Qirg'iziston O'zbekistonga 15 qochqinni topshirmoqchi

Qirg’iziston rasmiylarining ma’lum qilishicha, Andijondagi voqealardan qochgan va Ruminiyaga jo’natilmagan qochqinlarning 15 nafari O’zbekistonga qaytariladi. Qirg’iziston bu qarorga, Birlashgan Millatlar Tashkilotining qarshiligiga qaramay, keldi.

Bu haqida bugun Qirg’iziston Bosh prokurorining o’rinbosari Nurlan Jeyenaliyev jurnalistlarga xabar qildi. O’shdagi qamoqxonada saqlanayotgan 11 ta andijonlik qochqinlar BMTning qochqinlar bo’yicha Bosh komissariati tomonidan qochqinlar statusini olgan edilar.

O’tgan hafta Qirg’izistonda boshpana topib turgan andijonlik qochqinlarning 440 tasi keyinchalik uchinchi mamlakatga ko’chirilish maqsadida vaqtinchalikka Ruminiyaga ko’chirilgan edilar. BMT ning bu harakatinin O’zbekiston hukumati bugun “nojo’ya befarqlik” deb atadi. Chunki O’zbekiston hukumati nazarida Qirg’izistonga ko’chib o’tganlarning barchasi jinoyatchilardir va shuning uchun O’zbekistonga qaytarilishlari kerak.