O'zbekistonning turli viloyatlarida Andijon voqealarida ayblanayotgan fuqarolar ustidan sud jarayoni boshlangan. Muhokama jarayonlari, xalqaro va mahalliy inson huquqlari faollariga ko`ra, mutlaqo yopiq tarzda o'tmoqda.
Viloyatlarda boshlangan sud jarayonlarining yopiq tarzda o`tayotganligi, O`zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi raisi Surat Ikromovga ko`ra, mahkama jarayonida ayblanuvchilarning dastlabki jarayondan farqli ko`rsatma berishlari mumkinligi bilan bog`liq.
O`zbekiston Oliy sudining matbuot xizmati vakili Sherzod Hayitmurodovga ko`ra mahkama jarayonlari ochiq tarzda o`tmoqda.
Sherzod Hayitboevning aytishicha, kuzatuvchilar yoki sud jarayoniga ishtirok etmoqchi bo`lgan jurnalistlarga O`zbekiston oily sudi tomonidan emas balki, joylarda sud jarayononiga raislik etuvchilar tomonidan ruxsat beriladi.
Inson huquqlari bo’yicha Human Right Watch tashkilotining O`zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan tarqatilgan bayonotda joylarda sud raislari tomonidan kuzatuvchilar jarayonga qo`yilmayotganligi haqida so`z boradi.
Xalqaro inson huquqlari tashkilotining O`zbekistondagi vakili Andre Berkka ko`ra vakolatxona vakillari To`ytepada kechayotgan sud jarayoniga qatnashish uchun borishgan biroq ularga ruxsat berilmagan, sud yopiq eshiklar ortida o`tmoqda.
“Bizga jarayonga qatnashish uchun O`zbekiston Oliy sudidan ruxsat olib kelish lozimligini aytishdi ”,- deydi Andre Berkli.
O`zbekiston Oliy sudidan berilayotgan ma’lumotlarga ko`ra Andijon voqealari bo`yicha sud jarayonlari Toshkent viloyatining Yangiyo`l va To`ytepa tumanida bormoqda.
Biroq xalqaro va mahalliy inson huquqlari faollariga ko`ra Andijon voqealari bo`yicha mahkama jarayoni Toshkent viloyatining Yuqori va Quyi Chirchiq tumanlarida, shuningdek, Sirdaryo viloyatining ayrim tumanlarida ham boshlangan.
Sudlanayotganlarning soni haqida O`zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati aniq ma’lumotlarga aga emasligini aytsa, inson huquqlari himoyachilariga ko`ra 40 nafardan ko`proq kishi sudlanmoqda va sud jarayonlari mutlaqo yopiq tarzda bormoqda.
Jinoyat ishlari bo`yicha O`zbekiston Oliy sudida Andijon voqelari yuzasidan dastlabki sud jarayoni 20 sentyabrda boshlangan va 14 noyabrda nihoyasiga etgan edi.
Yuzlab tinch aholi qurbon bo`lgan Andijon voqealari yuzasidan o`tgan mazkur sud jarayoni O`zbekiston hukumati tomonidan sahnalashtirilgan tarzda o`tkazilgani haqida xalqaro hamjamaiyatning turli darajadagi fikrlari bildirib o`tilgan edi.
O`zbekiston Bosh prokuraturasi bergan ma’lumotiga ko`ra Andijon voqealarida 121 kishi ayblanib jinoyat ishi qo`zgatilgan. Ularning 15 nafari ustidan Oliy sudda hukm o`qilgan. Qolgan 106 nafar kishining bir guruhi ustidan boshlangan sud jarayonlariga kuzatuvchilar qo`yilmayapti.
Inson huquqlari himoyachisi Surat Ikromovga ko`ra viloyatdagi jarayonlarda, Oliy sudda kechgan daslabki jarayonda Andijonda tinch aholi hukumat qo`shinlari tomonidan o`qqa tutilgani haqida ko`rsatma bergan Mahbuba Zokirova kabi guvohlarni ko`plab uchratish ehtimoli bor va shu bois ham sud eshiklari yopilgan bo`lishi mumkin.