Kim AQShning qo'shimcha yordamiga arziydi?

AQShning “Ming Yillikdagi Vazifalar Hisobi” (Millennium Challenge Account)korporatsiyasi g’arbcha demokratiya va islohotlar yo’lidan ketayotgan kambag’al davlatlarga maxsus ko’rik orqali har yili moliyaviy yordam ajratadi.

AQSh rasmiylarining aytishicha, O’zbekiston bu dastur talablariga javob bermaydi. Shu jumladan, Qozog’iston, Tojikiston va Turkmaniston ham. Bugungi kunda Qirg’iziston bu patirdan bo’lak olishga intilmoqda.

”Ming Yillikdagi Vazifalar Hisobi” korporatsiyasi rahbariyatining bildirishicha, mana uchinchi yil faoliyat olib borayotgan bu dastur Amerikaning xalqaro hamjamiyatga yordam berishi uchun eng samarali yo’ldir.

”Ming Yillikdagi Vazifalar Hisobi”ni prezident Bush 2002 yilda e’lon qilgan edi. "Dunyo mamlakatlari kambag’allikka barham berish uchun yangi yo’l topishlari zarur va bu borada ham boy, ham kambag’al davlatlar ma’suliyatining oshishi juda muhimdir", -degan edi prezident Bush.

Yaqinda hisobdan Armanistonda kelasi besh yil davomida qishloq turmushi darajasini ko’tarish maqsadida 235 million 65 ming dollar ajratildi.

Armaniston Tashqi ishlar vaziri Vartan Oskanyan yordam pulini AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays va “Ming Yillikdagi Vazifalar Hisobi” korporatsiyasi raisi Jon Danilovichdan qabul qilar ekan, "Bu AQSh va Armaniston o’rtasida xalq hayotini yaxshilash uchun tuzilgan shartnoma",- dedi.

Shu kunlarda Vashingtonda bu kabi yordam pulini Qirg’iziston uchun ham ajratish borasida muhokama ketmoqda. “Ming Yillikdagi Vazifalar Hisobi” korporatsiyasi raisi Jon Danilovichning aytishicha:

"Qirg'iziston 2005 yilning noyabrida bizning maxsus yordamimizga muhtoj davlat deb topildi. Davlatga nima uchun qo’shimcha yordam kerakligini 16 talabga asosan belgilaymiz. Qirg’iziston bu talablarni butunlay qondirmaydi, ammo qizg’alqod inqilobi natijasida mamlakat to’g’ri yo’lni tanladi va uni rag’batlantirishimiz lozim, degan fikrdamiz. Qirg’iziston hukumati korrupsiyaga qarshi kurash va adliya tizimini isloh qilishga bel bog’lagan va bizga bu borada dastavval nima qilmoqchi ekanini bayon qilgan. Ularga yaqin orada yordam puli ajratamiz, deb kafolat bermaymiz, ammo bu ehtimoldan xoli emas", - deydi dastur rahbari Danilovich.

Qirg’izistonning AQSh va Kanadadagi elchisi Zamira Sidiqova esa uning hukumati korrupsiyaga qarshi ayovsiz kurash boshlayotganini, bu borada aniq strategiya ishlab chiqilayotganini va AQShning bu kurashda unga moliyaviy yordam berishiga umid qilayotganini ta’kidlaydi. "AQShning bizda korrupsiya katta muammo ekanini tushunadi", - deydi elchi xonim.

AQSh hukumatiga ko’ra, “Ming Yillikdagi Vazifalar Hisobi” boshqa barcha yordam dasturlari kabi hukumat cho’ntagidan emas, Amerika soliq to’lovchilari tomonidan hadya qilinmoqda. Shu bois ham, deydi dastur rahbari Jon Danilovich, bu pulni kimga va nima uchun berish izchil muhokama va davlatlararo muzokara talab qiladi.