AQShning yuqori lavozimli rasmiysiga ko’ra, Falastin saylovlarida Xamas jangari guruhi g’olib kelgan bo’lsa-da, AQSh falastinliklarga insonparvarlik yordamini berishda davom etadi. Quddusdagi muxbirimiz Robert Bergerning xabar berishicha, AQSh Davlat kotibining muovini Deyvid Velch Falastin hududlari va Isroil bo’ylab safar qilmoqda.
Janob Velchning ta’kidlashicha, AQSh ko’magi Xamas guruhini chetlab o’tib, Falastin xalqiga insonparvarlik tashkilotlari orqali yetkaziladi. AQSh Davlat kotibining muovini bu haqda Falastin rahbari Maxmud Abbos bilan uchrashuvidan so’ng, Ramalloh shahrida so’zlagan nutqida bildirdi. Ko’mak, deydi AQSh rasmiysi, janob Abbosni va uning mo’tadil siyosatini quvvatlashga qaratiladi.
"Janob Abbos olg’a surayotgan dastur, ya’ni Isroil va falastinliklar orasidagi mojaroga nuqta qo’yib, ularning yonma-yon tinch hayot kechirishini ta’minlovchi rejani biz quvvatlaymiz. Muzokaralar zo’ravonliklardan ozod muhitda o’tishi kerak," -dedi AQSh davlat kotibi muovini Deyvid Velch.
Xamas o’tmishda uyushtirgan o’nlab xudkushlik portlashlari natijasida yuzlab isroilliklar halok bo’lgan. Shu sabab, AQSh Xamas boshchiligidagi Falastin hukumatiga yordam bermaymiz, chunki AQSh qonunlari terrorchi tashkilotlarga moliyaviy ko’mak berishni man etadi, deb ta’kidlab kelayotgan edi.
Ammo Falastin xalqiga yordam bermaslik ham beqarorlikka sabab bo’lib, zo’ravonliklar yanada kuchayadi, degan xavotirlar yuzaga keldi. Masalaga yechim sifatida, falastinliklarga insonparvarlik tashkilotlari orqali yordam berishga qaror qilindi.
Muxbirimiz Robert Bergerning xabar berishicha, Isroilning ba’zi siyosatchilari nazarida, Falastin hukumatiga har qanday yordam Xamas guruhini yanada kuchaytirishi mumkin. Guruh Isroilni tal olishdan va zo’ravonlikdan voz kechishdan bosh tortib keladi.