Rauf Parfi haqida gapirganda, adabiyotshunoslar shoirning turli qirralariga to`xtalishadi. Birinchisi, Rauf Parfining XX asr o`zbek she’riyatiga yangi bir shakl, mazmun olib kirishi. Ikkinchi tomoni, Rauf Parfi o`zbek jamoatchiligida asr boshida yuz ko`rsatgan milliy uyg`onish adabiyotini sovet mafkurasidan olib o`tgan va yangi yug`onish adabiyotini yaratgan, milliy mustaqillik uchun kurashni boshlagan muxolifat yetakchilaridan biri ekanligidir. Shoir ijodini tashkil etgan yana bir mohiyat uning milliy uyg`onishni Ulug` Turkistonning birligi sifatida ko`rishidir.
Shoir o`limidan so`ng uning vatanida chop etilgan ilk asarni nashrga tayyorlagan yozuvchi Ulug`bek Hamdamga ko`ra, kitob shoirning o`zi o`limidan avval tayyorlagan qo`lyozma bo`yicha chop etilgan.
“Shoir umrining oxirlarida uchta kitobning qo`lyozmasini tayyorlagan ekan. Shularning bittasini menga olib kelib berishdi. Bu hozirgi “So`nggi vido” e`di. Uning nomini mening o`zim kitobdan kelib chiqib, shunday atadim. Oxirida, shoirning ikkita-uchta yangi she`rlarini uning turmush o`rtog`idan so`rab oldim. Bu kitobni chiqarishimda hech kimdan na ma`naviy, na moddiy yordam olganim yo`q, bunga ehtiyoj ham sezmadim. Meni e`tiborimni tortgani, avvalombor uning (Rauf Parfining) baland sana`tkorligidir. shunday bo`lmaganda edi, men bu ishga qo`l urmasdim,” -deydi yozuvchi Ulug`bek Hamdam.
Adabiyotshunos Baxtiyor Isabek kitob nashrining muvaffaqiyatli chiqqanligini e`tirof etadi:
“Kitobga kirgan she`rlarga to`xtaladigan bo`lsak, buni tabriklashimiz mumkin. Bir paytlar, hozirgacha matbuot yuzini ko`rmagan she`rlarning, bunday she`rlardan uchta-to`rtta bor, kitobning katta yutug`i deb bilaman,” -deydi adabiyotshunos.
Baxtiyor Isabek Rauf Parfi ijodidagi va uning hayotidagi asosiy mohiyatlardan biriga to`xtaladi:
“Mening nazarimda, ikkita holat yurardi. Bu turkchilik g`oyasi, turkchilik bilan bog`liq bo`lgan Turkiston. Uning Turkistoni juda murakkab bir Turkiston deb bilaman, buni hatto o`ziga ham aytgandim. Undagi Turkiston shundayki, O`zbekiston, umuman o`zbeklar yashaydigan hududni olganda, bu Turkistonning yadrosi. Yani o`sha hamma turklikni qaynab toshib, bir qozonda pishib, keyin tarqalgan joyi bu Turkistondir (O`zbekiston). Uning Turkistoni bu turkiy xalqlar yashaydigan hudud. Ayni paytda turklarning kelib chiqishi birligi asosida ularni, ayniqsa ma`naviy va ijtimoiy birlashishini qo`msash ham bor,” -deydi Baxtiyor Isabek.
Shoir o`limidan so`ng chiqarilgan ikki kitob - “Iymon asiri” va “So`nggi vido” ham hozircha keng o`zbek kitobxonlariga yetib ulgurganicha yo`q. Shoirning Qirg`izistonda chop etilgan “Iymon asiri” to`plami uzoq yillar mobaynida Rauf Parfining o`zi tomonidan 2000 yil boshlarida tayyorlangan. Kitob lotin alifbosida chop etilgan. Bu kitob bilan ham hozircha o`zbek kitobxonlari tanishishga ulgurishmagan.
