RSF: O'zbekistonda axborot qamali hukm surmoqda

Markazi Parijda joylashgan Reporters sans Frontiers (RSF), ya'ni “Chegara Bilmas Muxbirlar” tashkiloti shu kunlarda O’zbekistonda jurnalistlarga qilinayotgan munosabatni qa’tiyan qoralab chiqmoqda. Maqsad, deydi jurnalistlar huquqlarini himoya qilish bilan shug’ullanuvchi tashkilot, O’zbekistondagi salbiy ahvolga xalqaro hamjiyat e’tiborini kuchaytirish.

Bu borada savollar bilan “Chegara Bilmas Muxbirlar” tashkilotining Yevropa idorasi boshlig’i Paskal Bonnamourga murojaat qildik.

N. Imamova: O’zbekistonda tashkilotingizning o’z vakili bormi? Qolaversa, o’zbekistonlik jurnalistlar bilan qanday aloqa qilasiz? Ularning hukumat tazyiqiga uchrayotganliklarini qay tariqa o’rganasiz?

P. Bonnamour: O’zbekistonda o'z muxbirimizga egamiz. Shuningdek, mahalliy mustaqil jurnalistlar bilan to’g’ridan-to’g’ri aloqa qilamiz. Bundan tashqari, biz mamlakatda mustaqil jurnalistlarni yomon-otliq qilish maqsadida boshlangan hukumat kampaniyasi haqidagi ma’lumotlarni ham tekshirib chiqdik.

N. Imamova: O’zbekiston hukumati nazarida esa, unga qarshi xalqaro matbuot kampaniyasi o’tkazilayapti va G’arbdagi ko'pchilik ommaviy axborot vositalari O’zbekistondagi ahvolga o’ta salbiy nazar bilan yondashyapti hamda Andijon voqealari chet el matbuoti tomonidan nohaqqoniy ravishda yoritilyapti. Bunga nima deysiz?

P. Bonnamour: Yo’q, men yuqoridagi gapga qo’shilmayman. Janob Karimov - diktator. U propaganda olib boryapti. Muammo shuki, O’zbekistonda informatsion plyuralizm mavjud emas va matbuot juda yomon ahvolda. O’zbekistonda chet el televidenielari va radiolariga yo’l yo’q. U yerda axborot qamali hukm surmoqda. Biz buni qa’tiyan qoralaymiz.

N.Imamova: Sizning tashkilotingiz tarqatgan bayonotga; mustaqil jurnalistlarga nisbatan salbiy munosabatda bo’linyapti, degan ayblovga nisbatan O’zbekiston hukumati sizga biron javob berdimi?

P. Bonnamour: Yo’q. Ammo qashqadaryolik jurnalist To’lqin Qorayevning hibs qilingani haqida tashvish bildirib, uning ozod etilishini so’rab, prezident Karimovga maktub yo’llagan edik. To’lqin Qorayevning hamkasbidan uning ozod etilgani haqida xabar keldi. Uning aytishicha, bizning maktubimizdan keyin To’lqin Qorayevga nisbatan qamoqda berilayotgan bosim to’htatilgan. Umid qilamizki, bu hol bizning maktubimiz samarasidir, lekin aniq bilmaymiz. Menimcha, bunday hollarda hukumatga xalqaro bosim o’tkazish katta ahamiyat kasb etadi.

N. Imamova: Keling, jurnalistlarning Andijondagi kabi voqealar yuz bergan payt va undan keyingi holatda qay yo’sinda ishlay olishlari haqida gaplashaylik. To’qnashuvdan keyingi muhitda jurnalistlar hukumat tazyiqiga uchramaslik uchun nima qilishlari mumkin? Ular o’zlarini ehtimoliy xavfdan qanday saqlay oladilar? Yoki yagona yo’l - voqea va o’zgarishlarni hukumatga yoqadigan tarzda yoritishmi?

P. Bonnamour: Jurnalistning xavfdan uzoq yurishi, ayniqsa mojaro orasida va ulardan keyingi ahvolda juda qiyin kechadi. Eng muhimi, o’z huquq va majburiyatlarini aniq bilish va erkinligi poymol etilgan holda kerakli joyga xabar berish. Hukumat O’zbekistondagi kabi qattiqqo’l bo’lsa va erkinlikka yo’l bermasa, unda jurnalist himoyasi uchun xalqaro hamjamiyat diqqatini jalb etish lozim. Jurnalist ham o’z ishini bajarishi kerak, ham o’z-o’zini himoya qila olishi kerak. Bu juda murakkab vazifa. Agar O’zbekistonda biror jurnalist qamoqqa olingan bo’lsa, bizning tashkilotimiz hukumatdan uning nimada ayblanayotgani, qanday dalillar borligi va jurnalistga nima sabab yomon munosabatda bo’linayotgani haqida tushuntirib berishni so’raymiz. Biz chiqargan bayonotimizni O’zbekistonga jo’natamiz, lekin bir paytda butun dunyo davlatlari ham bundan xabardor qilinadi. Ba’zi mamlakatlarda jurnalistlarning ahvoli juda yomon. O’zbekiston shulardan biri.