Andijonda qonli to'qnashuv

O'zbekistonning sharqidagi Andijon shahrida bugun kechasi bir necha kishi mahalliy qamoqxonaga kirib, ikki mingga yaqin mahbuslarni ozod etdi. Qamoqxona qo'riqchilari bilan bo'lgan to'qnashuv natijasida 9 kishi halok bo'ldi va 34 kishi yaralandi. Isyonchilar qamoqxonada 10 ga yaqin qo'riqchilarni garovga oldilar. O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligining xabar berishicha, isyonchilar bilan hozirda muzokaralar olib borilmoqda.

Prezident Islom Karimov Andijonga darhol uchib bordi.

Poytaxt Toshkentda bugun, shuningdek, Isroil elchixonasining yonida bir kishi terror xurujga qo'l urishlikka harakatda gumon qilinib, elchixona xavfsizlik kuchlari tomonidan otib o'ldirildi. Ba'zi ma'lumotlarga ko'ra, otib o'ldirilgan odam ishsiz rus millatiga mansub bir kishi ekan.

Hozircha kelayotgan ma'lumotlar bir-biriga qarama qarshi. Olingan ayrim ma'lumotlarga ko'ra, qurolli isyonchilarning Rossiya hukumatiga murojaat etib, O'zbekiston hukumati bilan muzokarani o'tkazishda vositachi bo'lishni so'ragani ma'lum bo'ldi.

Andijondagi qonli to'qnashuvlarning shu shaharda so'nggi kunlarda hukumat tomonidan mahalliy "Akromiy" islomiy guruhiga aloqador deb topilgan 20 tadbirkor ustidan bo'lib o'tayotgan sud jarayoniga ham daxli bor, deydi ayrim mutaxassislar.