Trampning ayrim bayonotlari ittifoqchilarni xavotirga solmoqda

  • Amerika Ovozi

Donald Tramp hali prezidentlikka kelmasidan Panama kanalini Panamadan tortib olishini, Grenlandiyani Daniyadan sotib olishini aytmoqda, Kanadani AQShning 51-shtati deb atayapti.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 25-dekabr, 2024-yil - Qozog’istonda Ozarbayjon samolyoti qulagan. 38 kishi o’lgan

Daniyadan salkam 3000 kilometr narida, ammo yuridik tomondan unga qarashli muz bilan qoplangan Grenlandiya orolini Donald Tramp birinchi prezidentligi paytida sotib olmoqchi edi. Tramp nigohini orolga yana qaratmoqda.

Unga ko’ra, Grenlandiya milliy xavfsizlik va dunyoda ozodlikni ta’minlash uchun AQShga juda muhim.

Tramp Panamani ikki okeanni ulovchi Panama kanalidan AQSh kemalarining o’tishi uchun ko’p pul olayotganlikda ayblab, kanalni olib qo’yishini aytdi.

"Agar ushbu saxovatli sovg'a tamoyillari hurmat qilinmasa, biz Panama kanalining AQShga to'liq, tez va shubhasiz qaytarilishini talab qilamiz", - dedi Tramp.

Panama Prezidenti Xose Raul Mulino bunga javoban kanalning har bir kvadrat santimetri Panamaniki ekanini aytib, kemalar o’tishi uchun belgilangan bojning haddan ziyod yuqori ekani haqidagi Tramp da’vosini inkor etdi.

“Narxlarni havodan olayotganimiz yo’q. Ular bozor sharoitini, xalqaro raqobatni, kanal ekspluatatsiyasi xarajatlari va texnik xizmat ko’rsatish ehtiyojlarini hisobga olib, ochiq tinglovda belgilanadi”, - deydi Mulino.

Daniya Bosh vazirasi Mette Frederiksen Grenlandiya sotilmasligini aytdi. Tramp orolni 2019-yilda sotib olmoqchi bo’lgan, ammo buning uddasidan chiqa olmadi.

Tramp bayonoti ketidan Daniya hukumati Grenlandiya mudofaasini kuchaytirishga 1,5 milliard dollar sarmoya qilinishini bildirdi. Biroq Daniya mudofaa vaziri sarmoya rejasi Tramp bayonoti bilan bog’liq emasligini, ko’pdan beri ko’zda tutilganini aytadi.

Tramp, shuningdek, Kanadani AQShning 51-shtati, uning Bosh vaziri Jastin Trudoni esa gubernator deb atadi.

Uning bunday bayonotlari ittifoqchilarni xavotirga solmoqda.