Yosh amerikalik musulmonlar yangi tashkilot tuzishdi

Yaqinda Amerika shaharlarining biridagi musulmon ahlining juma namozini imom-hatib bilan birgalikda ayol kishining olib borishi, butun musulmon dunyosida shov-shuvga sabab bo'ldi. Bunday tashabbus bilan Shimoliy Amerikadagi besh millionlik musulmon jamoasi uchun mo'ljallangan "Musulmonlar, uyg'on" (www.muslimwakeup.com) deb nomlangan Internetdagi sahifasi egasi Ahmad Nassif chiqdi.

"Shu 5 millionning atigi 10 foizi masjidga haftada bir marta chiqadi," deydi Ahmad Nassef. "Amerika musulmonlarining 90 foizi esa o'zini birorta bir tashkilotga yoki masjidga aloqador deb hisoblamaydi. Bizning maqsadimiz - o'sha 90 foizni o'zimizga og'dirish. Ularning orasida juda dindor odamlar, liberal ijtimoiy fikrlari va siyosiy qarashlari bilan ajralib turadiganlar va umuman, dindor bo'lmaganlari ham uchrab turadi. Biroq ularning barchasi o'zlarini musulmon deb biladi."

Kelib chiqishi misrlik bo'lgan Ahmad Nassif marketing sohasi bo'yicha mutaxassis. O'ziga o'xshagan yosh va ikki qarama-qarshi muhit - konservativ Islom va ijtimoiy jihatdan liberal Amerikada voyaga yetgan odamlarga o'z sayti orqali turli mavzular bo'yicha murojaat etadi. Sahifadagi nafaqat siyosiy maqolalar, balki she'rlar, hajviya va hikoyalar ham, ayollar huquqi, anti-semitizm, islom ekstremizmi kabi o'tkir mavzularga bag'ishlangan.

"Biz faoliyatimiz boshidanoq "musulmonlar hajviya va qiziqarli mavzular haqida so'zlashmaydilar" degan ommaviy tushunchani o'zgartirishga bel bog'ladik," deydi Ahmad Nassif. "Bizda qandaydir ikkilamchi ong mavjud. Birida biz masjid yoki boshqa diniy marosimda juda jiddiy ko'rinsak, uning tashqarisidagi hayotimiz tamomila boshqachadir. Shuning uchun biz musulmon kim ekani haqidagi yagona g'oyani olg'a surishga harakat qildik."

Uning ikki yil burun ochilgan Internet saytiga har oyda 70 mingga yaqin odam kiradi. Yoritilayotgan mavzular xilma-xil: ijtimoiy hayotdan tortib, inson jinsiyatigacha.

O'tgan yili Nassifning maslakdoshi Javad Ali Internet sahifalari yordamida Shimoliy Amerika bo'ylab yashovchi diniy faollar bilan norasmiy uchrashuvlar tashkillashtirdi. Yangi siyosiy tashkilot - "Progressiv Musulmonlar Ittifoqi" o'sha uchrashuvlar mahsuli bo'ldi. Tashkilotning ilk qoidalaridan biri - namoz qo'shma holda, imom va otin-ayol boshchiligida olib boriladi. Biroq bu yangilik ko'p joylarda noroziliklarga sabab bo'ldi. Nassifga bir necha bor do'q-po'pisa qilishgan, xakerlar uning saytining faoliyatini ikki marta to'xtatib qo'yishdi. Hattoki u singari fikrlaydigan, www.altmuslim.org kabi ommabop sayt yurituvchisi Shoxid Omonullo ham, Amerika musulmonlari orasida tatbiq etish mumkin bo'lgan o'zgarishlarning chegarasi bo'lish kerak, deb hisoblaydi.

"Agar maqsadimiz mo'tadil fikrlaydigan musulmonlarning turli xil mavzularga doir munosabatini o'zgartirish bo'lsa, u holda o'zgarishlar ular istaydigan darajada o'tmog'i lozim," deb hisoblaydi Omonullo. "Ma'suliyat va ayollar uchun teng huquqlar kabi asosiy mavzulardan chetga chiqib, chalg'ib ketmasligimiz kerak."

Omonulloning rafiqasi va islom dini bo'yicha mutaxassis Xina Azam ham masjidlarda ayollarning faolligi tarafdori, biroq shariatda, deydi u, ayol-imomlar haqida hech narsa deyilmagan.

"Buni o'zgartirish uchun butunlay yangi qonunchilik metodologiyasi kerak," deydi u. "Chunki an'anaviy qonunchilik qo'llanmasi bunga imkoniyat bermayapti. Uni o'zgartirish uchun esa ko'p vaqt va urinish kerak bo'ladi."

O'zlarini ayrim mavzularda an'anaviy deb biladigan Shoxid Omonullo va uning rafiqasi tashkilotning "progressiv" deb nomlangan qismi ham muammo yaratishi mumkin, deydi.

"Progressiv" degan so'z odamni ol'ga surishga, va oqibatda, biron-bir narsaning yoqasiga olib kelishga majbur qiladi," deydi Xina Azam. "O'zingizni "progressiv" deb atash bilan, ma'lum chegaradan o'tib ketishishingiz muqarrar."

Biroq Nassifning nazarida, amerikalik musulmonlar - islomiy islohotlar tarafdori.

"Musulmonlar o'zgarish bo'lishini istaydilar," deydi u." Agar odamlar ibodatlarini judayam konservativ tarzda qilmoqchi bo'lsalar, marhamat, ular uchun bunday joylar ko'p. Biroq boshqa shunday musulmonlar ham borki, ular ochiqroq va plyuralistik joyda ibodat qilishni xohlaydilar."

"Musulmonlar, uyg'on" saytidagi "Progressiv Islom" haqidagi munozaralar davom etmoqda. Nassif kelajakda saytni arab, pushtun va urdu tillarida ham chiqarmoqchi.