To'rt yil ilgari 11 sentyabr voqealaridan so'ng kuchaygan o'zbek-amerika aloqalari AQShning Andijon otishmalari bo'yicha mustaqil tergov o'tkazish talabini olg'a surgani bois sovudi. 27 sentyabr kuni Toshkentda O'zbekiston prezidenti Islom Karimov bilan uchrashgan AQSh Davlat kotibining yordamchisi Daniel Fridning aytishicha, AQSh va O'zbekiston Andijon voqealari bo'yicha turlicha qarashlarga ega.
"Andijon voqealari yoki AQShning nodavlat tashkilotlar va demokratiya uchun yordami xususida fikrimiz bir joydan chiqmadi," dedi u.
AQShda Markaziy Osiyo bo'yicha mutaxassis hisoblangan tahlilchi esa inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarni ham, AQSh hukumatini ham Andijon voqealari haqida qilgan xom xulosalari uchun qattiq tanqid ostiga oldi. Vashingtondagi Jons Xopkins universiteti qoshidagi Markaziy Osiyo va Kavkaz institutining direktori Frederik Star nazarida, mavjud dalillarga hozircha yakuniy deb qarab bo'lmaydi.
Frederik Star: "Jarayonga Andijon voqealarining o'zlariga yoqqan ta'rifini qo'llab-quvvatlagan guruhlar aralashdi. Albatta, inson huquqlarini himoyalovchi tashkilotlarning joylarda kuzatuvchilari bo'lgan, bunga shubham yo'q, biroq kuzatuvchilarning aksariyati bitta aniq natijani ko'zlashgan, u ham bo'lsa O'zbekiston hukumatini iloji boricha yomon qilib ko'rsatish."
Murakkab va to'polon vaziyatda aynan nima sodir bo'lganligini aniqlash mushkul vazifadir. Ayniqsa ba'zilarning fikricha, Sovet Ittifoqidagi tuzumdan uncha uzoqlashmagan O'zbekistondek yopiq jamiyatda haqiqatni bilish o'ta qiyin. Andijon voqealarining bahsga sabab bo'lmaydigan tarafi - bu bir guruh qurollangan kishilarning harbiy qism va militsiya punktiga hujum uyushtirganligi hamda mahalliy qamoqxonadan mahbuslarni ozod qilganligidir. Undan so'ng bu shaxslar hokimiyat binosini ishg'ol qilganlar va xaloyiq Bobur maydoniga yig'ila boshlagan.
Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi Xyuman Rayts Votch (Human Rights Watch) xalqaro tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo'limi direktorining muovini Reychel Denberning aytishicha, haloyiq tinch siyosiy namoyish o'tkazayotgan bir paytda, hukumat qo'shinlari unga qarata o't ochgan.
Reychel Denber: "Qurollangan shaxslarning hukumatni ag'darish niyati bormidi, yo'qmidi, bilmayman. Ko'p sonlik namoyishni uyushtirish ham ularning rejasiga kirganmi, yoqmi, bilmayman. Biroq shu narsani aniq bilamanki, o'sha kuni maydonga ko'plab odamlar o'z xohishlariga ko'ra, dardlarini to'kish uchun chiqqanlar. Va maydonni tark etayotganlarida, o'qqa tutilganlar. Yana shu narsani bilamanki, ularning aksariyati qurolsiz bo'lgan va o'sha kuni yuzlab odamlar halok bo'lgan."
Biroq janob Starning aytishicha, qurollangan shaxslar namoyishchilarga qo'shilgan. Uning instituti chop etgan hisobotga ko'ra, namoyishchilar maydonga isyonchilar da'vatiga ko'ra chiqishgan. "Bu kabi har bir fojeada ko'plab aybdorlar topiladi," dedi u.
O'zbekiston hukumati AQSh va Yevropa Ittifoqining Andijon voqealari bo'yicha mustaqil tergovni o'tkazish talabiga hamon qarshilik bildirmoqda. Hukumatning o'zi o'tkazgan tergov natijalari bo'yicha Toshkentda ayni paytda sud jarayoni ketmoqda.