O'zbekistonlik olim: Andijon voqeasi faktlarga asoslanib tahlil qilinsin

Andijon voqealarining ro’y berganiga yaqinda bir yil to’ladi. Turli tahlil va farazlarga qaramasdan, Andijonda o’tgan yilning 13 may kuni aslida nima bo’lgani jumboqligicha qolmoqda.

2 may kuni Vashingtondagi Xalqaro Tinchlik uchun Karnegi Jamg’armasida Akromiya guruhi va uning faoliyati borasida suhbat o’tkazildi.

Ma’lumki, Andijon voqealari aynan shu guruh a’zolarining hibsga olinganidan so’ng boshlangani ta’kidlab kelinadi. Davra suhbatida Toshkentdagi Sharqshunoslik Instituti olimi Baxtiyor Bobojonov ishtirok etdi.

Suhbat chog’ida o’zbekistonlik islomshunos olim uning vazifasi Andijon voqealariga baho berish emas, balki Akrom Yo’ldoshev boshchilidagi Akromiya guruhi faoliyati borasida o’z tahlil va xulosalarini taqdim etish ekanligini aytdi.

Bobojonovga ko’ra, Akromiya guruhining 1999 yilda hibsga olingan yetakchisi Akrom Yo’ldoshev O’zbekistonda ma’n etilgan Hizb-ut-Tahrir partiyasi a’zosi bo’lgan. U tashkil etgan jamoa, deydi Bobojonov, kichik va o’rta biznes vakillaridan tashkil topib, ular izchil tekshiruvlardan so’ng guruh a’zoligiga kiritilgan. Jamoa o’z a’zolariga moliyaviy yordam ko’rsatgan.

O’zbekistonlik olimga ko’ra, Akromiya tuzilganida, uning ilk a’zolarini Sovet tarbiyasini olgan, dunyoviy qarashga ega yoshlar tashkil etgan.

Bobojonov oxirgi besh yil mobaynida amerikalik olima Marta Olkot bilan hamkorlikda, O’zbekistonda islom tarixi va musulmon ekstremizmi bo’yicha tadqiqotlar olib borgan.

O’zbekiston Bosh prokuraturasi qoshida tuzilgan Andijon voqealarini o’rganish bo’yicha qo’mitada ekspert sifatida qatnashgan. Shuningdek, Akrom Yo’ldoshev bilan suhbatda bo’lgan. Uning asarlarini, jumladan “Iymonga Yo’l” kitobini o’rgangan va uning safdoshlari tasvirga tushirgan video-tasmalarni ko’zdan kechirgan.

Bobojonovning ta’kidlashicha, Akromiya a’zolari o’zlarini ko’pincha xalq dardini oshkor etuvchi kishilar yoki inson huquqlari faollari deb ta’riflagan bo’lsalar-da, aslida ular bu bilan o’zlarining jihodiy maqsadlarni yashirishga uringanlar. Akrom Yo’ldoshev bilan suhbatimda, u menga jamiyatda inqiroz yuz berishini noto’g’ri baholagani hamda jihodga erta chaqirgani haqida bayon qildi, dedi olim.

Bobojonovning xulosasi shu bo’ldi-ki, Andijon voqealari va uning sabablarini o’rganishga shoshmasdan, hushyorlik va aql-idrok bilan yondashish darkor.

Eng asosiy ikki savol, deydi Baxtiyor Bobojonov, Andijonda 13 may kuni qon to’kishni kim birinchi boshlagan, va Akromiya haqiqatdan ham tinchliksevar tashkilotmi?