Ma`lumotlarga ko`ra, shoir o`zidan keyin hali chop etilmagan boy qo`lyozmalar qoldirgan. Ularning ba`zilari hamon qidirilmoqda, ba`zilari esa yig`ilgan. Rauf Parfi qo`lyozmalarini to`playotgan shoir Chorsha`m bu borada shunday ma`lumotlar beradi:
“Asosan, ijodlari endigina boshlangan, 60-yillarda tutgan she`riy daftarlari, nasriy asarlari bor ekan. Ularni hozir to`plab, nusxa ko`chirib, qo`lyozmalar institutiga topshirish ishlarini olib borayapmiz. O`tgan bir yil mobaynida juda ko`p do`stlarimiz menga yaqindan yordam berishdi. Ustozimiz Shukurillo aka, Baxtiyor Nazarov, No`monjon Rahimov va boshqa ko`plab do`stlarimiz. Bugunga kelib o`z qo`llari bilan tuzib ketgan kitoblar yig`ildi, hisob. Bular ichida “Ona Turkiston” nomli ellikta she`rdan iborat to`plam, “Iymon asiri” nomli 170 betli yoki “Qutlug` Turkiston” nomli 135 betdan iborat, yoki boshqa she`riy to`plamlarni keltirib o`tish mumkin. Bundan tashqari, nasriy hikoyalari ham bizning qo`limizga kelib tushayapti.”
Vafot etganlariga bir yil to`layapti. Mana shuning munosabati bilan yaqinda, 26 mart kuni Islom Unversitetida u kishining yilini o`tkazmoqchimiz. Bundan tashqari u kishining qabrlarini ziyoratgohga aylantirish, qabr tosh, bir nishona qo’yish ishlari olib borilyapti, deydi shoir Chorsha`m.
Rauf Parfining qaytish qilganidan bir yil vaqt o`tmoqda. Hozirgacha xalq shoiri unvoniga sazovor bo`lgan shoir merosi bilan shugu`llanuvchi biro jamgarma yoki tashkilot ta’sis etilganicha yo`q, biroq shunday harakatlar bo`lgan. Bu haqda O`zbekiston xalq shoiri Shukurillo shularni gapiradi:
“Rauf Parfi vafot qilganda Rauf jamg`armasini tuzamiz deyishdi, komissiya tuzishdi. Keyin, men aytdimki, tuzasizlar-ku, lekin jamg`arma tuzish uchun Adliya vazirligining ijozati kerak bo`ladi. Raufga davlatni munosabati yaxshi bo`lgan emas. Shuning uchun Adliya vazirligidan jamg`armaga ruxsatni kutish bu xom gap. Undan ko`ra o`zinglar, qo`lyozmalar kimlarda bor, ana shularning yo`qolib ketmasligi yo`lini qilinglar, o`shalarni topishga, chiqarishga harakat qilinglar.
Albatta, Raufning do`stlari juda ham ko`p bo`lgan, ular harakatni qo`ldan kelgancha qilishayapti. O`shani bitta misoli Ulug`bek Hamdam chiqargan kitob,” -deydi Shukurillo.
Rauf Parfi qoldirgan qo`lyozmalarining birida o`zining pirlari, ustozlari haqida to`xtalib o`tadi, va XX asrdagi Turkiston adabiyotiga shunday baho beradi:
“Ulug` Turkistonning to`qqizta ulug` daryosi bor – Amudaryo, Sirdaryo, Abdulla Qodiriy daryosi, Abdurauf Fitrat daryosi, Abdulhamid Cho`lpon daryosi, Muxtor Avezov daryosi, Chingiz Aytmatov daryosi, O`ljas Sulaymon daryosi, Muhammad Solih daryosi. Mening tomirlarimda ham shu to`qqizning qonlari oqadi. Men bu daryolarning sohillarida sargardonman, doim tashnaman, ochman, muhtojman…” -deb yozadi Turkistonning ulug` shoirlaridan biri Rauf Parfi.