2005 yilning 13 mayidagi otishmalar ketidan yuzlab o’zbekistonliklar jon saqlash maqsadida qo’shni Qirg’izistonga qochib o'tishga majbur bo’lganlar. Ularni vatan xoinlari va xalq tinchligini buzishga uringan jinoyatchilar deb ta’riflagan O’zbekiston hukumati qochqinlarni O’zbekistonga chiqarish talabi bilan Qirg’iziston hukumatiga bir necha bir bosim o’tkazgan. Natijada BMTning Qochqinlar bo’yicha Oliy komissariati (UNHCR) ularni xavfsizroq joyga ko’chirishga qaror qilib, 2005 yilning 29 iyul kuni Ruminiyaning Timishoara shahridagi qochqinlar jamlog’iga joylagan. Shundan so’ng ularni doimiy boshpana bilan ta’minlash maqsadida qator davlatlarga murojaat etilgan va mana bir necha oydirki, qochqinlarning 300 dan ortig’i AQSh, Kanada, Avstraliya, Chexiya, Shvetsiya, Shveysariya, Niderlandiya va Germaniyaga ko’chirilgan. Ularning eng ko’pini Qo’shma Shtatlar qabul qilmoqda.
AQShning Ogayo shtatiga 23 kishi kelgan. Bu yerga uch oy burun birinchilardan kelgan va o’zini Adhamjon deb tanishtirgan yigitning aytishicha, ularga yaratilgan sharoitlar yomon emas, ayni damda ular ingliz tilini o’rganmoqdalar va vaqtinchalik ishga chiqib turibdilar.
Ismini oshkor etishni istamagan yana bir yigit Ogayoga to’rt nafar kishi bilan o’tgan hafta kelgan. Asli farg’onalik bu odam 13 mayda Andijonga savdo ishlari bilan borib qolganini eslaydi. Uning aytishicha, hukumat ko’p minglik namoyishni kutmagan va shoshib qolgan.
“Haqiqat hech kimga yoqmaydi. Andijonda xalq namoyishga o’z muammolarini, yetishmovchiliklarini aytish uchun chiqqan. Hukumat esa bu kabi yirik namoyishdan xavotirga tushib, qurol ishlatishga majbur bo’lgan”, - deydi u.
Adhamjon ham Andijondagi namoyish negizida asosan iqtisodiy sabablar yotibdi, deydi. Unga ko’ra, mamlakatda zavod-fabrikalar ishlamaydi, ishsizlar soni ko’p, mardikorlar ko’paygan.
“Namoyishga hayotda iqtisodiy jihatdan qiynalgan, sharoti og’ir insonlar chiqqan. Ular prezident Karimovning Andijonga kelganini eshitib, unga o’z dardlarini to’kish, undan yordam so’rash uchun to’planishgan. Biz 15 yil davomida prezidentimizni juda hurmat qilganmiz, biroq Andijon voqealaridan so’ng juda afsuslandik va xafa bo’ldik.”
Ruminiyadagi jamloqdan AQSh poytaxti Vashington yaqinidagi Baltimor shahriga keltirilgan va o’zini Odil Husanov deb tanishtirgan yigit 13 may kuni qochqinlar orasiga to’satdan tushib qolganini aytadi. Unga ko’ra, odamlar faqatgina iqtisodiy talablar bilan chiqishgan, hech kim Karimovni iste’foga chiqishini talab qilishni hayoliga ham keltirmagan.
Qochqinlar bilan Ruminiyada ishlagan BMT agentligining vakili Kristina Bunyaning aytishicha, qochqinlar samimiyligi bilan Ruminiyada barchaning hurmatiga sazovor bo’lgan.
"Qochqinlar ajoyib odamlar. Ular bilan Ruminiyada uchrashgan har bir kishi – chegara politsiyasidan tortib mahalliy jurnalistlargacha - har bir odam ularni iliq so’zlar bilan tilga oladi", - deydi u.
Kristina Bunyaga ko’ra, Ruminiyada ayni damda 80 qochqin uchinchi mamlakatga ko’chirlishini kutib turibdi. Ularning 10 nafari ayollardir. Jami esa 439 qochqindan 74 nafari ayol, 25 nafari esa bolalar. Yana bir bola Ruminiyadagi jamloqda tug’ilgan, deydi agentlik vakili. Ularning hammasi O’zbekistonga qaytishga umid qilmoqda.
"Ular Ruminiyaga kelgan kundan buyon, O’zbekistonni tark etgan kundan buyon vatanlariga qaytishga umid qiladilar. Ularning o’z vatanlariga juda bog’lanib qolganlarini ko’rdim. O’zbekistonni tark etish ularga oson kechmagan", - deydi Kristina Bunya.
BMTning Qochqinlar bo’yicha Oliy komissariati bergan ma’lumotga ko’ra, O’shda qochqin maqomini olgan to’rt andijonlik hali ham rasmiylar tomonidan ushlanib turibdi. O’zbekiston hukumati ularni jinoyatchilar deb, O’zbekistonga chiqarishni talab qilmoqda.