Shu kunlarda sobiq Sovet davlatlarining ko’pi o’z mustaqilligining 14 yilligini nishonlamoqda. Katta tantanalar qatorida, o’tgan yillar sarhisob qilinmoqda. Endilikda suveren bu mamlakatlar qanday muhim o’zgarishlarga yuz tutdi, qayerda qoqilib, qayerda yutuqqa erishdi? O’zbekistonda, masalan, deydi biz bilan suhbatlashgan mutaxassislardan biri, kommunizm g’oyasidan qutulish davri allaqachon o’z nihoyasiga yetgan.
O’z kasbiy faoliyatini sobiq SSSR mamlakatlari hayotini o’rganishga bag’ishlagan olim Gregori Glizanning (Gregory Gleason) fikricha, O’zbekiston o’tgan 14 yil mobaynida kommunizm iskanjasidan chiqib, o’z mustaqil yo’lini izlay boshladi va hali ham o’z taqdirini axtarish bilan ovora:
- Mamlakatdagi o’zgarishlarni ham tashqaridan, ham ichkaridan turib o’rgangan kishi sifatida shunga aminmanki, mamlakatda kommunizmdan yangi davrga o’tish jarayoni yakunlangan.
O’zbekiston uch sohada katta qiyinchiliklar bilan yuzlashmoqda, deydi tadqiqotchi Glizan. Birinchisi, mamlakatda saylovlarning adolatli o’tishini ta’minlash, ya’ni xalqqa o’zi istagan odamni rahbar etib saylash uchun imkoniyat berish. Ikkinchi muammo, deydi janob Glizan, ichki masalalarga yechim topilmayotganidir. Ishsizlik, soq'liqni saqlash sifatining pastligi va iqtisodiy qiyinchiliklar ostida xalq qiynalyapti, deydi tahlilchi.
- Uchinchi muhim masala shuki, xalqqa iqtisodiy erkinlik berish uchun zarur qonunlarni ishlab chiqarish kerak. Toki odamlar bozor iqtisodiyotiga kirib, unda ishlay olsinlar, o’z bisnezlarini boshlasinlar.
Markaziy Osiyodagi eng asosiy muammolardan biri bu chegara muammolarini yechilmay kelinayotganidir. Ahvol tobora murakkablashib bormoqda, deydi tahlilchi Glizan. Qo’shnilar o’rtasidagi munosabat salbiyligicha qolmoqda. Ammo, olim nazarida, hozirda O’zbekiston tashqi siyosatda, yirik hukumatlar bilan tengma-teng muzokara qila oladigan davlatga aylangan.
- Endilikda Xitoy, Rossiya va Hindiston kabi yirik davlatlar O’zbekiston bilan siyosiy muzokaraga kirgan. 12 yil avval bunday emas edi, -deydijanob Glizan.
Biroq, tashqi siyosat beqaror narsa, deydi olim. U talab va manfaatga qarab, o’zgaraveradi. To’g’ri, hozirda O’zbekiston Rossiya bilan yana yaqinlasha boshlagan. Ammo, Rossiya boshqa xalqlarga munosabatini o’zgartirmas ekan, o’zbek xalqi kelajakda undan yana uzoqlashishi mumkin, deydi janob Glizan. Uning nazarida, inson huquqlarini hurmat qilmaslikda tanilgan Xitoy ham O’zbekiston bilan uzoq do’st bo’la olmaydi. AQSh esa inson huquqlarini tashviq qiluvchi mamlakat. Kim tomon burilish esa O’zbekistonning o’ziga bog’liq, deydi professor Glizan.
O’zbekistonda bir necha bor bo’lgan sobiq diplomat va hozirda Vashingtondagi Umummamlakat Matbuot Uyi vitse prezidenti Piter Xikman (Peter Hickman) O’zbekistonda ikki toifa vakillarini ko’rganini aytadi:
- Kuzatishimcha, mamlakatning mustaqilligi ostida yaxshi hayot kechirayotgan odamlar bor. Ammo, bugungi tuzumdan norozi, Sovet davrini qumsayotgan kishilarni ham uchratdim. Ularning ko’pchiligi, yoshi keksa odamlar. Eski tizim ostida ulg’aygan kishilarning yangi sharoitlardan qiynalayotganini ko’rdim,-deydi Piter Hikman.
