ayblab hibsga olishni buyurgan, biroq Yun Suk Yol idorasi bunday buyruq berilganini inkor etmoqda.
Qonunchilar bilan chiqisha olmagan davlat rahbarining harbiy holat e’lon qilish haqidagi qarori ko’plarni, hatto o’z partiyadoshlarini hayratga soldi.
Janubiy koreyaliklar ham 1980-yildan beri joriy etilgan ilk harbiy holat yuzasidan yelka qisadi.
"3-dekabr kuni harbiy holat e’lon qilish qarori prezidentning hokimiyatini saqlab qolish yoki uzaytirishga qaratilgan isyonchi harakat, to’ntarish bo’ldi. Prezident bunday nokonstitutsion va noqonuniy harakatlari bilan suveren xalq hayotini xavf ostiga qo’ydi. Unga davlat boshqaruvini bir zumga ham ishonib topshirib bo’lmaydi endi. U vazifalaridan ozod etilishi kerak”, - deydi muxolif Koreya demokratik partiyasining lideri Li Jey Mun.
Milliy politsiya prezident hamda harbiy holat joriy etishni unga tavsiya qilgani aytilayotgan va shundan so’ng iste’fo bergan sobiq mudofaa vazirining harakatlarini tergov qilishga kirishdi.
Harbiy prokurorlar ham muvaffaqiyatsizlikka uchragan tashabbusga huquqiy baho berishi kutilmoqda.
Vaqtincha mudofaa vaziri Kim Son Xo harbiy holatni qayta joriy etish ehtimoli haqidagi gaplarning asossiz ekanini aytarkan, prezidentdan shunday buyruq tushsa, unga na Mudofaa vazirligi, na Bosh shtab itoat etishini bildirdi.
Parlamentning quyi palatasida Adliya qo’mitasining raisi Jun Chun Rey prezidentning harakatini davlatga xiyonatga tenglashtirdi.
Parlament binosi tashqarisida to’plangan namoyishchilar Yun Suk Yolni hibsga olishni talab qildi.