O'zbekiston YevrAzES talablariga javob bera olmasligi mumkin

O`zbekiston parlamenti respublikaning Yevrosiyo Iqtisodiy Hamkorligi tashkilotiga kirish haqidagi bitimni ratifikatsiya qilgan. Ekspertlarga ko`ra, O’zbekiston YevrAzES tashkilotining talablaridan biri - erkin iqtisodiy muhit yaratish uchun chegaralarini tashkilotga a’zo davlatlarga ochish shartini bajara olmasligi mumkin.

Mutaxassislarning aytishicha, O`zbekistondagi iqtisodiy siyosat ichki bozorni himoyalash maqsadida tashqaridan kirayotgan tovarlarga yuqori bojxona narxlarini belgilashga asoslangan va aynan shu iqtisodiy zaiflik Yevrosiyo Iqtisodiy Hamkorligi tashkiloti tomonidan yaratilishi ko`zda tutilgan erkin iqtisodiy muhit sharoitiga to`sqinlik qilayotgan asosiy muammo.

O`zbekiston Oliy Majlisining xalqaro va parlamanetlararo aloqalar qo`mitasi raisi o`rinbosari Latif G`ulomovning matbuotdagi intervyusiga ko`ra, hozirda tashkilot doirasidagi 57 hujjatga qo'shilish ishlari bormoqda.

Yaqinda O`zbekiston prezidentining farmoni bilan Ostonaqul Mirzayev O`zbekistonning YevrAzES dagi doimiy vakili sifatida tayinlandi va Prezident Karimov bojxona nizomining yangi tahririni qabul qilish haqida ko`rsatma bergan.

Yevroosiyo Iqtisodiy Hamkorligi tashkiloti rahbari Grigoriy Rapota tomonidan bildirilgan ma'lumotlarga ko`ra, O`zbekiston iyun oyining oxirigacha tashkilot doirasidagi 20 hujjatga, shu yilning oxiriga qadar esa qolgan 60 ga yaqin hujjatlarga qo`shilishi lozim.

“O`zbekiston tashkilotga o`z ixtiyori bilan qo'shilgan va biror bitim yuzasidan norozilik bildirishi kerak emas”, deb ta'kidlab o`tgan Grigoriy Rapota. Tashkilot nizomiga ko`ra, birorta a`zo davlat qoshilmagan bitim qonuniyligini yo`qotadi.

Ekspert Toshpo`lat Yo'ldoshevning fikricha, Yevrosiyo Iqtisodiy Hamkorligi tashkilotiga qoshilish O`zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni tubdan o`zgartiradi.

“Sababi - chegaralar ochiladi, narx-navolar ikki-uch barobar tushib ketadi, soliqlar nisbati ham o`zgaradi. Bizdagi bojxona soliqlari biz bilan do`st bo`lgan davlatlar uchun 50 foizni tashkil etadi, boshqa davlatlar uchun 70 foizgacha yetib boradi”, deydi Toshpo`lat Yo`ldoshev.

“Siyosat” axborot-tahlil markazi vakili G'ulom Mirzayevga ko`ra O`zbekiston bozoridagi narxlar, tevarak atrofdagi boshqa mamlakatlar bozoridagiga nisbatan ancha arzon va bu holat mutaxassilar tomonidan hisobga olib choralar qo'llansa, tashkilot doirasidagi hamkorlikka zarar yetmaydi.

“Bu narsalar bosqichma-bosqich amalga oshirib boriladigan jarayonlar. Har bir davlat o`z manfaatlaridan kelib chiqib, bozorlarini himoyalab erkin bozorga chiqishga intiladi”, deb ta'kidlaydi G`ulom Mirzayev.

O`zbekiston Vazirlar Mahkamasining yaqinda o`tgan majlisida Prezident Karimov mamlakatda yalpi ishlab chiqarish hajmi yetti foizni tashkil etganini ta'kidlab o`tdi. Ekspertlar O`zbekistondagi bu iqtisodiy ko`rsatkich bilan bemalol raqobatdan cho`chimaslik va chegaralarni ochish mumkinligini bildirishmoqda.

Toshpo`lat Yo'ldoshev bu ko`rsatkichlarga shubha bilan qarashini bildiradi. Unga ko`ra, O`zbekiston Yevroosiyo Iqtisodiy Hamkorligi tashkilotiga rasmangina qo'shilgan, lekin tashkilot ichidagi integratsion jarayonlarga qatnashishga kuchi yetmaydi.

“Men bu raqamlarni to`g'ri deb hisoblamayman. Shundan kelib chiqqan holda O`zbekiston chegaralarini ochmaydi, bu boradagi muzokaralarni imkon boricha cho`zishga harakat qiladi”, deb ta'kidlaydi u.

O`zbekistonning YevrAzES ga qo'shilishi deyarli barcha a`zo davlatlar tomonidan qo`llab-quvvatlangan, ayniqsa O`zbekiston bilan chegaralari yopilgan qo'shni davlatlar. Tojikiston rasmiylari va ekspertlari birinchi navbatda rasmiy Toshkent o`z chegaralarini ochishi, xalqlar o`rtasidagi bordi-keldi va savdo aloqalarini erkinlashishi kerakligiga urg'u qaratishadi.

Biroq Toshpo`lat Yo`ldoshev rasmiy Toshkentning bunday qarorga kelishini juda uzoq kutish mumkin, tashkilotga a`zo bo`lish O`zbekistonga iqtisodiy hamkorlik shartlarini bajarish uchun emas, ko`proq siyosiy tashabbus sifatidagina ahamiyatga ega, deydi.

“O'zbekiston mintaqaviy tashkilotga qo'shildi, bu - siyosiy yutuq, lekin amalda bu tashkilot doirasidagi iqtisodiy islohotlarda O`zbekiston qatnasha olmaydi, chunki iqtisodiyoti zaiflik qiladi”, deydi Yo`ldoshev.

Siyosatshunos Farxod Tolipov bildirayotgan mulohazalarga ko`ra, Markaziy Osiyo Hamkorligi Tashkilotinining Yevroosiyo Iqtisodiy Hamkorligi foydasiga tugatilishi mintaqa davlatlarining geosiyosiy ustunlikni boy berishganidan dalolatdir.

“Markaziy Osiyo davlatlari, avvalo o`zaro integratsion jarayonlarni boshlashlari va shundan so`nggina boshqa bir davlat rahnamoligidagi tashkilotga kirib, u yerda bu muammolarni muhokama qilishganda maqsadga muvofiq bo`lardi”, deb hisoblaydi Farxod Tolipov.

YevrAzES doirasidagi davlatlarda iqtisodiyot va biznes bir qadar erkinlashtirilgan holda boshqarilayotganiga urg`u qaratilmoqda. Bildirilayotgan munosabatlarga ko`ra, O`zbekistonda iqtisodiyot asosan davlat siyosati va tasarrufi ostida yuritilayotgani ham O`zbekistonning tashkilot doirasidagi faoliyatini murakkablashtiradi.