Mustaqil O’zbekiston tarixida shu kungacha kechgan saylov va referendumlardan ikkisida kuzatuvchi sifatida qatnashgan janob Hikman, chet ellik kuzatuvchilarga jarayonni aslida qanday kechganini bilish qiyin bo’ldi, deydi. Chunki, mahalliy vakillar bergan ma’lumotga tayanmasdan iloji yo’q. Saylov uchastkalarida hamma narsa tartibdagidek kechayotgandek tuyuladi. Ammo, masalan o’tgan parlament saylovida faqat hukumat tarafdori bo’lgan siyosiy partiyalar o’z nomzodini qo’yganini bilish qiyin bo’lmadi, deydi u:
- Bilasizmi, o’tgan safargi saylovni kuzatganimda, men bilan gaplashgan mahalliy odamlarning ba’zilari menga, Karimov haliveri hokimiyatni boy berishni istamasa-da, xalqining kelajagi porloq bo’lishini istaydi, dedi.
Hozirda AQShda yashovchi va O’zbekistondan chiqib ketishidan oldin prezident qizi Gulnora Karimovaning moliyaviy maslahatchisi bo’lgan Farhod Inag’omboyev, mustaqillik O’zbekiston uchun ko’p shodlik keltirmadi, deydi:
- O’zbekiston o’z mustaqil konstitutsiyasiga ega bo’ldi. BMT a’zosi bo’ldi. Bularning hammasi to’g’ri. Lekin ikkinchi tarafini olsangiz, shu jarayonlar, O’zbekiston mustaqillikka erishgandan keyingi bu kabi yutuqlar xalqqa nima berdi? Xalq yanada kamba’g’alashib ketdi, yanada nochorlashib ketdi. Konstitutsiyaga ega bo’lgan bilan bir qatorda O’zbekistonni mardikorlar sinfi, ko’chada tilamchilik qiladigan sinfi yanada oshdi. O’zbek xalqi hayotida birinchi marta o’zbek ayollari chet elga fohishabozlikka chiqib ketishni boshlashdi. O’zbekiston tarixida birinchi marta odam savdosi, O’zbekiston fuqarolarini chet elga sotishmi yoki bosha yoqqa sotishmi... odam savodi paydo bo’ldi. To’g’ri yutuqlar ham bor, bularga ko’z yumish kerak emas, lekin shu qatorda, mustaqillik xalq uchun nima berdi, hech narsa bergani yo’q.
Farhod Inag’omboyevning kuzatishicha, amerikaliklar O’zbekiston haqida ko’p bilmaydilar, ammo bilganlari bu yurt xalqiga juda ijobiy munosabat bildiradilar va uni tushunishga harakat qiladilar.
- Amerikaliklarning ko’zi bilan O’zbekistonga nazar tashlasa, O’zbekiston dunyoning bir chekkasidagi, sobiq Ittifoqning bir parchasi. U u yerda diktatorlik, avtoritar tuzum hukmronlik qiladi. Xalqning nochorligini hamma biladi. Lekin O’zbekistonga borganlar, O’zbekistonni yaqindan biladigan amerikaliklar, g’arbdagi ko’p insonlar bilishadiki, xalqimiz judayam yumshoq, judayam mehmondo’st, judayam ochiq ko’ngil. Kim bilan gaplashmang, o’zbeklarga faqat hamdardlik bilan qaraydi, -deydi Farhod Inag'omboyev.
Suhbatdoshlarimizning fikricha, O’zbekistonda o’tgan 14 yil ichida g’oyaviy o’zgarishlar bo’ldi, ammo amalda xalq hayoti ijobiylashgani sezilmayapti.