Prezident Karimov BMT ning Andijon voqealari bo'yicha mustaqil tekshiruv o'tkazish borasidagi taklifini rad etdi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Kofi Annanning aytishicha, BMT ning Andijondagi qonli voqealar bo'yicha xalqaro tekshiruvni o'tkazish borasidagi taklifini O'zbekiston prezidenti Islom Karimov rad etdi.

Annan bu haqda Karimov bilan payshanba kuni kechqurun telefon orqali suhbatlashganini ma'lum qildi. Uning aytishicha, prezident Karimov Andijondagi vaziyat nazorat ostiga olinganligi va xunrezlikda aybdor odamlarni tartibga chaqirish borasida choralar ko'rilayotganligi haqida Annanga xabar berdi.

Inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlaridan ikkitasi Andijon va Paxtaobodda o'zbek xavfsizlik kuchlari namoyischilarga qarshi o'q otib, mingga yaqin odamni o'ldirganliklarini aytdi. O'zbekiston hukumati esa jinoyatda islomiy esktremistlarni ayblab, atigi 169 kishi halok bo'lgan, deb aytgan edi.

AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo'mondonligi rahbari general Jon Abizaydning ma'lum qilishicha, mamlakat sharqida tartibsizliklar boshlangandan beri Qarshi yaqinidagi Xonobodda joylashgan AQSh harbiy bazasining faoliyati bir oz cheklashtirildi. Mazkur baza qo'shni Afg'onistondagi Tolibon hukumatiga qarshi uyushtirilgan AQShning harbiy harakatlarini qo'llab-quvvatlash uchun ishlatilib kelingan edi.