Islom Karimov: Eron muammosini tinch yo'l orqali hal etish lozim

O’zbekiston prezidenti Islom Karimov Eronning atom dasturi masalasini tinch yo’l bilan hal qilishga chaqirmoqda. “Muammoni harbiy yo’l bilan yechib bo’lmaydi. Millionlab odamlar manfaatidan kelib chiqqan holda, har qanday masalani diplomatik yo’l orqali hal qilsa bo’ladi”, - dedi O’zbekiston rahbari.

Matbuot oldida chiqish qilar ekan, Karimov duyno bo’ylab notinchlik kuchayib bormoqda deya, bunga Afg’oniston, Iroq va Eronni misol qildi. Jahon hamjamiyatini befarqlikdan voz kechishga undadi. Kuchayib borayotgan keskinlik va Eronning atom inshootlariga ehtimoliy hujumni oqlash harakatlariga yo’l qo’yib bo’lmaydi, deya ta’kidladi Karimov.

Unga ko’ra, agar Eron atom zavodlariga hujum qilinsa, buning mintaqa va xususan O’zbekiston ekologiyasiga salbiy ta’siri katta bo’ladi.