Qozog'iston saylov oldidan biroz bezovta

Qozog’istonda 4 dekabr’ kuni prezident saylovi bo’lib o’tadi. Hozirda saylovoldi kampaniyasi qizg’in tusga kirgan, ammo so’nggi bir necha kun ichida yuz bergan ba’zi kutilmagan voqealar vaziyatning xavotirli tomonlari borligidan dalolat bermoqda.

Qozog’istonda 4 dekabr’ – prezidentlik saylovi kuni yaqinlasharkan, Qirg’iziston, O’zbekistondan so’ng bu davlatda ham hukumat va muxolifat vakillari o’rtasida to’qnashuvlar bo’lishi mumkinligi to’g’risida xavotirlar paydo bo’la boshladi.

12 noyabr’ kuni muxolifatdagi “Adolatli Qozog’iston” guruhi tarkibiga kirgan Zamanbek Nurkadilovning o’z uyidan o’lik holda topilishi ana shunday xavotirlarga asos bo’lmoqda. Muxolifat o’tmishda favqulodda holatlar vaziri, Olma-ota meri, deputat bo’lgan 61 yoshli Zamanbek Nurkadilov o’limi ortida siyosiy sabablar bo’lishi mumkin, deya hisoblaydi.

Zamanbek Nurkadilov vazir lavozimida ishlayotgan paytida Nursulton Nazarboyev hukumatini korruptsiyada ayblagan va Nazarboyevdan istef’oga ketishlikni talab qilgan edi.

Advokat Serik Musinga ko’ra, marhum o’z joniga suiqasd qilgan bo’lishi mumkin emas.

- Marhum o’zini o’zi ikki marta otolmaydi, – deydi advokat Serik Musin.

Qozog’istonning amaldagi prezidenti Nursulton Nazarboyev Zamanbek Nurkadilovning o’limi bo’yicha vaziyatni shaxsan nazorat ostiga olgan.

4 dekabr’ kuni o’tadigan saylovda bo’lg’usi Qozog’iston prezidenti 7 yil muddatga saylanadi. Saylovda Nursulton Nazarboyevdan tashqari muxolifatdan Jarmaxan Tuyoqboy va yana boshqa uch nomzodning ishtirok etishi kutilmoqda. Nursulton Nazarboev 1989 yildan buyon mamlakatni boshqarmoqda.

Yevropa Ittifoqi o’tgan payshanba kuni saylovoldi jarayonida muxolifat partiyalari hamda jurnalistlarga o’tkazilayotgan bosim sababli xavotir bildirgan.

Qozoq muxolifatchilariga ko’ra, hukumat targ’ibot-tashviqot yuritishga qo’ymayapti. Muxolifat nashrlari sotuvdan musodara qilinmoqda. MDH saylovlarni kuzatish xalqaro tashkilotining Olma-otadagi vakili Stepan Novosel’chan 10 kun ichida saylovoldi targ’iboti paytida 28 qonunbuzarlik bo’lganini aytadi. Unga ko’ra, barcha joyda asosan Nursulton Nazarboyev reklama qilinyapti, qolgan nomzodlarga qarshi turli maqolalar uyushtirilmoqda.

- Bu Konstitutsiya moddalari va “Saylov to’g’risida” qonunni to’g’ridan-to’g’ri buzishdir, – deydi Stepan Novosel’chan.