Rasmiy ma’lumotlarga ko`ra, O`zbekistonda besh mingga yaqin nodavlat tashkilotlar faoliyat ko`rsatadi. Norasmiy ma’lumotlarga ko`ra esa, nodavlat tashkilotlarga boshlangan bosimlardan so`ng ularning soni bir necha barobarga kamaygan. Yaqinda “Nodavlat notijoriy tashkilotlar faoliyatining kafolatlari haqida”gi qonunga kiritilgan o`zgartirishlar bu kabi tashkilotlarning faoliyatini yanada cheklashi mumkinligi aytilmoqda.
Sharhlovchilarga ko`ra, hodavlat tashkilotlar haqidagi qonunga kiritilgan o`zgartirishlar nodavlat tashkilotlarning ma'muriy va jinoiy javobgarlikka tortish holatlarini kuchaytiradi. Kiritilgan o`zgartirishlarga ko`ra, nodavlat-notijoriy tashkilotga nisbatan ko`riladigan ma'muriy choralar jarimalar miqdorini bir nech o`n barobariga oshirgan. Masalan, avval eng kam ish haqining 20 baobarida belgilangan jarima miqdori 80 barobargacha ko'tarilgan.
Mustaqil jurnalist Alisher Taksanovga ko'ra, buning sababi O`zbekiston hukumatining mustaqil tashkilotlar faoliyatidan manfaatdor emasligidadir.
“Nega nodavlat tashkilotlar o`z vaqtida moliyaviy hisobot bermagani uchun bu darajada qattiq jazolanayapti va shu bilan bir qatorda biznes bilan shug`ullanuvchi tashkilotlar xuddi shunday hisobot topshirmagani uchun eng kam ish haqining 10 barobari miqdorida jarima to`laydi xolos? O`zbekiston hukumati mustaqil tashkilotlardan qo`rqadi, biznes bilan shug'ullanuvchilarni soliqlar vositasida boshqarishi mumkin, lekin mamlakatdagi ijtimoiy muammolarni ko`tarishi mumkin bo`lgan nodavlat tashkilotlardan hukumat manfaatdor emas”, deydi u.
Nodavlat tashkilotlar haqida tayyorlanayotgan yangi qonunga ko`ra, mamlakatdagi nodavlat tashkilotlarni moddiy jihatdan ta'minlash uchun jamg`arma tashkil etilishi ko`zda tutiladi.
Bildirilayotgan mulohazalarga ko`ra esa, bu nodavlat tashkilotlarni to`g'ridan-to`g'ri davlat nazoratiga qo'yishi mumkin. Bundan tashqari jamg'armaning haqiqatda nodavlat tashkilotlarni mablag` bilan ta'minlay olishi ham shubha ostiga qoyilmoqda.
O`zbekistondagi nodavlat tashkilotlarning xalqaro grantlar vositasida faoliyat yuritayotganliklari esa rasmiy doirada matbuotda tanqidlarga sabab bo`lmoqda.
Ularga ko'ra, G'arb davlatlari nodavlat tashkilotlar orqali O`zbekistondagi vaziyatni izdan chiqarishga va hukumatni o`zgartirishga intilmoqda. Bunga Qirg'iziston va Gruziyada bo`lgan inqiloblar misol tariqasida keltiriladi.
Aynan shunday tanqidlar ostida kechgan sud jarayonlari oqibatida mamlakatdagi bir qator xalqaro nodavlat tashkilotlar faoliyati to`xtatildi, ko`plab mahalliy nodavlat tashkilotlar qayta ro`yxatga olinmadi, ba`zilari ihtiyoriy ravishda o`z faoliyatini to`xtatishga majbur bo`ldi.
Siyosatshunos Farxod Tolipovning aytishicha, O`zbekistondagi hozirgi sharoitda nodavlat tashkilotlarni qo'llab-quvvatlashga yetarli resurslar bo`lmagan bir paytda mustaqil ravishda mablag` topishga intilayotgan nodavlat tashkilotlarni va fuqarolarni qo`llab quvvatlash kerak.
“Men o`zim ko`plab nodavlat tashkilotlarni, talabalarni, yosh olimlarni bilaman. Ular G'arb, AQSh tomonidan ajratilgan grantlar hisobiga o`z ilmiy ishlarini davom ettirishgan, kitoblar yozishgan. Biz bunday kishilarning qiyin sharoitda o`z ishlarini tashlab ketishmaganidan, izlanishlarini davom ettirishganidan xursand bo`lishimiz kerak”, deb ta'kidlaydi Farxod Tolipov.
Mustaqil jurnalist Alisher Taksanovga ko`ra, O`zbekistonga xalqaro moliyaviy tashkilotlar va G'arb davlatlari tomonidan turli mablag`lar olib kelinmoqda, biroq hukumat bu mablag'larning samarasi haqida hech narsa demayapti va shu ma'noda nodavlat tashkilotlar ham o`z loyihalarini amalga oshirish uchun turli xalqaro tashkilotlarga murojaat qilish huquqiga ega, biroq bunga ruxsat berilmayapti.
“Buning sababi - nodavlat tashkilotlarning inson huquqlari, so`z erkinligi, ayollar huquqlari va boshqa hukumat oshkor qilishni xohlamagan ijtimoiy muammolarni ko`tarib chiqishida”, deydi Alisher Taksanov.