O'zbekistonda Internyusga qarshi jinoiy ish ochildi

O’tgan bir yildan beri O’zbekiston adliya vazirligi tomonidan tekshiruv ostida bo’lgan Internyus tashkiloti yana sud oldida javob beradigan bo’ldi.

AQShda asoslangan va jurnalistlar malakasini oshirish va elektron axborot vositalarini rivojlantirish bo’yicha shug’ullanuvchi xalqaro tizim ko’magida ochilgan mahalliy no-davlat tashkilotiga qarshi 4 iyul kuni yangi jinoiy ish ochildi.

Internyusning Markaziy Osiyo bo’yicha rahbari Josh Maklederning aytishicha, tashkilotning ikki xodimi litsenziyasiz turli video va bosma materiallar chiqarganlikda ayblanyapti.

- Jinoiy ayblov bo’lgani uchun butun tashkilotni javobgarlikka tortishmayapti, balki bir guruh shaxslarni ayblashyapti. Va shu yo’l bilan O’zbekiston hukumati bizning tashkilotga bosim o’tkazyapti. Bizga qo’yilayotgan ayblovlar - quruq tuhmat. Biz video materiallarni, axborot tarzida mahalliy televidenielar bilan hamkorlikda yaratganmiz va mualliflik huquqiga ular egalik qilishadi. Internyus hech qachon yakka prodyuser bo’lmagan. Biz jurnalistlarni tayyorlaymiz va ularga yordam ko’rsatamiz. Masalan, Zamon dasturi mahalliy televidenielar bilan tayyorlanar edi. Hozirda bu dasturni uzatgan TV markazlarning ko’pi yopilgan,- deydi janob Maxleyder.

Uning bildirishicha, boshqa bir ayblov tashkilotning xabarnomalari ustidan qo'yilmoqda. "Ular matbuot emas, bizning ichki xabarnomalarimiz. Ular faqat bizning xodimlarimiz va tanlangan kichik doirada tarqalatilar edi. Xabarnomalar turli vazirliklarga ham jo’natilar edi," - dedi janob Makleder.

Internyus o’tgan yili ham O’zbekistonda sudga tortilgan va hukmga binoan olti oyga yopilgan edi. Tashkilot shu yilning mart oyida qayta ishga tushdi, ammo bank hisobi muzlatilgani va tinimsiz tekshiruv ostida bo'lgani sabab haligacha o'zini tiklay olgani yo'q. Josh Maklederning aytishicha, Internyus tizimining ishi to’htagani yo’q. Faqatgina Internyus-O’zbekiston mahalliy no-davlat tashkiloti vaqtincha bekildi, xolos.

- Biz mamlakatda bizniki singari yangi mahalliy tashkilotlar vujudga kelishini, mustaqil faoliyat ko’rsatib, mahalliy axborot vositalarining taraqqiy etishida ko’maklashishini istaymiz. Shu jihatdan Internyus-O’zbekiston ancha mustaqil muassasa. U bizning yordamimizda, mahalliy mutaxassislar tashabbusi bilan vujudga kelgan va mahalliy boshqaruvga ega,"-deydi janob Makleder.

Sud jarayonining qachon boshlanishi hali ma’lum emas. "Ammo,"- deydi Internyusning mintaqadagi rahbari, - "ayblovlar orqasidagi manfaat va sabablar ayon." Bu, AQShda asoslangan va so’z erkinligini rag’batlantiruvchi muassasaga qarshi hujum.

- AQSh elchixonasi bizga ayblov qoyilganidan tashvishda va jarayonni yaqindan kuzatib bormoqda. Ular ham tergov paytida bizning xodimlarimizning huquqi buzilayotganiga guvohlar, - deydi Makleder. "Bu safargi ayblov siyosiy jihatdan juda nozik damda qo’yilyapti. AQSh-O’zbekiston munosabatlari qil ustida turgan paytda. AQSh Andijon voqealari ustidan mustaqil tergov ochishni talab qilmoqda. Ko’pchilik nazarida, O’zbekiston hukumati Internyusga tazyiq berib, uni sudlash orqali AQShdan qanchalik norozi ekanini namoyon etmoqda."

Internyus xalqaro tashkiloti O'zbekistondagi vakolatxonasini 1995 yilda ochgan edi.