Vashington Kavkaz va Markaziy Osiyoni erkin saylovlarga undamoqda

Prezident Bushning aytishicha, Amerika tashqi siyosatining asosiy yo’nalishi demokratiyalashtirishga qaratiladi.

Bu boradagi tashabbuslarning ko’pi Yaqin Sharq masalasi bilan bog’liq bo’lsa-da, muxbirimiz Jim Bertelning hikoya qilishicha, Vashington endilikda Markaziy Osiyo va Kavkazda ham demokratik islohotlarning amalga oshirilishiga chaqirmoqda.

Bir qaraganda, Bushning neft siyosati va demokratiyalashtirish bobida olib borayotgan harakatlari bir-biridan ancha farq qilsa-da, dunyo bo’ylab neft narxining ko’tarilishi AQSh kabi yirik iqtisodiyotga ega mamlakatlarni ancha tashvishga solib qo’ygan. Bush rahbariyati nazarida, ayniqsa neftga boy davlatlar barqaror va erkin jamiyatlarga aylanishi lozim.

AQSh Davlat kotibining Yevropa va Yevroosiyo bo’yicha yordamchisi muovini Matyu Brayza, demokratik islohotlarga quchoq ochgan davlatlar energetika sohasida ishonchli hamkorlar bo’ladi, deydi.

“Bizning nazarimizda ichki islohotlarga yo’l beruvchi hukumatlar strategik jihatdan foydali hamkorlardir. Ham energetika, ham xavfsizlik bobida,”- deydi Davlat kotibi yordamchisining muovini.

Konservativ siyosatni olg’a suruvchi olim Ariel Koxen ham yuqoridagi fikrga qo’shiladi. “Xalq erkin va adolatli tarzda saylangan hukumatlarni haqiqiy deb hisoblaydi. Bu hukumatlar barqaror bo’ladi va shu bois ham ular mamlakat iqtisodiyotini mustahkamlashga qodir,”- deydi janob Koxen.

Avtoritar hukumatlar ostida yashayotgan neftga boy Ozarbayjon va Qozog’iston AQShning strategik hamkori bo’lish uchun intilmoqda. Oq uy ularning har ikkisiga birdek, erkin va adolatli saylovlar Vashington bilan munosabatlarni yuqori bosqichga olib chiqadi, jumladan iqtisodiy va harbiy sohalarda, deb uqtirmoqda.

Lekin ularga bunday talab qo’yish yaramaydi, deydi siyosatshunos Zeyno Baran. “Bu mamlakatlar bir kechada demokratik jamiyatlar bo’lib qolmaydi,”- deydi olima.

“Biroq bu davlatlarda erkinlik uchun siyosiy istak borligini sezyapmiz. AQSh ham ularga bu borada ko’maklashish niyatida ekanini ochiq bildirmoqda. Vashington saylovlarning erkin o’tishi yo’lida ham rasmiy [Ozarbayjon], ham [Qozog’iston] bilan yaqindan ishlamoqda,”- deydi Zeyno Baran.

Amerika Tashqi siyosati kengashi nomi ostida tanilgan tadqiqot instituti xodimi Ilam Berman esa, parlament saylovlari arafasidagi Baku va prezident saylovlariga tayyorlanayotgan Ostona siyosiy jihatdan muhim burilish nuqtasida turibdi, deydi.

“Ular tanlayotgan yo’l bu davlatlarning kelasi 10-20 yil davomida siyosati va iqtisodiyotini belgilaydi. Menimcha, har ikkala davlat rahbarlari buni yaxshi tushunadilar,”- deydi siyosatshunos Berman.