AQShning Birlashgan Millatlar Tashkiloti byudjetini qabul qilishni kechiktirish taklifi BMTdagi islohotlarning qaysi yo’ldan borish kerakligi haqidagi yangi baxslarga sabab bo’ldi. Shu tufayli BMT Bosh kotibi Kofi Annan Osiyoga rejalashtirgan safarini qoldirishga majbur bo’lgan.
Annanga ko’ra, Bosh Assambleya yaqin kunlarda ikki yilga mo’ljallangan byudjetini qabul qilmas ekan, dunyo tashkiloti katta moliyaviy inqirozga uchrashi mumkin.
AQShning BMT dagi elchisi Jon Bolton mazkur byudjetni qisman qabul qilishni so’rab, qolganini a’zo-mamlakatlar AQSh tomonidan taklif etilayotgan qator islohotlarni qabul qilishga rozi bo’lganlaridan keyin tasdiqlashni taklif etdi. Kofi Annan bu taklif bo’yicha ish yuritib bo’lmaslikni aytib, "- bu BMT uchun to’gri kelmaydigan taklif, biz a’zo-mamlakatlardan tashkil topgan tashkilot bo’lib, ulardan tushayotgan a’zolik bojlari hisobiga kun kechiramiz", dedi.
BMT rasmiylari yig’ilishida so’zlar ekan, Kofi Annan tashkilot vazifalari va va undagi islohotlarga bo’lgan ehtiyoj o’rtasida bog’liqlik bor degan fikrlarni rad etdi. U Osiyoga rejalagan ikki haftalik safarini byudjet bilan bog’liq inqirozli vaziyatning oldini olish uchun bekor qilganini ta’kidladi.
“BMT” ning ishi - islohotlar o’tkazish emas. BMT ning ishi - Bosh Assambleya va Xavfsizlik Kengashi tomonidan qo’yilgan vazifalarni bajarishdir. Shu sabab ish davom etishi lozim. Shuning uchun biz nafaqat islohotlarga, balki mavjud faoliyatimizga ham tahdid soluvchi tashabbus bilan chiqmasligimiz lozim. A’zo-mamlakatlar bilan birgalikda biz uchun zarur byudjetni qabul qilishimizni nazorat qilish uchun bu yerda qolganimning sabablaridan biri ham shu”, dedi Kofi Annan.
BMT Bosh Asambleyasi byudjet va islohotlar bo’yicha muzokaralar o’tkazishni mazkur hafta ohiriga rejalashtirmoqda. Assambleya Prezidenti Yan Eliasson 20 dekabrni kelishuvga kelishning so’nggi muddati etib belgilagan