O'zbekiston va Markaziy Osiyo AQSh matbuoti nigohida - 6 sentyabr

"Baltimor San" gazetasi 6 sentyabrda "Nega AQSh O'zbekiston bilan aloqalarni sovitmasligi kerak" degan maqolani chop etdi. Maqola muallifi AQShdagi yirik siyosiy-ilmiy tadqiqot institutlaridan biri hisoblangan, RAND korporatsiyasining xalqaro siyosat bo'yicha bosh tahlilchisi Olga Oliker. Uning so'zlari bilan aytganda, O'zbekiston hukumatining AQShni Xonoboddagi aviabazadan chiqarish to'g'risidagi qarori 11 sentyabr voqealaridan keyin vujudga kelgan hisobli nikohga chek qo'ydi. Biroq shu sabab ikki mamlakat o'rtasidagi bor aloqalarni uzish xato bo'lgan bo'lar edi, deyiladi maqolada.

AQShning Xonoboddagi askarlari bilanmi, yo'qmi, O'zbekiston hali ham AQSh bilan muhim manfaatlarni baham ko'radi. Agar ikki mamlakat o'rtasida umumiy manfaatlar bo'lmaganida edi, deb xulosa qiladi Olga Oliker, u holda O'zbekiston AQShga harbiy bazani bermagan bo'lar edi. Axir O'zbekiston Tolibon harakatiga qarshi bo'lgan va uning qulashini istagan edi. Ikki tomon ham terrorizmga, narkotiklar savdosiga, xalqaro jinoyatchilikka va ommaviy qirg'in qurollarining yoyilishiga qarshi bo'lgan.

O'zbekistonning taraqqiyoti ham AQSh uchun juda muhim, deyiladi "Baltimor San"dagi maqolada. Chunki mamlakat narkotiklar, qurollar va jangarilarning o'tish punkti bo'lib turibdi. Bu muammolar esa ularga qarshi kurashish uchun O'zbekistonni muhim hamkorga aylantirgan. Andijonda, O'zbek hukumati ta'kidlaganidek, chet-el aralashuvi bo'lgan-bo'lmaganiga qaramay, namoyishning tez orada qonga bulg'anishi, kelajakda bu kabi namoyishlarning va ularga qarshi ayni hukumat javobining takrorlanishi xavfini ko'rsatdi.

Demak, deydi muallif Olga Oliker, AQSh O'zbekiston bilan xavfsizlik aloqalarini saqlashi lozim. Iqtisodiy aloqalar kamaygan va O'zbekiston AQShning demokratlashtirish bo'yicha taklifini rad etgan bir vaqtda, mavjud aloqalarni saqlab qolmaslik O'zbekistonni AQShdan butunlay yopib qo'ygan bo'lar edi. AQSh u hamkorlik qilayotgan va demokratiyasi kam bo'lgan ba'zi mamlakatlarda demokratiyani o'rnatishda nisbiy muvaffaqiyatlarga erisha olgan, lekin aloqasi mavjud bo'lmagan davlatlarni demokratlashtirishda esa umuman hech qanday muvaffaqiyatga erishmagan.

Olga Olikerning fikricha, AQShning O'zbekiston bilan xavfsizlik yo'lidagi aloqalari demokratik maqsadlarning amalga oshishiga yordam berishi mumkin. Bundan esa, deyiladi maqola so'nggida, ikkala mamlakat ham manfaatdor.

"Vashington Tayms" gazetasi esa AQShning Qirg'iziston bilan harbiy aloqalariga bog'liq xabarni chop etdi. Unga ko'ra, Qirg'iziston prezidenti Kurmanbek Bakiyev AQShga o'z harbiy bazasidan Afg'onistonda barqarorlik ta'minlanmaguncha foydalanishga ruxsat berdi. Biroq, dedi Moskvada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvdan keyin Bakiyev, baza uchun to'lov puli oshadi. Qirg'izistondagi AQSh bazasi Afg'onistonda ahvol yaxshilanmaguncha faoliyat ko'rsatadi. Bu yarim yil bo'ladimi, bir yil bo'ladimi, buni vaqt ko'rsatadi, dedi Qirg'iziston rahbari.