Florida shtatining sudi o’zbekistonlik ikki nafar kishini qalloblikda ayblab, ularning hibsga olinishi uchun order chiqardi. Floridaning Kolyer grafligida yashagan Alisher Mardonov va Shahnoza Hakimovalar Internetdagi I-bey (e-Bay) savdo tizimida odamlarni aldab, ulardan jami 100 ming dollarga yaqin pulni o’zlashtirgan.
I-Bey savdo tizimi Internetda odamlarga turli xil mahsulotlarni sotish va sotib olishga imkoniyat beradi. Tizimning o’zi har bir sotuvdan tushgan foiz hisobiga kun kechiradi. Kuniga millionlab dollarga teng mahsulotlar sotiladi va sotib olinadi. Biron-bir mahsulotni sotishdan oldin sotuvchi mahsulot turi, nomi va narxini I-Bey tizimiga joylashtiradi. I-Beyda kitobdan tortib elektronika jihozlarigacha, sport anjomlaridan ko’hna san’at asarlarigacha sotiladi. Mahsulotni sotib olmoqchi bo’lgan odam, avvaliga pulni kredit karta, Vestern Yunion (Western Union) yoki boshqa moliyaviy usullar orqali sotuvchiga yuboradi. Sotuvchi pulni olgach, xaridorga mahsulotni pochta orqali jo’natadi. Mahsulotni o’z vaqtida, Internetda ta’riflangan holatda olgan va undan ko’ngli to’lgan xaridorlar I-Beyda sotuvchiga ovoz berib, uning ishonch reytingini oshiradi. Xaridorlar mahsulotlarni odatda sinovdan o’tgan, ishonch reytingi baland odamlardan xarid qiladilar.
Floridaning Neapol shahrida istiqomat qilib kelgan va mahalliy restoranda ishlagan 34 yoshli Alisher Mardonov I-Beyda ikki yildan buyon narsalar sotib, o’z reytingini oshirib, xaridorlar ishonchiga sazovor bo’lgan edi. Va nihoyat o’tgan yil dekabr oyida I-Bey savdo tizimida fotoapparat, ay-pod (I-Pod) kabi elektronika jihozlarini sotuvga qo’ygan hamda AQSh va Kanadadan 500 ga yaqin xaridordan Rojdestvo arafasida jami yuz ming dollarga teng buyurtma olgan edi. Biroq 500 nafar xaridorning hech biri buyurgan narsalarini olmagan. Tashvishga tushgan xaridorlar politsiyaga murojaat etganlarida, kech bo’lgan. Alisher Mardonov va uning 31 yoshli hamtovog’i Shahnoza Hakimova AQShni tark etishga ulgurgan.
Ular yashagan Kolyer grafligi politsiya sherifi idorasining so’zlovchisi Stefani Spelning Amerika ovoziga aytishicha, olingan ma’lumotlarga ko’ra, juftlik ayni paytda Rossiyada bo’lishi mumkin.
"Tergovchilarga ko’ra, ular 3 yanvarda Rossiyaning Qozon shahriga yo’l olganlar," deydi Stefani Spel. "Ular kredit kartalariga bilet sotib olganlar, biroq 3 yanvardan so’ng kredit kartalarini ishlatmaganlar. Biz FBR va AQSh Maxfiy xizmati bilan bu borada hamkorlik qilmoqdamiz. Gumondorlar haqidagi axborot Interpolga ham berilgan. Rossiyalik hamkasblarimiz bilan ham aloqa qilishga urinyapmiz."
Stefani Spelga ko’ra, jinoyatchilar qo’lga olinib, AQShga chiqarilgan taqdirda, ularni sud kutmoqda. Aybdor deb topilgan taqdirda, Alisher Mardonov va Shahnoza Hakimovalar 30 yilgacha qamoq jazosiga mahkum etilishlari mumkin. Bundan tashqari juftlik o’tgan yili Vol-Mart (Wal-Mart) supermarketidan elektronika jihozlarini o’g’irlayotgan paytda qo’lga tushgan edi, biroq ular sud chaqirig’iga parvo qilishmagan. O’shanda aybdor deb topilgan taqdirda, sud ularni mamlakatdan deportatsiya qilishga qaror chiqarishi mumkin edi. Mamlakatdan chiqarilishini tushungan juftlik uni quruq qo’l bilan tark etmaslikka qaror qilgan ko’rinadi.
Stefani Spel bu I-Bey savdo tizimi tarixidagi eng katta qalloblik deydi.
"I-Beyda ilgari ham qalloblik hollari uchrab turgan, biroq bunaqa darajada emas. Bir kishining 500 ga yaqin xaridor pulini o’zlashtirib ketishi I-Bey tarixidagi ilk holdir."
Sherif idorasi xizmatchisiga ko’ra, juftlik mahalliy bank hisoblaridagi yetti ming dollarni olishga ulgurmagan.
Qurbonlardan biri Kanzas shtatining Nil shahrida yashovchi Juli Libetro ismli ayol bo’lgan. U Rojdestvo bayramiga 13 yoshli o’g’li uchun Pleysteyshn (Playstation) kompyuter o’yini moslamasini I-Beydan sotib olib sovg’a qilmoqchi bo’lgan, biroq Alisher Mardonovday sotuvchiga duch kelgan. Tabiiyki, sovg’a o’z egasini topmagan. Aniqrog’i, egasiga sovg’a yuborilmagan. “Men uning I-Beydagi ikki yillik ijobiy reytingiga ishondim, bundan keyin I-Beydan hech narsa sotib olmayman,” dedi Juli Libetro mahalliy telekanallardan biriga bergan intervyusida.