Farg’ona vodiysida joylashgan uch davlat – Qirg’iziston, O’zbekiston va Tojikiston chegaralarini qonuniy ravishda kesib o’tish bo’yicha Qirg’izistonda yo’lko’rsatkich qo’llanma nashrga tayyorlanmoqda. Loyiha “Farg’ona vodiysining chegara bilmas huquqshunoslari” jamoatchilik uyushmasi tomonidan amalga oshirilyapti.
Mazkur uyushma 2003 yilning 9 aprelidan beri faoliyat yuritmoqda va O’sh shahrida mintaqaviy idorasiga ega. Uyushma rahbari Odilbek Ismoilovga ko’ra, uyushma asosan Farg’ona vodiysidagi uch davlat – Qirg’iziston, O’zbekiston va Tojikiston huquqshunoslari bilan hamkorlikda qirg’iz-o’zbek-tojik chegaralarida fuqarolar duch kelayotgan muammolarni hal qilish bo’yicha ish olib bormoqda. Uyushma tarkibiga kirgan huquqshunoslar fuqarolarga chegarani kesib o’tish, chegaradan tijorat yoki shaxsiy ehtiyojlar uchun mahsulot olib o’tish bo’yicha bepul maslahatlar berish bilan shug’ullanadilar. Bir so’z bilan aytganda, huquqshunoslar vodiy aholisining huquqlarini himoya qilish orqali kelib chiqishi mumkin bo’lgan har qanday nizoning oldini olishni maqsad qilganlar.
“Farg’ona vodiysining chegara bilmas huquqshunoslari” jamoatchilik uyushmasi rahbari Odilbek Ismoilovning aytishicha, AQShning USAID tashkiloti, Yevroosiyo Jamg’armasi va Qirg’izistondagi AQSh elchixonasi qoshidagi Demokratiya komissiyasi ko’magida huquqshunoslar yaqinda “Farg’ona vodiysi bo’ylab sayohat” deya atalgan yo’lko’rsatkich qo’llanma yaratdilar.
"Qo’llanma uch bobdan iborat. Qirg’iziston, O’zbekiston va Tojikiston bo’yicha alohida umumiy ma’lumotlar berilgan. Shuningdek, savol-javob tarzida har bir davlat qonun-qoidalari asosida borish, kelish, yashash, tranzit, hujjatlarni rasmiylashtirish, viza olish, tegishli idoralarda ro’yxatdan o’tish, chegaradan mahsulot olib o'tish, chegarani kesib o’tish, qonunbuzarliklarga yo’l qo’yilgan taqdirda qanday jazo qo’llanilishi borasida batafsil ma’lumotlar berilgan," deydi Odilbek Ismoilov.
Unga ko'ra, yo’lko’rsatkich qo’llanma yaratilishining asosiy sababi, vodiy aholisining aksariyati chegaralardan o’tish tartibini yaxshi bilmaydi, shuning uchun Farg’ona vodiysida fuqarolar va chegarachilar o’rtasida tez-tez mojarolar kelib chiqadi.
"Yo’lko’rsatkich qo’llanmada fuqarolarga o’z davlatlari hamda qo’shni davlat qonun-qoidalarini buzmagan holda chegaralardan o’tish to’g’risida barcha ma’lumotlar berilgan," deydi “Farg’ona vodiysining chegara bilmas huquqshunoslari” jamoatchilik uyushmasi rahbari Odilbek Ismoilov.
“Farg’ona vodiysi bo’ylab sayohat” deya ataluvchi 172 sahifadan iborat yo’lko’rsatkich qo’llanma o’zbek, qirg’iz, tojik va rus tillarida chiqadi va har uch davlat – Qirg’iziston, O’zbekiston va Tojikiston hududida fuqarolarga bepul tarqatiladi.