Navoiy tavalludiga 565 yil to'ldi

O’zbek adabiyoti asoschisi hisoblangan Alisher Navoiy tavalludiga 565 yil to’ldi. Mustaqillik O’zbekistonda Navoiy asarlariga munosabatni ham keskin o’zgartirgan. Navoiyshunoslar shoirni davlat arbobi, faylasuf, sufiy sifatida ham talqin etmoqdalar. Ularning fikricha Navoiyni o’rganish nafaqat madaniy, balki siyosiy vazifadir.

Toshkentdagi Qo’lyozmalar majmuidagi mutaxassislar taxminicha, Navoiy dastxati bilan tahrir qilingan ko’plab qo’lyozmalar mavjud va bugungi aksariyat yoshlar va ziyolilar Navoiy asarlarini tushunmaydilar.

Mustaqillik O’zbekistonda o’ziga xos navoiyshunoslikni ham vujudga keltirgan. Bugun O’zbekiston navoiyshunoslari shoir ijodi manbalarini kengroq o’rganish, Navoiy asarlaridagi diniy qarashlar bilan bog’liq qismini to’g’ri talqin qilish, Navoiy ijodida tasavvuf, davlat, huquq, ishlab chiqarish haqidagi fikrlarini o’rganish dolzarb masala ekanini aytishmoqda.

“Alisher Navoiyni bugungi kunda biz davlat arbobi, mashhur siyotsatchi sifatida o’rganishimiz kerak. Chunki Navoiy do’sti Husayn Boyqaroga yozgan bir xatida shunday deydi: “Muxtasiblar haftada ikki qatla bozor ahlining narxlaridin vuqib topsalar”. Yoki bo’lmasa Alisher Navoiy ishlab chiqarish haqida gapirganda, ishlab chiqarishning asosiy kuchi deb dehqonlarni ko’rsatadi. Bu narsa bizning kunlarimizda ham shunday bo’lib turibdi. Va Alisher Navoiy bozorni ma’muriy, iqtisodiy yo’l bilan nazorat qilishni talab qilgan. Va Davlatshoh Samarqandiy tili bilan aytganda, “uning oily dargohi fuqarolarning murojaatgohi bo’lgan”, -deydi adabiyotshunos olima Robiya Rajabova.

Shoh Husayn Boyqaroning vaziri bo’lgan Navoiy adolatli shoh, adolatli jamiyat va adolatli boshqaruvni qattiq turib himoya qilgan. Ba’zi adabiyotshunoslar shoir Husayn Boyqaro siymosida adolatparvar rahbar yo’lboshchini ko’rganini urg’ulashadi. Professor Najmiddin Komilov fikricha, bugungi kunda Navoiy merosini o’rganish nafaqat madaniy, balki siyosiy hodisa hamdir.

“Hozirgi paytda O’zbekiston uchun eng katta ijtimoiy hodisaga aylangan aqidaparastlik va unga qarshi kurash g’oyasi. Buni ham Navoiydan o’rgansa bo’ladi. Navoiydan islomni, imonni, dinni, e’zozlash, islomga bo’lgan cheksiz hurmat-muhabbat, ilohiy ishq va ayni paytda aqidaparastlikka qarshi, ayni paytda dinni dastak qilib olib yomon ishlarni qiladigan qozikalonlar, muftiylar, shayxulislomlarning haromxo’rliklari, poraxo’rliklari, rishvaxo’rliklarini qattiq g’azab bilan, alam bilan fosh qilib tashlagan. Bu narsa hozirgi paytda ham aktual bo’lib hisoblanadi. Demak, islomga bo’lgan munosabatni ham, dunyoviylik bilan ilohiylikni qo’shishni hanm biz Navoiydan o’rgansak bo’lar ekan”, - deydi Najmiddin Komilov.

Ba’zi adabiyotshunoslar fikricha, O’zbekistonda Alisher Navoiy ijodini omma o’rtasida keng targ’ib qilish imkoniyatlari hali o’ylab topilmagan. Ularga ko’ra, yoshlar Navoiy asarlarini o’qishmaydi, tushunishmaydi ham. Kimdir bu holni shoir davri tilining murakkabligi bilan bog’lasa, yana kimdir keyingi yillrda yoshlarninng kitobga, badiiy asarlar o’qishga qiziqishi so’nganida deb bilishadi. Yoshlarning o’zi esa bu haqda mana bunday fikrda:

“Alisher Navoiyni falsafasini yoki u kishining ijodini chuqur bilmasligimiz sababi, man ochiq aytishim mumkin, umuman respublika maktablarida o’qituvchilarning o’qitish, bilim darajasi Navoiyga qiziqishni uyg’ota bilmayapti”.

“Ulug’ mutafakkirimiz, jahon tan olgan shoirlarimizning hali ko’p sherlarini bizlar bilmaymiz ham, hatto uning so’zlari ma’nosiga ham etib bormaymiz biz. Bu juda biz uchun bir kulguli hol bo’lsa kerak deb o’ylayman. Shuning uchun uni o’rganishni maktabdan boshlash kerak”.

“Navoiy tilini tushunmaslik birinchi sabab bo’ladigan bo’lsa, Navoiyni chuqur o’rgata oladigan mutaxassislar yo’qligi ikkinchi sabab, yani o’rta maktabda dars berayotgan hamma adabiyot o’qituvchilarining o’zlari Navoiyni yaxshi tushunadi deb bo’lmaydi. Hozirgi yoshlar bir joyda o’tirib kitob o’qishdan ko’ra, chet elning ur-yiqit kinolarini ko’proq yoqtirqdigan bo’lib qolishgan. Buyam asosiy sabablardan biri deb oylayman.”

O’zbek adabiyotining asoschisi hisoblangan Alisher Navoiyni faqat tug’ulgan kuni bahonasida eslash odat tusini olayotgani xususida xavotirlar ham mavjud. Ba’zilarga ko’ra, bugun Navoiyni tushunish yoshlargagina emas, aksar ziyolilarga ham mushkullik tug’diradi.

“Navoiyni bugungi kunda ziyolilarning aksar qatlami ham o’qib, tushinishi qiyin bo’lgan shoirlardan, buni ochiq tan olish kerak. Navoiy asarlarini tushunish uchun, tabiiyki uning lug’ati kerak. Navoiy asarlarini tushunish uchun ma’lum ma’noda tasavvuf ilmidan xabardor bo’lish kerak, ma’lum ma’noda din ilmidan xabardor bo’lish kerak. Afsuski, bizda bu sohalarda bilimi yetarli bo’lmagani sababli ehtimol Navoiyni tushunish qiyin kechayotgandir va uni quruq iftixorga aylantirib qo’yish an’anasi kuchayib ketayotgandir,”-deydi o'zbek ziyolilaridan biri.

Navoiy merosi dunyoning ko’plab xazinalarida saqlanmoqda. Biroq uning eng nodirlari Toshkentdagi Sharqshunoslik institutida ham mavjud. Hozirgacha navoiy ijodiga mansub 32ta qo’lyozma asar ma’lum. Shulardan 21 tasi shu fond xazinasida saqlanadi. Mutaxassislarga ko’ra, bu yerdagi ba’zi asarlar shoirning o’z dastxatida tuzatilgan bo’lishi mumkin.

Ayni paytda o’zbek adabiyotshunoslari navoiyni o’qiladigan, uqiladigan, ibrat bo’la oladigan shoir sifatida talqin etishmoqda. Buyuk shoir shaxsi va asarlariga qaysi tomondan yondashilmasin, muhimi uning ijodiga bo’lgan qiziqishu ehtiyojning kuchayishida ekani aytilmoqda.