Yevrosiyo taraqqiyot banki iyundan boshlab ishga tushadi

“Sobiq sovet davlatlariga ko’mak berish uchun yaratilayotgan Yevrosiyo taraqqiyot banki mazkur yilning birinchi iyunidan boshlab faoliyat boshlaydi”, - deya ma’lum qildi Rossiya moliya vazirining yordamchisi Igor Finogenov Nyu Yorkda o’tayotgan moliyaviy forumda.

Rossiya va Qozog’iston ustama kapitali 1.5 milliard dollar bo’lgan Yevrosiyo taraqqiyot bankini yaratishga shu yilning 12 yanvarida poytaxt Astanada kelishib olgan edi. Bank ustamasining 33 foizi Qozog’istonga, qolgani esa Rossiyaga tegishli.

Yangi bank boshqaruvchilaridan biri etib tayinlangan Igor Finogenovning aytishicha, bank Yevrosiyo iqtisodiy hamkorligi doirasidagi mamlakatlarga ko’mak berib, umumiy iqtisodiy zona ostida birlashmoqchi bo’lgan davlatlar safini kengaytirishga xizmat qiladi. “Har ikki mamlakat parlamentlari bu boradagi kelishuvni ratifikatsiya qilgach, bank rasman faoliyat boshlashi mumkin”, - dedi Finogenov.