Vashington O'zbekiston hozirgi yo'lidan qaytadi, deb umid qilmoqda

  • Amerika Ovozi

O’zbekiston hukumati siyosiy jihatdan o’zgacha fikrlovchilarga qarshi ayovsiz harakatini davom ettirmoqda. Yaqinda O’zbekiston mulozimlari, prezident Islom Karimovni tanqid qilgan muxolifat rahbarlaridan birini hibsga oldi.

"Serquyosh O'zbekistonim" koalitsiyasining idorasiga bostirib kirilib, hujjatlar va kamida bir kompyuter musodara qilingan. Haligacha hibsda ushlab turilgan koalitsiya rahbari Sanjar Umarov qalloblikda, ya’ni mablag’ o’zlashtirganlikda ayblanmoqda. Umarovga qamoqxonada ruhiyatni zaharlovchi dori berilmoqda va qo’pol muomala qilinmoqda, degan tashvishli xabarlar kelmoqda.

Janob Umarovning ahvolidan qattiq xavotirga tushgan AQShning yetakchi senatorlari Bill Frist va Richard Lugar - Sanjar Umarovning ishi O’zbekiston konstitutsiyasi asosida erkin va ochiq ravishda hal etilsin,- deya chaqiruvchi rezolyutsiya loyihasi taqdim etdilar. Unda, adolat ravnaq topsin, deyiladi. Rezolyutsiyaga ko’ra, Umarovga inson huquqlari bo’yicha xalqaro standartlarga binoan muomala qilinishi kerak va uning advokatlari hamda oilasi bilan uchrashishiga ruxsat berilishi shart.

Muxolifat ovozini o’chirish maqsadida O’zbekiston ma’muriyati inson huquqlari kurashchisi Yelena Urlayevani ham qamoqqa olgan edi. Hukumatga qarshi varaqalar tarqatganlikda ayblangan bu ayol, yaqinda ozodlikka chiqarildi.

Oktyabr oyida Toshkent sudi Urlayevani majburan ruhiy kasalxonaga yotqizish va unga muolaja berish borasida hukm chiqargan edi. Urlayeva xonim, sud jarayoniga qatnasha olmagan va unga advokat tayinlanmagan. 27 oktyabrda esa ruhiy shifoxonadan chiqarilgan.

Urlayeva zo’ravonlik qurbonidir. U faoliyati davomida qayta-qayta kaltaklangan va avval ham zo’rlab, ruhiy kasalxonaga joylashtirilgan edi.

Siyosiy muxolifatni va o’zgacha fikrlovchilarni ta’qib ostiga olish, ularni ruhiy shifoxonalarda ushlab turish sobiq Sovet Ittifoqidan qolgan sarqitdir va AQSh hukumati bu harakatlarga mutlaqo qarshidir.

O’zbekistonda demokratiya va inson huquqlari faollari o’zlarining xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan huquqlaridan foydalanish uchun o’z hayotlarini xavf ostiga qo’ymoqdalar.

Demokratiya va inson huquqlarini e’zozlash, iqtisodiy ishlohotlarni amalda tadbiq etish, O’zbekiston barqarorligi, xavfsizligi va farovonligi uchun o’ta zarurdir. Aks holda, deydi AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays, u oqibatda repressiya, qashshoqlik va ektrimistik mafkuraga olib boradi. Amerika Qo’shma Shtatlari, deydi Rays xonim, O’zbekiston hozirgi siyosatini o’zgartiradi va siyosiy islohotlar yo’lini tanlaydi, deya umid qilishda davom etadi.