Buyuk kelajakni shubha ostiga qo'ygan jurnalist matbuotdan chetlatildi

So`nggi yillarda O`zbekiston matbuotida chiqqan eng shov-shuvli maqolalardan biri “Yo’q haqida badiha ” muallifi jurnalist Dilmurod Said mamlakat matbuotidan chetlashtirilganini da’vo qilmoqda.

Dilmurod Saidning aytishicha o`tgan yilning noyabr oyida “Advokat-Press’ gazetasida bosilgan “Yo`q haqida badiha ” maqolasi biron jihati bilan shov-shuvga molik bo`lmagan va oddiy xalq orasidagi gaplardangina iborat bo`lgan.

Kuzatuvchilarga ko`ra esa maqolaning mashurligiga sabab ham aynan shu, ya'ni oddiy xalq orasidagi gaplarning mahalliy matbuotda berilishi bo`lgan.

Maqola “O`zbekiston kelajaki buyuk davlat” ekanligi haqidagi shiorni shubha ostiga qoyishdan boshlanadi.

“Advokat-Press” gazetasi mazkur maqola chiqqan sondan boshlab hozirgacha chop etilgani yo`q. Rasmiy ma`lumotlarga ko`ra gazeta qayta nashrdan o`tishga hozirlik ko`rmoqda. Norasmiy ma`lumotlarga ko`ra, gazeta boshqa chiqmasligi haqiqatga yaqin.

Dilmurod Saidga ko`ra bugunga kelib u O`zbekiston matbuotidan chetlashtirilgan. Bunga sabab, ma'sul xodimlarning jurnalistga berayotgan izohlariga ko`ra, Dilmurod Said maqolalarini qabul qilish, chop etish ta`qiqilangani haqidagi ko`rsatmadir.

Dilmurod Said maqollari bilan “Darakchi” va boshqa markaziy nashrlarga murojjat qilganini, muharrirlar uning maqollarini ismi sharifini o`zgartirib bo`lsada bosishdan bosh tortishganini aytadi.

Biroq “Darakchi” gazetasininmg Bosh muharriri Anvar Nomozov Dilmurod Said tomonidan bildirilgan e`tirozlarni rad etadi. Unga ko`ra tahririyat keyingi paytda Dilmurod Saiddan maqola olmagan.

Dilmurod Said O`zbekiston jurnalistlari haqida mulohaza qilar ekan, shunday taasuflar bildiradi.

- Meni qiynayotgani, jurnalistlarimiz, hamkasblarning bir-birini qo`llay olmasligi, hamjihatlik yo`qligi. Qancha tarqoq bo`lsak, boshqarish shunchalik oson bo`ladi. Men maqola yozmasam ham kunim o`tadi. Alam qiladigani, men o`sib kelayotgan yoshlarga yomon namuna bo`lishni istamayman. Mana Dilmurod Said “Yo`q haqida badihani” yozgandi, endi hech qayerda hech narsasi chiqmayapti. Sizlar bunaqa narsa yozib o`tirmanglar, yaxshisi, shu gazetalar bosadigan, yarim yolg`on-yashiq, yoki maddohlikdan iboratmi, olib kelaveringlar, biz amallab gazeta chiqarib tursak bo`ldi, degan fikrga borib qolishadi, - deydi Dilmurod Said.

O`zbekistonda sakkiz mingan ziyod jurnalist faoliyat yuritadi. Dilmurod Said ta'kidlayotgan jurnalistik uyushqoqolikining yetishmasligi ham, fikrlarga ko`ra, haqiqiy ma'nodagi mustaqil nashrlarning yo`qligi bilan bo`gliq.

Hozirda faoliyat yuritayotgan Jurnalistlar ijodiy uyushmasi esa, ko`p jihatdan hukumat qaramog`iga bog'lanib qolgan.

O`zbekiston matbuoti rivojlanish va erkinlik sari borayotgani haqida rasmiy manbalarda ko`plab maqolalarni o`qish mumkin. Jumladan, yaqinda milliy matbuotni erkinlashtirishga qaratilgan respublika konfrensiyasi bo`lib o`tdi. Unda mustaqil axborot vositalarini rivojlantirish jamg`armasi tomonidan ayrim nashrlarga axborot manbalarini tashkil etish uchun mablag` ham ajratildi.

Biroq mustaqil jurnalistlar bunday ko`makni davlat tomonidan ajratilayotgani, shu bois ham ko`mak matbuotni davlat nazoratida ushlab turishga sarflanishi haqida fikr bildirishadi. Ularga ko`ra, matbuot erkinligi faqatgina qonunda belgilangan. Aslida esa nazorat qilinmagan mahalliy nashrning o`zi yoq.

Jurnalist Bobomurod Abdullayev nazarida matbuot erkinligi faqat Konstitutsiyada ifodalangan. Davlat idoralari tomonidan qabul qilingan yo`rilqar esa so`z erkinligi haqidagi qonunga to`g`ri kelmaydi.

Uning firkicha, aynan shu bois jurnalistlarning erkin yozishlari uchun sharoit yo`q. Yozgan taqdirda jurnalist ishdan ayrilishi yoki gazeta berkilishi mumkin.

Jurnalist Dilmurod Saidga ko`ra O`zbekistonda so`z erkinligiga intilayotgan yosh jurnalistlar bor, biroq ularning matbuotdagi keyingi faoliyati bugungi jurnalistlarning qanday faoliyat yuritishlariga bog`liq.