O'zbekiston ayollari orasida ichkilikka berilish hollari ko'paymoqda

O’zbekistonda so’nggi yillarda ayollarning ichkilikka berilish holatlari ko’paygan. Mutaxassislarga ko’ra, spirtli ichimlikka ruju qo’ygan ayollar tomonidan turli jinoyatlar sodir etilayotgani ham kuzatilmoqda.

“Ikki yil bo’ldi erimdan ajrashganimga, shu sababli man ichkilikka urinib ketdim. Yolg’iz qiynalib qolganim tufaylimi, mana shu yo’lga tushib ketdim”, - deydi surunkali ichuvchiga aylangan ayol.

Ko’rinishidan 60 yoshlardagi, aslida 40 yoshli bu ayolning aytishicha, turmushi buzilgach o’z iztiroblarini unutish maqsadida spirtli ichimlik iste’mol qila boshlagan. Biroq oz vaqt orasida surunkali ichuvchiga aylanib qolganini o’zi ham sezmay qolgan. Uning uch nafar bolasi esa mehribonlik uyida tarbiyalanmoqda.

Jurnalist Hikmatilla Qodirov o’zbek ayollari orasida spirtli ichimlikka ruju qo’yish holati ko’payayotganidan tashvish bildiradi:

“Hozirda ayollar o’rtasida ichish urfga aylanib qolganga o’xshaydi. Ichkilik ichib, ko’chalarda o’zlariga nisbatan erkaklarni rom qilib, masxara darajasida yurishi biz uchun juda uyatli narsa, deb o’ylayman. Chunki azal-azaldan bunaqa narsa ayollarimiz o’rtasida tarqalmagan edi. Ayollarning ichkiligiga har kim har xil qarashi mumkin. Masalan, ayrimlar pul ko’pligidan ichishi mumkin, ayrimlar iqtisodiy tomondan qiynalganligi uchun, masalan yoshligidan har xil yig’inlarga borib, yoki ota-onasini ko’rib yosh qizlarimiz ham o’rganib ketyapti aroq ichishga”, - deydi jurnalist.

Shahar narkologiya dispanserida narkolog vrach Zafar Otaboyevga ko’ra, ayollarning surunkali ichishga ruju qo’yish sabablari turlicha.

“Hozir hududimizda ayollarning orasida alkogolizmning ko’payishi sabablaridan biri, koproq ichadigan ayollar to’liq bo’lmagan oilalarda bo’ladi. Misol uchun, turmush o’rtog’isiz, yolg’iz ayollar, o’z paytida ichkilikbozlikka ruju bergan shu ayollarning ota-onalari, hayotdagi qiyinchiliklar deymizmi, ana shundan ko’proq siqilib ba’zi ayollar ichkilikbozlik yo’liga o’tib ketishadi. Bunga sabablardan yana biri, bu ayollarning emotsional holatining erkaklarnikidan farq qilishi. Bizdagi davolanadigan ayollarning orasida ruslar ham bor, mahalliy millat vakillarimiz ham bor”, - deydi narkolog Zafar Otaboyev.

Ba’zilar ayollarning ichkilikka berilish holati shaharlarda ko’p uchrayotganini aytishsa, ayrimlarga ko’ra, bugun qishloq ayollari orasida ham bunday holatni kuzatish mumkin.

Toshkent shahrining markazidagi kafelarning birida ham soat yettidan keyin soat 10-11gacha ayollar, daydi qizlar, umuman mana shu shaharda hech qanaqa bir ishsiz, erkaklarning u yonidan-bu yonidan o’tib yuradigan ayollarning ichkilikbozlik bazmi boshlanadi. Bu narsani oddiy kuzatuvchi sifatida necha marta kuzatdim. Bu hol bizning o’zbeklar uchun juda isnod. Chunki ular hamma viloyatlardan kelgan qizlar, ishsiz, hech qanaqa foydali mehnat bilan shug’ullanmaydi-da, lekin asosiy ishlari fohishabozlik va ichkilikdan iborat. Bu narsani jamiyat uchun juda xavfli deb o’ylayman men. Shu ichkilik oqibatida bir-birini yulish, hatto juda noxush ahvolga solib qo’ygan darajasidagi voqealarning ham guvohi bo’lganman”, jurnalist Hikmatilla Qodirov.

“Lekin qishloqlarda ba’zan uchrab turishi mumkin, bular endi qandaydir bir sharoitlar taqozo qilgan, balki hayotda majbur bo’lib ichishni boshlagan. Asosan noto’g’ri yo’llarga kirib ketgan ayollarda uchratamiz ichuvchilikni. Lekin shaharlarda bunday holat ko’proq bo’lyapti”, - deyishadi ayrim o’zbekistonliklar.

Mutaxassislar ayollarning ichkilikka berilishi fojealiroq ekanini aytishadi. Ichkilik oqibatida ayollardagi ruhiy o’zgarishlar erkaklarga nisbatan keskinroq kecharkan. Agar erkaklar 3-5 yilda surunkali ichkilikka mubtalo bo’lib qolsa, ayollarda bu holatni 1-2 yil orasida kuzatish mumkin ekan.

Surunkali ichkilik tufayli ruhiyati o’zgargan ayollarning turli xil jinoyatlar ham sodir qilayotganini aytadi narkolog vrach Zafar Otaboyev.

“Ichadigan ayol bemorlarimizda birinchi navbatda ruhiy o’zgarish judayam keskin kozga ko’rinadi, chunki ayollar badjahl, oilasiga qaramaydigan, ishyoqmas, ayollik latofatini yo’qotib qo’ygan, bolasiga qaramaydigan, asosan ko’cha-ko’yda topgan pulini ichadigan ayollarimiz ham bor. Uyida yolg’iz, ikki-uchta bolasi bor moddiy tomondan qiynalgan ayollar ko’proq topgan oyligi yetmaganligi sababli ba’zida fohishalikka va boshqa yo’llarga kirib ketishadi. Shu bilan turli xil tanosil kasalliklarni ham orttirib olishadi va bu orqali ham o’zini yana ko’proq nogironlik holatiga olib borishga sababchi bo’lishadi. Qo’rqinchli tarafi shundaki, ichkilikbozlikka ruju qo’ygan ayollarimizda emotsional holat erkaklarnikidan judayam yorqin bo’ladi va shu holatda ayollar jinoyatga ham qo’l uradi. Hattoki, misol uchun birovning hayotiga qasd qilish, o’g’rilik qilish, o’zining bolasidan kechish, jahli chiqqanda bolasini urib nogiron qilib qo’yishi mumkin. Bunaqa voqealar, afsuski, uchrab turadi”, - deydi shifokor Zafar Otaboyev.

Mutaxassislarga ko’ra, o’zbek ayollarining ichkilikka berilishi ular sog’ligiga zararligi bilan birga shu oila sha’niga isnod ham keltiradi. Biroq so’nggi paytlarda bunday holatning ko’payayotganiga oilalarning iqtisodiy tangligi ham sabab bo’lishi mumkin.