Qozog'iston erkin saylovlarni va'da qilmoqda

Qozog'istonda 4 dekabr kuni prezident saylovlari bo'lib o'tadi. Yaqinda Qozog'istonga borgan AQSh Davlat kotibi Kondoliza Raysni u yerda saylovlar ochiq va adolatli o'tadi, deb ishontirishgan. Vashingtonga tashrif buyurgan Qozog'iston rasmiylari demokratik tamoyillardan saylov kampaniyasi jarayonida voz kechmaslikka ahd qilishganini yana bir bor ta'kidlab o'tdilar.

24 oktyabrdan boshlab Qozog'istonda saylov kampaniyasi rasman boshlandi. Da'vogarlarning soni besh nafardir. Bular hozirgi prezident Nursulton Nazarboyev, Aq Jo'l partiyasi rahbari Alixon Baymenov, parlament a'zosi, kommunist Yerasil Abilkasimov, parlamentning sobiq spikeri, Adolatli Qozog'iston uchun partiyasi rahbari Jarmaxan Tuyoqboy va mustaqil nomzod Mels Yeleusizovlardir. Yana 13 nomzod da'vogar sifatida kerakli 86 ming, ya'ni saylovchilarning 1 foiz imzosini to'play olmay, ro'yxatdan o'ta olmagan.

Qozog'iston delegatsiyasining Vashingtonga kelishidan asosiy maqsad - AQSh va G'arbni Qozog'istondagi prezident saylovlarining ochiq va adolatli o'tishiga ishontirishdir. Prezident Nursulton Nazarboyevning o'zi ham yaqinda u bilan uchrashgan AQSh Davlat kotibi Kondoliza Raysga ana shunday va'dalarni bergan.

Delegatsiya tarkibida Vashingtonga kelgan Qozog'iston prezidentining maslahatchisi va Bosh vazir o'rinbosari Karim Massimovning aytishicha, saylovlar Qozog'istonning Markaziy Osiyo mintaqasida nafaqat iqtisodiy, balki demokratik jihatdan ham yetakchi o'rinda ekanligini ko'rsatishga yaxshi imkoniyatdir.

"Biz bilan suhbatda bo'lganlar Qozog'istonning Markaziy Osiyodagi davlatlar uchun iqtisodiy va xavfsizlik masalalarida yaxshi namuna ekanligini tan olishadi," deydi Massimov. "Bo'lajak saylovlar demokratik taraqqiyot yo'lida ham yetakchilik qila olishimizni jahonga namoyish etishga yordam beradigan yaxshi imkoniyatdir."

Ba'zi mutaxassislar nazarida, AQSh diqqat markazida Qozog'istondagi saylovlarda kim emas, balki qanday g'olib chiqishi turadi. Chunki ko'pchilik - ham Qozog'iston ichkarisida, ham tashqarisida - Nazarboyevning g'alaba qozonishiga shubha qilmaydi. Biroq Qo'shma Shtatlar ko'proq saylov kampaniyasi jarayoni va muhitiga katta e'tibor beradi. Jarayonning ochiq bo'lishidan esa Qozog'iston manfaatdor, chunki uning ko'p yo'nalishli tashqi siyosati ham Rossiya, ham Xitoy, ham AQSh kabi yirik davlatlar orasida muvozanatni ushlab turishni talab qiladi.

AQSh va Yevropa bilan aloqalarning darajasi esa 4 dekabrda bo'ladigan prezident saylovlari jarayoniga bog'liqdir. Hozirda AQSh Qozog'istonning eng yirik sarmoyadorlaridan biridir. O'tgan yili AQSh Qozog'iston iqtisodiyotiga 3 milliard dollar atrofida sarmoya qilgan.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga 2009 yilga raislik uchun ariza bergan Qozog'iston saylovlarning ochiq o'tishini ta'minlash orqali bu tashkilotda raislikka munosib ekanligini isbotlamoqchi. Buni prezident maslahatchisi Karim Massimov ochiq tan oladi.

"Saylovlar Qozog'istonning tashkilot andozalariga javob berishini ko'rsatib beradigan yaxshi sinovdir," ta'kidladi janob Massimov.

Uning aytishicha, Qozog'iston demokratik yo'lga o'tishga astoydil bel bog'lagan. Mamlakatda muxolifat va matbuotning ochiq faoliyat yuritishi, ba'zi davlatlardagiga o'xshab nodavlat tashkilotlarning ta'qib etilmagani bundan dalolatdir, dedi u. "Biz ham boshqalarga o'xshab nodavlat tashkilotlarni yopib qo'yishimiz mumkin edi," dedi Karim Massimov.

Bo'lajak saylovlarda saylov uchastkalarining 15 % da elektron ovoz berish amalga oshiriladi. O'tgan yilgi parlament saylovlarida ilk sinovdan o'tgan elektron ovoz berish tizimi uning inson omili sabab uchraydigan xatolarning oldini oladi, saylovchilarning takror ovoz berishlariga hamda bir oila a'zosining boshqa oila a'zolari o'rniga ham ovoz berishiga to'sqinlik qiladi. Elektron tizimning xato qilmasligi va faoliyatini nazorat qilish uchun esa mamlakatga Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining mutaxassislari kelishadi. Bundan tashqari mazkur nufuzli tashkilot o'zining 13 nafar doimiy kuzatuvchisini Qozog'istonga yuborishni rejalashtirgan.

Vashingtondagi tadbirda ishtirok etish uchun kelgan Qozog'iston Markaziy Saylov Komissiyasining kotibi Vladimir Foos saylov jarayonini qattiq nazorat ostiga olishga va tushayotgan shikoyatlarga tezkor munosabat bildirishga tayyor ekanligini aytdi. Biroq, dedi u, har bir saylovda bo'lgani kabi, 4 dekabrgacha bo'ladigan saylov kampaniyasi jarayonida ham kamchiliklarning bo'lishi ehtimoldan xoli emasdir.

Qozog'istondagi saylovlarning yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, mutaxassislar Qozog'iston siyosiy tizimining rangli inqiloblar sinovidan o'tishini kuzatishga oshiqmoqdalar. Biroq bungacha ularning diqqat-e'tibori 6 noyabrda Ozarbayjonda bo'ladigan parlament saylovlariga qaratiladi.