Grin karta lotoreyasiga ariza topshirish muddati tugamoqda

Amerika Qo’shma Shtatlarida doimiy yashash va ishlash huquqini beruvchi an’anaviy immigratsion vizalar lotoreyasi dasturi, ya’ni 2007 yilgi Grin karta lotoreyasini o’ynash uchun ariza berish muddati yaqinda nihoyasiga yetadi.

Mazkur lotoreya o'yinida Markaziy Osiyoning barcha davlatlari, jumladan O'zbekiston, Qirg'iziston, Qozog'iston, Tojikiston va Turkmanistan fuqarolari qatnashishlari mumkin.

2006 yilgi grin karta lotoreyasini O’zbekistondan 1346, Qirg’izistondan 132, Qozog’istondan 244, Tojikistondan 42 va Turkmanistondan esa 76 kishi yutgan edi.

“Amerika Ovozi” O'zbek xizmati yaqinda Amerikada istiqomat qilayotgan huquqshunos Bobur Mirg’aniga bu lotoreya va unda qatnashish qoidalari haqida bir necha savollar murojaat qildi.

Savol: Grin karta lotoreyasining bu yilgi ariza berish muddati 5 oktyabrida boshlangan edi. Grin karta nima o’zi?

Huquqshunos: AQSh immigratsiya qonuniga binoan, AQShda doimoy yashash hamda Amerika fuqarolariga berilgan barcha imtiyozlardan foydalanish huquqini beruvchi immigrantlik vizasidir. Mazkur viza sohibi Amerikada uzluksiz besh yil yashaganidan so’ng Amerika fuqaroligiga murojaat qilishi mumkin.

Savol: Ushbu lotoreyada kimlar ishtirok etishlari mumkin?

Huquqshunos: O’zbekiston hududida tug’ilgan kamida 21 yoshda bo’lgan har qanday shaxs, mazkur lotoreya o’yinida ishtirok etishi mumkin.

Savol: Qatnashish istagida bo’lgan shaxs, misol uchun, O’zbekistonda yashasa lekin uning tug’ilgan joyi Rossiyada bo’lsa nima bo’ladi? Chunki Rossiya lotoreyada ishtirok etuvchi davlatlarga kirmaydi. .

Huquqshunos: Bunday shaxs faqat turmush o’rtog’i orqali mazkur lotoreyada qatnashish huqugiga ega. Ishtirok etuvchi shaxs ota-onasi vaqtinchalik ish bilan Xitoyga borgan vaqtda tug’ilib qoldi deylik va bu bola 21 yoshdan o’tgan bo’lsa, va grin karta o’yinida ishtirok etmoqchi bo’lsa, hech ikklanmasdan ota-onasi O’zbekistonda tug’ilganigini da’vo qilgan holda mazkur lotoreya oyinlarida ishtirok etishi mumkin. O’zbekistonda tug’ilgan fuqarolar ma’lum sabablar bilan chet elda yashayotgan bo’lishlari mumkin. Bu shaxslar mazkur lotoreya o’yinlarida ishtirok etish huquqiga egalar.

Savol: Ushbu lotoreyada qatnashish uchun pul to’lanishi kerakmi?

Huquqshunos: AQShning immigratsiya qonunga binoan, grin karta lotoreyasida qatnashish bepul hisoblanadi. Kim bu uchun pul o’layotgan bo’lsa, bu o’z biznesi yo’lida olayotgan bo’lishi kerak. Kim ishtirok etmoqchi bo’lsa, Internet orqali o’z arizasini bepul yuborishi mumkin.

Savol: Murojaat qilish tartibi qanday?

Huquqshunos: Qatnashish istagida bo’lganlar 4 dekabr kuni Vashington vaqti bilan ertalab soat 12:00 gacha yoki Toshkent vaqti bilan kechqurun soat 10:00 gacha o’z arizalarini Internet orqali www.dvlottery.state.gov sahifasidagi Standard Application yoki SSL Application orqali yuborishlari kerak. Ariza yuborishni oxirgi soatlarga qoldirmaslik maslahat beriladi. Har bir shaxs bir nusxada elektron ariza yuborish huquqiga ega. Aks holda, yuborilgan ariza avtomatik ravishda bekor qilinadi. Jumladan, fotosuratlar haqida to’xtalib o’tmoqchiman. Ishtirok etuvchi shaxs, uylanmagan bo’lsa ozining suratini, uylangan bo’lsa turmush o’rtog’ining, agar farzadlari bo’lsa, 21 yoshdan kichik bo’lgan har bir farzadining fotosuratini elektron tasvirda, ya’ni JPEG formatida jo’natishi kerak. Bu haqda batafsilroq www.dvlottery.state.gov sahifasidan bilib olishingiz mumkin.

Savol: Umuman, grin karta lotoreyasini yutish ehtimoli qancha?

Huquqshunos: AQSh Davlat departamenti chiqargan axborotiga ko’ra, o’tgan yili O’zbekistondan jami 1346 kishi grin karta yutgan. Arizangiz muvaffaqiyatli o’tgan bo’lsa, kompyuter ekranida ism-sharfingiz, tug’ilgan sanangiz, mamlakat nomi, sana hamda soat bitilgan sahifani ko’rasiz, uni printerdan chiqarishni unutmang. Bu yil ulgurmaganlar kelasi yil sentyabr oyida www.dvlottery.state.gov sahifasi orqali ariza topshirishlari mumkin.