Xalqaro Moliya Korporatsiyasi tadbirkor muammolarini o'rganmoqda

Dunyo bo’ylab qashshoqlikka qarshi kurashuvchi Jahon Banki guruhining xususiy bo’limi hisoblanuvchi Xalqaro Moliya Korporatsiyasi O`zbekistonda ham maxsus loyiha yuritadi. “Amerika Ovozi” ning 2006 yilning 29 martida efirga uzatilgan dasturida O’zbekistondagi tadbirkorlar ahvoli tilga olinar ekan, Xalqaro Moliya Korporatsiyasiga ko’ra mamlakatda tadbirkorlar soni so’nggi ikki–uch yilda ikki barobariga kamaygan, deya axborot berilgan edi. Tashkilotning e’tiroz bildirishicha, bu ma’lumot uning hisobotida aks etmagan. “Amerika Ovozi” masalaga oydinlik kiritadi.

Xalqaro Moliya Korporatsiyasining O`zbekistondagi loyihasi 2001 yildan boshlab, Shveysariya hukumatining moddiy ko’magida faoliyat yuritib keladi. Loyihaning asosiy maqsadi O`zbekistonda tadbirkorlikka oid muhitni yaxshilash, biznes rivojlanishi uchun qulay imkoniyat yaratilishdir. Korporatsiyaning Toshkentdagi vakolatxonasi vakili Anvar Ahmedovga ko`ra, loyiha mutaxassislari bu borada O`zbekiston hukumatining qator idoralari bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda.

Anvar Ahmedovning aytishicha, loyiha mutaxassislari tomonidan o`tkazilayotgan hisobotlardagi fikrlarni Xalqaro Moliya Korporatsiyasi yoki Shveysariya hukumatining fikrlari sifatida emas, O`zbekistonda yashayotgan va ishlayotgan tadbirkorlarning fikrlari sifatida qabul qilish kerak.

Hozirgacha Xalqaro Moliya Korporatsiyasi loyihasi tomonidan O`zbekistonda tadbirkorlikka oid to`rtta yillik hisobot chiqarilgan. Bu hisobotlarda yuzlab tadbirkorlar ishtirok etishgan. Qonunchilikda, ma`muriy tashkilotchilikda tadbirkorlar uchratayotgan qiyinchiliklar batafsil o`rganib chiqilgan.

Bu tadqiqotlar natijasidagi tahlil jamoatchilikka, jumladan, O`zbekiston hukumatiga vaziyatni oydinlashtirish va tegishli choralar ko`rish maqsadida taqdim etiladi. Ayni paytda loyiha mutaxassislari 2005 yilda 3000 tadbirkor ishtirokida o`tkazilgan tadqiqot ishlarini yakunlash arafasida.

Anvar Ahmedovga ko`ra, hozircha 2005 yilgi hisobotda ayni nimalar aks etgani va qanday tavsiyalar mavjudligi haqida gapirishga hali erta va tahlil ishlari davom etmoqda.

Xalqaro Moliya Korporatsiyasi loyihasining O`zbekiston hukumati idoralari bilan hamkorlikdagi tadqiqotlari tadbirkorlikni rivojlantirishdagi qanday aniq natijalarga erishgan?

- Masalan iyun-iyul oylarida (2005 yil) qabul qilingan prezident tomonidan qabul qilingan tekshirishlar sonini kamaytirish, ruxsatnoma va kelishuvlarni takomillashtirish, tadbirkorlar tomonidan hisobotlarni yanada takomillashtirishga doir qarorlarni qabul qilinishda bizning mutaxassislarimiz qatnashishgan. Quvonarli tomoni shundan iboratki, 2001 yilda tekshirishlar soni nihoyatda ko`p bo`lsa, hamkorlikdagi ishlarimiz natijasida bu holat yildan yilga kamayib bormoqda. 2004 yilning yanvar oyida biz “Tadbirkorlar tekshirishlar haqida nimalarni bilishi kerak” nomli qo`llanma chop etib, uni viloyatlar bo`ylab bepul tarqatgan edik. Hozir safarda bo’lganimizda tadbirkorlar bu qo`llanmadan mamnun ekanliklarini bildirishayotganliklariga guvoh bo`lmoqdamiz, - deydi Anvar Ahmedov.

2004 yildagi tadbirkorlikka oid hisobotni ko`zdan kechirish O`zbekistonda kichik va o`rta biznes vakillarini qiynab kelayotgan muammolar batafsil ifodasini topganini ko`rsatadi.

Hisobotda keltirilishicha, biznes uyuritishdagi mavjud tartib-qoidalarning aksariyat qismini tadbirkorlar muammoli deb baholashgan. Masalan, import sohasidagi tartiblarni so`rovda qatnashgan 78 foiz tadbirkorlar muammoli deb baholashgan bo`lsa, soliq, litsenziyalash va eksport kabi yo`nalishdagi qoidalarga ham 60 foizdan oshiq tadbirkorlar o`z salbiy munosabatlarini bildirishgan.

Shuningdek, so’rovda bankdan naqd pul olishni qishloq xo`jaligida 77 foiz, sanoat sohasida 72 foiz, chakana savdoda faoliyat yuritayotgan 70 foiz tadbirkorlar muammoli baholashgan.