Tojikiston portlashlarda O'zbekiston Islomiy Harakatini ayblamoqda

Tojikiston hukumati 2005 yilda uyushtirilgan portlashlarda O’zbekiston Islomiy Harakatini ayblamoqda. O’tgan yilning yanvar va iyun oylarida poytaxt Dushanbeda yuz bergan portlashlarda bir kishi halok bo’lgan edi.

Tojikiston rasmiylari bu borada ayblarni ilk bor aniq bir guruhning bo’yniga qo’ymoqdalar.

Mamlakat Ichki ishlar vazirligi so’zlovchisi Kamoliddin Sharipovga ko’ra, O’zbekiston Islomiy Harakatining to’rt a’zosi hibsga olinib so’roq qilingan va yana ikki nafari qidiruvda.

O’zbekiston Islomiy Harakati 1990 yilda tashkil etilgan bo’lib, O’zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarini o’z ichiga olgan xalifat yaratishni maqsad qilgan edi. Ayrim tahlilchilar nazarida, bugunda bu harakatning faoliyati to’xtab qolgan va mintaqa xavfsizligiga tahdid solmaydi.