Tramp G’azoni falastinliklardan olib qo’ymoqchimi?

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Donald Tramp Panama kanali, Grenlandiya va Kanadaga da’volari ketidan G’azoni olib uni tiklamoqchi ekanini, sektorda yashovchi falastinliklarni esa arab davlatlariga ko’chirmoqchi ekanini aytdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 5-fevral, 2025-yil - Tramp G’azoni falastinliklardan olib qo’ymoqchimi?

Tramp bu haqda Oq uyda Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan uchrashuvdan so’ng so’zladi.

“AQSh G’azo Sektorini olib, unga ishlov beradi, portlamay qolgan xavfli bombalarni zararsizlantiradi, hamma yerni tekislab, hududni vayronalardan tozalaydi”, - dedi u.

AQSh rahbari g’azoliklarni Iordaniya va Misrga ko’chirish g’oyasini ilk bor o’tgan oy ma’lum qildi. Shundan so’ng G’azoni oromgohga aylantirmoqchi.

“Men gaplashgan odamlarning hammasi yerning mana shu parchasiga AQShning egalik qilish rejasini, uni rivojlantirib, minglab ish o’rinlari yaratish rejasini ma’qullayapti. Bu joyni tanib bo’lmaydigan darajada ajoyib manzilga aylantiramiz. Buni tasavvur qilib bo’lmaydi, chunki hozir u yerda o’lim, vayrona va xarobadan boshqasini ko’rishmayapti”, - deydi Tramp.

Isroil rahbarlari uning bu rejasini olqishlamoqda.

“Oldin ham aytganman, yana aytaman. Siz Isroilning Oq uydagi eng buyuk do’stisiz”, - dedi Netanyaxu.

Tramp G’azoni qanday qo’lga kiritmoqchi ekanini oshkor qilmadi, biroq Saudiya Arabistoni ushbu rejaga qarshilik ko’rsatmasligini aytdi.

Tramp qirollik va Isroil o’rtasida diplomatik aloqa o’rnatilishiga turtki berishga harakat qilarkan, Saudiya Arabistoni buning uchun avval Falastin davlatiga asos solinishi kerak deya shart qo’ygan va Trampning G’azoni olib qo’yish haqidagi gaplaridan so’ng ushbu shartiga yana bir bor urg’u berdi.

“Ularni Falastindan qo’shni davlatlarga ko’chirish eng yaxshi boshlanish emas. Buning ta’siri jiddiy bo’ladi. Ammo Prezident Tramp bilan bog'liq boshqa ko'plab masalalarda bo'lgani kabi buni ham bilmaymiz, ko’ramiz nima bo’lishini”, - deydi Vashingtondagi Yaqin Sharq instituti tahlilchisi Miret Mabruk.

Tramp Eron yadro qurolini yaratmasligi uchun unga imkon qadar kuchli bosim qo’yishi haqida ham so’zladi. Matbuotdagi ayrim xabarlarga ko’ra, Tehron qisqa muddatda yadro qurolini ishlab chiqarishni rejalamoqda.

Tramp mamlakatini Parij iqlim shartnomasi va Jahon sog’liqni saqlash tashkilotidan chiqarishi ketidan BMTning falastinlik qochqinlarga yordam beruvchi agentligi va BMTning Inson huquqlari kengashi bilan ham hamkorlikni to’xtatishni buyurdi.

Falastinliklar va arab davlatlari Trampning G’azoga egalik qilish rejasini tanqid qilmoqda.

“Bu Falastin yeri. Falastin ozodlik harakatining roziligisiz hech narsa bo’lmaydi. Falastin xalqining roziligisiz hech kimga bu ishga qo’l urishga ruxsat bermaymiz. G’azoda 50-60 ming odam shahid bo’lganidan keyin qolganlarini uylaridan, yerlaridan, dengizdan ayirib, qayerga jo’natishmoqchi? Bu jinoyat. Dunyo rahbarlari ham buni telbalik deb atamoqda”, - deydi Falastin Muxtoriyati prezidentining so’zlovchisi Nabil Abu Rudeyna.

“Prezident Tramp o’ylamasdan taklif berishini yaxshi bilamiz. U o’z yerlarida qolishga ahd qilgan falastinliklarni G’azodan qanday ko’chirmoqchi? AQSh askarlari buni qanday amalga oshirmoqchi? Tramp askarlarni mojaro zonasiga yuborishdan oldin Kongressdan ruxsat olishi kerak. U harbiylarni xorijiy mojarolarga safarbar etmaslikka so’z bergan, ammo endi o’ta beqaror hududga yubormoqchi”, - deydi Qohira universitetining professori Mustafo Kamol Sayid.

Isroilliklar esa aksincha Trampning bu g’oyasini olqishlamoqda.

"Tramp hammani G’azodan chiqarmoqchi. Menimcha bu ajoyib fikr, chunki G’azodan foyda bo’lmayapti, G’azo ahli azob chekmoqda, biz azob chekyapmiz, dunyo azob chekyapti. Tramp to’g’ri fikrlayapti. Ammo buni qanday amalga oshirsa bo’ladi? Buni hammadan yaxshi Tramp biladi”, - deydi qudduslik bir yahudiy.

"Agar Amerika G’azoni o’ziga olsa, nazarimda bu Yaqin Sharqni ancha tinchlantiradi”, - deydi 78 yashar yana bir isroillik.