O’zbekiston xalq artisti Tamaraxonim hayot bo'lganida shu kunlarda 100 yoshga kirgan bo'lar edi.
Xalq laparlari ustasi hisoblangan Tamaraxonim bu janrda ijro etadigan shogird qoldirmagani bois, ayni paytda raqs jo’rligida ijro etiladigan lapar san’atining davomchisi yo’qligini bildirishadi ayrim san’atkorlar.
Arman millatiga mansub Tamaraxonim (Tamara Artyomovna Petrosyan) dunyoning 86 tilida qo’shiq kuylagan san’atkor. U jahon xalqlari tilida kuylarkan, o’sha xalq raqsini ham mahorat bilan ijro etgan.
O’tgan asrning 20-yillarida “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun” kabi sahna sarlarida bosh rollarni ijro etgan Tamaraxonim, xoh arabcha, xoh xitoy, yapon, yahudiy, afg’onu turk qo’shiqlarini kuylamasin, avval o’sha xalq tarixini o’rgangan.
Kuzatuvchilar Tamaraxonim u yoki bu xalq qo’shig’i va raqsini ijro etganda o’sha millat vakili qiyofasiga kiribgina qolmay, uning ruhiyati, sevinchu dardini ham nozik mahorat bilan tomoshabinga yetkazganini eslashadi. Bu qo’shiq yoxud raqsgina bo’lmay, qytarilmas tomosha, bir artist teatri bo’lganini aytishadi. Uzoq yillar Tamaraxonim bilan yonma-yon ijod qilgan O’zbekiston xalq artisti Roziya Karimova uning san’atini mana bunday baholaydi:
“Tamara opa juda ajoyib, antiqa raqqosa edi. Ham rollar o’ynar edi. Men Tamara opa o’ynasa, sahnaning yonida qarab turardim. Tamara opaning qo’llari kuylovchan edi. Xuddi bir ashula aytayotganday. Unda mimika, qochirimlar, yuzdagi o’zgarishlar, juda ajoyib qochirmalari bor edi. O’yindagi pardoz qiladigan qochirmalari o’ziga xos edi”, -deb eslaydi Roziya Karimova.
Farg’ona vodiysida ulg’aygan va 13 yoshida Yusufjon qiziq, Usta Olim yetakchiligida sahnaga qadam qo’ygan Tamaraxonim o’zbek milliy san’ati ijrochilik madaniyatini birinchi bo’lib G’arb mamlakatlariga olib chiqqan san’atkordir. 1920 yillar boshlarida Toshkentda Tamaraxonim nomidagi Xoreografiya bilim yurti tashkil etiladi. Shu dargohda saboq olgan O’zbekiston xalq artisti Qunduz Mirkarimova eslaydi:
“Men Tamaraxonimning bilim yurtida o’qiganman. O’zbek doira raqslariga bizlarga kelib kamchiliklarimizni o’rgatardilar Usta Olim Komilov bilan. Birinchi men Tamara opadan “Dil” raqsini o’rganganman. Tamara opamning millatlari boshqa bo’lgani taqdirda ham, u kishi o’zbek milliy liboslarini, butun o’zbek milliy do’ppi kiyishlarini, qiyiqcha boylashlarini, qiyiqchani munday qo’yib, qanaqa uni tikishlarini juda yaxshi ko’rsatib berar edilar”, - deydi Qunduz Mirkarimova.
Tamaraxonim o’tgan asr boshlarida Sho’ro respublikalari, Fransiya, Germaniya, Angliya davlatlarida bo’lib o’z ijro mahorati bilan dovruq taratgan. U 1935 yili Usta Olim, Abduqodir Ismoilov, To’xtasin Jalilovlar bilan Londonda o’tkazilgan xalqaro raqs festivalida ishtirok etadi. Buyuk Britaniya qirolichasi Festival oltin medalini o’z qo’li bilan Tamaraxonim va Usta Olimga taqdim etadi. O’sha davr London matbuoti Tamaraxonimni Sharq raqsining gavhari deb ataydi.
San’atshunos Qo’rqmasov fikricha, Tamaraxonimning qo’shiq va raqs uyg’unligidagi san’ati davomchisi yo’qligi bois, muammo tug’dirgan.
“Tamaraxonim san’ati ajoyib, lapar, raqs hammasi birga. Afsuski, yagona. Tamaraxonim shogird qoldirmaganlar. Afsus shuning uchun bularbibg san’ati yagona bo’lib qoldi. Mana, hozirgi kunlarda mana, yo’q ikkinchi Tamaraxonim. O’ylab ko’rishimiz kerak, qandoq bu raqs san’atini, lapar san’atini – Tamaraxonimning san’atini yana rivojlantirish yo’lini topishimiz kerak”, - deb hisoblaydi san’atshunos Qo’rqmasov.
Ayni paytda Tamaraxonim qo’shiqlari tarixning aks-sadolariday yangrasa-da, u hali uzoq yillar ko’ngillar mulki bo’lib qolishi shubhasizdir.